Sport | 07:18 / 27.07.2021
41550
6 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020 kundaligi. Amerikaning jahli chiqdi, Xitoy yetakchilikni boy berdi, bayroqsiz va madhiyasiz Rossiya 5 ta oltin oldi

Tokio olimpiadasida navbatdagi o‘yin kuni yakunlandi. Uchinchi kun yakunlariga ko‘ra 51 jamoa medal qo‘lga kiritdi. 23 ta mamlakat sportchilariga oltin medal olish nasib etgan va ular orasida O‘zbekiston ham bor.

Xitoy birinchi emas

26 iyuldan keyin Xitoy olimpiyachilari yetakchilikni boy berdi. Olimpiada mezboni Yaponiya atletlari 8 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, birinchi o‘ringa ko‘tarilishdi. Yaponlarga sevimli sport turlari omad keltirmoqda. Mezbonlar dzyudoda uchta, skeytborddan ikkita oltin olishdi. 29 yoshida afsonaviy sportchilar ham havas qiladigan natijalarni qo‘lga kiritib bo‘lgan dzyudochi Syohey Ono bu gal ham chempion bo‘ldi. U Rio olimpiadasida ham oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Bu yigit hozirgacha 4 karra jahon chempioni bo‘lgan. Esingizda bo‘lsa, u 2012 yil Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionati finalida yengilgan.

Umumjamoa hisobida ikkinchi o‘ringa AQSh ko‘tarildi. Birinchi kunni medalsiz yakunlagan amerikaliklar keyingi ikki kunda 14 ta medalni «qalashtirib tashlashdi». Medallarning 8 tasini amerikaliklar o‘zlari uchun sevimli bo‘lgan suzishdan olishdi. Ulardan ikkitasi oltin. Uchta oltinni amerikaliklarga o‘q otish bahslari taqdim etdi. Hozircha delegatsiya uchun eng qadrli medalni taekvondochi Anastasiya Zolotich qo‘lga kiritdi. U 57 kg vazn toifasidagi bahslar finalida rossiyalik Tatyana Minina ustidan g‘alaba qozondi.

Bayroqsiz Rossiya 5 ta oltin oldi

Rossiyalik sportchilar o‘z bayrog‘i va madhiyasidan mahrum qilingan bo‘lsa-da, yomon ishtirok etishmayapti. Ruslar to‘rt kunda 14 ta medal olishdi. Taekvondo, o‘q otish, suzish qilichbozlikda bittadan oltin qo‘lga kiritildi. Eng zo‘r oltin gimnastika bahslariga to‘g‘ri keldi. Rossiyalik gimnastikachi yigitlar doimgidek top darajada ishtirok etib, jamoaviy bahslarda chempion bo‘lishdi. Oxirgi marta rus gimnastlari 1996 yil Atlanta olimpiadasida oltin olishgandi. Yangi kunni ham ruslar juda zo‘r boshlashdi. Rilov va Kolesnikov 100 metrga chalqancha suzishda oltin va kumush olishdi.

Ruslar jadvalda to‘rtinchi bo‘lib turishibdi. Uchinchi o‘rinda esa Xitoy. Hozirda Tokio maydonlarida eng ko‘p (18 ta) medal qo‘lga kiritgan xitoylik atletlar og‘ir atletikada eng yaxshi ekanlarini isbotlashda davom etishmoqda. Ular bu turda allaqachon uchta oltin olishdi. 55 kg vazn toifasidagi ayollar bahsida Li Kuiyun taktik kurashda filippinlik raqibiga mag‘lub bo‘lmaganda, Xitoyning shtangadagi oltinlari to‘rtta bo‘lardi. Yana bir omadsizlik suvga sho‘ng‘ishda kuzatildi. London va Rio olimpiadasi chempioni bo‘lgan Kau Yuan – Chen Aisen juftligi bu gal ikkinchi bo‘ldi. Oldingi ikki olimpiadada ularga mag‘lub bo‘lgan britaniyaliklar bu gal oltinni ilib ketishdi. Shuningdek, stol tennisidagi miks bahslarida mag‘lub bo‘lgan xitoylik atletlar ham muxlislarni hayron qoldirishdi. Chunki ularning ikkisi ham Rio chempionlari edi.

Rossiya erkaklar jamoasi sport gimnastikasi jamoviy bahslarida g‘olib bo‘ldi

Hali ko‘pchilik davlat ekanini bilmaydigan Kosova jamoasi allaqachon ikkinchi oltinni ham yutdi va shu sabab 8-o‘rinda bormoqda. Kosovaliklarning ikkinchi medali ham birinchisi kabi ayollar o‘rtasidagi dzyudo bahslariga to‘g‘ri keldi. Qo‘shnilarimiz Qozog‘iston esa allaqachon uchta medalni naqd qilib bo‘ldi – o‘rtacha kuniga bittadan medal. Ularning birinchi medali dzyudoga to‘g‘ri kelgandi, keyingi ikki medal og‘ir atletika bahslarida qo‘lga kiritildi. Barcha medallar bronza. O‘zbekiston otni qamchilamasa, o‘tgan safargi kabi O‘rta Osiyo chempioni bo‘lishi oson kechmaydi. Chunki biz kabi oltin olgan mamlakatlar soni tobora ko‘payib bormoqda.

Tokio o‘yinlarining uch kuni ortda qoldi hamki sensatsion tarzda germaniyalik atletlar hatto kumush medal olishmadi. Nemislarda suvga sakrash, kamondan otish va kanoeda qo‘lga kiritilgan uchta bronza bor xolos. Vaholanki Rioda Germaniya atletlari 42 ta medal olishgan. Shundan 17 tasi oltin bo‘lgan. Darvoqe, Rio bilan solishtirganda Yaponiya keskin o‘sishga erishdi. Yaponlar Braziliyada butun olimpiada davomida 12 ta oltin olgan. O‘z maydonlarida esa ular allaqachon uch kunda 8 ta oltin olishdi. Hatto 13 yoshli yapon bolalar ham oltin yutib yuribdi. Kosova ham allaqachon Riodagi natijasini yaxshiladi. Braziliyada Kosova faqat bitta medal olgan. Ha, ayollar dzyudo bahslarida oltin.

Olimpiada endi qiziqarli bo‘lib boraveradi. Jamoaviy bahslar qiziydi, medallar soni ko‘payadi. Asosiysi, O‘zbekistonda asosiy medalga da'vogar atletlar chiqishini boshlaydi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid