17:43 / 23.07.2021
20277

Dunyo sportining katta vakili. Oksana Chusovitina qanday sport yo‘lini bosib o‘tgan?

Bugun, 23 iyul kuni Tokio-2020 olimpiadasining ochilish marosimi o‘tkazilmoqda. Turnir boshlanishi oldidan O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari safidan chiqarilgan bo‘lsa-da, Oksana Chusovitinaning ushbu turnirdagi ishtiroki o‘zbek sporti uchun katta voqelik bo‘ldi. To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi olimpiya o‘yinlarida 8-marta ishtirok etayotgan afsonaviy sportchi intervyularidan birida O‘zbekiston uchun medal yutishni orzu qilishini aytgandi.

Foto: Tribuna.uz

Bayroqdorlar oxirgi kunda o‘zgartirildi

Tokio-2020 olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobousmon Baturov bo‘lishi haqida xabar qilingan edi. Biroq ochilish marosimidan oldin bayroqdorlar o‘zgargani, Chusovitina va Baturov o‘rniga bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova tanlangani ma'lum qilindi.

Bahodir Jalolov va Nigora Tursunqulova

46 yoshli gimnastikachi «Sputnik» nashri bilan suhbatda bu qarorni kutmagani va bu borada unga hech qanday tushuntirish berilmagani haqida gapirgan. «Bilasizmi, bayroqdorlar nega almashtirilganini tushuntirishmadi, shunchaki bormasligimni aytishdi, bor gap shu. Ishtiyoqim so‘ndi, bunday qilish noto‘g‘ri. Shunchaki to‘g‘risini tushuntirishsa, hammamiz ham odam, tushunamiz», degan sportchi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston delegatsiyasining Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida bayroqdori o‘zgargani yuzasidan rasmiy bayonot berib, bu o‘zgarishni taqvim bilan izohladi.

«Ertadan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida hamyurtlarimiz o‘z ishtiroklarini boshlashadi. Avval MOQ tomonidan bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida bayroqdorlarimiz bokschi Bobousmon Baturov hamda sport gimnastikasi vakili Oksana Chusovitina bo‘lishi ma'lum qilingan edi. Reglamentga ko‘ra, sport gimnastikasi va boks bahslari 24 iyuldan boshlanadi. Oksana Chusovitina esa 25 iyul kuni saralash bosqichida qatnashadi. Shu boisdan Tokio-2020 shtabi va federatsiya rahbarlari bilan maslahatlashgan holda hamyurtlarimiz Oksana Chusovitina hamda Bobousmon Baturovni ortiqcha toliqtirmaslik maqsadida starti keyinroqqa to‘g‘ri keladigan boshqa nomdor vakillarimiz, bokschimiz Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova delegatsiyamiz bayroqdori bo‘ladigan bo‘ldi. Bu bo‘yicha yakuniy qaror 21 iyul kuni qabul qilindi.

Ochilish marosimida ishtirok etish katta vaqt oladi. Unda uzoq muddat tik oyoqda turish va shaharchaga kech qaytilishini inobatga olish zarur. Ma'lumot uchun, Nigora Tursunqulova 26 iyul kuni bahslarga kirishsa, Bahodir Jalolov 29 iyuldan o‘z ishtirokini boshlaydi. Shu bois ularning tiklanib olishi uchun vaqt nisbatan ko‘proq.

Hamyurtlarimizdan vaziyatni to‘g‘ri baholab, bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida terma jamoamiz vakillarini doimo qo‘llab-quvvatlab turishlarini so‘rab qolamiz», deyilgan rasmiy munosabatda.

Ko‘p o‘tmay sportchining o‘zi videomurojaat qilib, olimpiada o‘yinlari ochilish arafasida uni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha vatandoshlarga, muxlislariga murojaat qilib, minnatdorlik bildirdi va sportchi uchun tinchlik muhim ekanini aytdi.

«Aziz muxlislarim! Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga rahmat. Keling, kayfiyatni tushirmaymiz, bugun ochilish marosimi. Biz uni uzoq vaqt kutdik. Xursand bo‘lib hammani qo‘llab-quvvatlaylik. Tez orada musobaqalar boshlanadi va bizga yaxshi ishtirok uchun xotirjamlik kerak. Yana bir bor rahmat, hammangizni quchib qolaman, hammamizga omad», degan Chusovitina MOQ sahifalarida e'lon qilingan videomurojaatda.

Foto: Instagram

Oksana Chusovitina ayni damda germaniyalik murabbiy Diter Kox qo‘l ostida olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yuqorida Oksana Chusovitinaning ushbu olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi o‘zbek sporti uchun katta voqelik ekani bejiz ta'kidlanmadi. Oksana 4 yillikning eng nufuzli sport musobaqasida 8-marta qatnashmoqda. Bu bir insonning tug‘ilib, kamolga yetib, kuch-quvvatga to‘lganchalik vaqt va bu davr ichida hamisha yuqori formada bo‘lishgina emas, balki doim sovrindor bo‘lish chinakam afsonalarga xos natija.

Professional faoliyati davomida MDH birlashgan jamoasi, Germaniya va O‘zbekiston safida olimpiada va turli xalqaro turnirlarda ishtirok etgan Oksana Chusovitina 1992 yil MDH birlashgan jamoasi safida Barselona olimpiadasida chempion bo‘lgan. 2008 yil Pekin olimpiadasida Germaniya safida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Uch karra jahon va Yevropa chempioni, jahon chempionatining to‘rttadan kumush va bronza medallariga ega chiqqan.

Chusovitina ilk bor olimpiadada 1992 yil debyut qilgan va Barselona olimpiadasida sobiq ittifoq davlatlarining birlashgan jamoasi safida oltin medalni qo‘lga kiritgan. O‘shandan buyon hech bir olimpiya o‘yinlari Chusovitinasiz o‘tmayapti.

2008 yil Pekinda Germaniya nomidan musobaqalarda qatnashgan Chusovitina yana bir bor olimpiya shohsupasidan joy olib, kumush medalni qo‘lga kiritadi. U o‘sha kunlarni shunday xotirlaydi: «Nemis jamoasining bir qismi bo‘lsam-da, lekin har doim O‘zbekistonni vatanim deb bilganman. Men Germaniyadan minnatdorman, ular o‘g‘limni qutqarishga yordam berishdi, ularning gimnastika federatsiyasi bilan hamon yaxshi munosabatdaman. O‘g‘lim Alisher tuzalgach, men O‘zbekistonga qaytdim va ular meni tushunishdi».

Ha, Chusovitina farzandining salomatligini qutqarib qolish uchun Germaniya sharafini himoya qilishga majbur bo‘lgandi.

Oksana Chusovitina 2016 yilgi olimpiya o‘yinlarida qatnashishi bilan sport gimnastikasi tarixida o‘ziga xos yangi rekordni qayd etdi. U yettita olimpiadada qatnashgan yagona sportchi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Shuningdek, Rioda olimpiadalar tarixidagi eng yoshi katta gimnastikachiga aylandi.

Chusovitina Tokio olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, o‘z natijasini yangiladi. U bu natijaga Germaniyaning Shtutgart shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida erishdi.

Oksana Chusovitina intervyularidan birida Tokiodagi o‘yinlar o‘zining oxirgi olimpiadasi bo‘lishini ma'lum qilgan: «Bu mening so‘nggi olimpiadam bo‘ladi, katta sportni tark etaman. Men O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirishga yordam berib, qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», degandi sportchi.

O‘tgan yili Oksana Chusovitina 45 yoshga to‘lishi munosabati bilan dunyo sport jamoatchiligi unga tabriklar yo‘llab qutlagan, The Times Hub gazetasi saytida esa Chusovitinaga bag‘ishlangan maqola e'lon qilingan edi.

«Sobiq ittifoq vaqtida sovrinlar yutishni boshlagan Chusovitina 2018 yilda Osiyo o‘yinlarida ham sovrindor bo‘ldi», deyiladi «Doimo yosh gimnast. Tom Kruz bilan uchrashuvni kutayotgan Chusovitina 45 yoshda. Ammo u 8-olimpiya o‘yinlari tomon ketmoqda» sarlavhali maqolada.

Uning hozircha qo‘lga kiritgan oxirgi g‘alabasi 2021 yil iyun oyida Qatar poytaxti Doha shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha jahon kubogi bosqichidagi g‘olibligi bo‘lib turibdi. Sportchi tayanib sakrash yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top