Jahon | 11:37 / 23.07.2021
3185
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston va Qirg‘iziston munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi shartnomalar tuzadi

Yaqin kelajakda ikki tomonlama hamkorlikka oid to‘rtta hujjat imzolanishi kutilmoqda.

Tojikiston hukumati o‘z qarorlari bilan tegishli tuzilmalarga Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi hujjatlarni kelishish va imzolash bo‘yicha topshiriq berdi.

Xususan, ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida standartlashtirish, metrologiya, mahsulotning muvofiqligini baholash va akkreditatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzilishi kutilmoqda.

Bitim loyihasi matnida ushbu hujjat «iqtisodiy va savdo munosabatlaridagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga» qaratilganligi aytilgan.

Bundan tashqari, tomonlar pensiya ta'minoti va ijtimoiy sug‘urta sohasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma loyihasini kelishadi hamda imzolaydi.

Shuningdek, veterinariya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasi, ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o‘rtasida yoshlar siyosati sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum kelishuv va tasdiqlash bosqichida turibdi. 

Ushbu ikki tomonlama kelishuvlar tegishli tuzilmalar tomonidan ma'qullanganidan so‘ng, ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan imzolanadigan sana va joy aniqlangandan keyin tuzilishi kutilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar bahsli chegara hududlaridagi qurolli to‘qnashuvdan keyin yomonlashdi. Ro‘y bergan hodisa natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi va yuzlab odamlar turli darajada jarohat oldi. 

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, ikki tomonlama tojik-qirg‘iz munosabatlarining huquqiy bazasi 100dan ortiq hujjatdan iborat. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid