O‘zbekiston | 10:20 / 27.07.2021
3908
2 daqiqa o‘qiladi

35ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etiladi

“Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, 2021–2022 yillarda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 35ta Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. 

Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari hisoblanadi: 

  • qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish;
  • o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlarga gemodializ xizmatini ko‘rsatish.

Markazlarga:

  • hududlardagi aholi sonidan kelib chiqqan holda, shoshilinch tibbiy yordam va umumiy jarrohlik bo‘limlarining umumiy o‘rinlari soni doirasida 50tadan 60tagacha o‘rinlar ajratiladi;
  • hududiy sog‘liqni saqlash muassasalari shtat birliklari doirasida qo‘shimcha neyroxirurg, nevrolog, kardiolog, anesteziolog-reanimatolog va boshqa shtatlar kiritiladi.

2021–2023 yillarda bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta'minlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dasturni amalga oshirish uchun jami xarajatlar miqdori 264,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. 

Shuningdek, 2021/2022-o‘quv yilidan OTMda nefrologiya va gemodializ kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid