Jahon | 09:10 / 29.07.2021
11006
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ommaviy mushtlashuvlarda qatnashgan migrantlar mamlakatdan chiqarib yuboriladi

Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli ogohlantirish e'lon qilindi.

Foto: TASS

Rossiya hududida ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etadigan chet elliklar mamlakat hududidan chiqarib yuboriladi va davlatga qaytib kirishi taqiqlanadi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi saytida bu haqda ogohlantirish joylashtirilgan. 

«So‘nggi paytlarda chet el fuqarolari ishtirokidagi to‘qnashuvlar soni ko‘payib bormoqda, shu bilan birga, ularning ba'zilari ommaviy ko‘rinish oldi. To‘qnashuvlar Rossiya Federatsiyasining bir qator tarkibiy tuzilmalarida: Amur, Moskva va Sverdlovsk oblastlarida, Dog‘iston Respublikasi, Moskva va Sankt-Peterburgda kuzatildi», deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, chet el fuqarolarining noqonuniy faoliyati fuqarolar hayoti va xavfsizligiga tahdid soluvchi zo‘ravonlik harakatlari bilan bir qatorda, davlat xizmatchilariga qarshi kuch ishlatish, davlat hokimiyati organlari faoliyati va transport harakatiga to‘sqinlik qilish holatlari bilan kuzatildi.

«Xorijiy fuqarolarga nisbatan sud idoralari ma'muriy javobgarlikka tortish va 15 kunlik muddatga ma'muriy hibsga olish tarzida jazo tayinlash to‘g‘risida qaror chiqardi. Qilingan xatti-harakatlar jamoatchilik uchun xavf keltirganini hisobga olgan holda, ushbu xorijiy fuqarolarning Rossiyaga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. Agar ular Rossiya Federatsiyasi hududidan mustaqil ravishda chiqib ketmasa, unda deportatsiya qilish choralari ko‘riladi», deyiladi xabarda. 

Shu bilan birga, Rossiya Ichki ishlar vazirligi fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun mamlakat qonunchiligida ko‘zda tutilgan barcha choralar jamoat tartibi hamda xavfsizligini buzadigan harakatlarning oldini olish uchun qilingani va qilinishini ta'kidlagan.

«Huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etgan chet el fuqarolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi», deyiladi ma'lumotda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid