Jahon | 13:08 / 27.07.2021
5981
3 daqiqa o‘qiladi

Koreyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklardan ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilmaslik so‘raldi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Koreya Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qator tavsiyalar bilan chiqdi.

Ma'lum qilinishicha, keyingi paytlarda Koreya Respublikasi hududida COVID-19 infeksiyasiga chalinish holatlari rekord darajaga chiqib bormoqda.

Mamlakat bo‘ylab joriy etilgan 3- va 4-darajali himoyalanish tartibi mamlakat aholisi hamda xorijiy fuqarolar xavfsizligini ta'minlash maqsadida tashkil qilingan bo‘lib, unga rioya qilish mamlakatda bo‘lgan har bir shaxsning mas'uliyati hisoblanadi.

“Biroq mamlakat tomonidan qo‘llanilayotgan tartib-qoidalarga qaramasdan, pandemik holat yaxshi tomonga o‘zgarmayapti.

Bunga asosiy sabablardan biri o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmasdan odamlarning oshxonalarda, ko‘ngilochar joylarda, turli tadbirlarda ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilishida, deb qaralmoqda.

Shuningdek, odamlarning pandemik holat yomon bo‘lgan hududdan boshqa hududga borish va u yerdagilar bilan yaqin muloqotda bo‘lishi natijasida bu hududda ham kasallanishni ko‘payishiga olib kelmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, birgina joriy yilning iyul oyida mamlakat hududida bo‘lgan 43 nafar  O‘zbekiston fuqarolari (asosan migrant ishchilar) o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmaganliklari sababli COVID-19 infeksiyasiga chalingan.

O‘zbekistonning Koreyadagi  elchixonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan barcha fuqarolarga, ayniqsa, shartnoma asosida ishlayotgan migrant ishchilarga mamlakatda pandemik holatning oldini olish bo‘yicha o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat'iy rioya qilishni, dam olish va ta'til kunlari o‘zi va atrofidagilar xavfsizligini o‘ylab uyda qolishni, ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilmaslik hamda o‘ta zarur bo‘lmagan holatlarda bir hududdan ikkinchi hududga bormaslikni tavsiya etgan.

“Agarda sizda infeksiyaga chalinganlikni bildiruvchi belgilar paydo bo‘lganda zudlik bilan o‘zingizni yakkalang, boshqalar bilan aloqa qilmang va tezda tekshiruvdan o‘ting. O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi telefon raqami 02-577-3660”, deya yakunlangan ma'lumot.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid