Jamiyat | 16:24 / 31.07.2021
78444
15 daqiqa o‘qiladi

«Azobli yillarim uchun hech kimni ayblamayman, faqat shukr qilaman» - hayot sinovlarida sinmagan ayol hikoyasi 

18 yoshida o‘zi istamagan insonga turmushga chiqqan, farzandlarini deb Rossiya, Turkiyada muhojirlikda umrini o‘tkazgan samarqandlik ayol taqdiri – “Hayotiy hikoyalar” ruknida.

Illyustrativ foto

Yoshim 41da. Samarqand viloyatidanman. 18 yoshimda o‘zim istamagan insonga turmushga chiqdim. Erim menga ochiqchasiga xiyonat qilardi. Ko‘z yumardim. Oilam but bo‘lsin, deb savdogarlik qildim. Uyning ham erkagi, ham ayoli edim. Ayollik vazifasini ham unutmadim. Shunda ham tahqirlandim, zo‘rlandim. Bolalarim kelajagi uchun Rossiya, Turkiyada muhojirlikda umrimni o‘tkazdim. Boshimdan o‘tganlari uchun hech kimni ayblamayman. Bu menga berilgan sinov...

Uyda Qurbon hayitini o‘tkazib, Toshkentga qarab yo‘l oldim. Avtobusda bir ayol bilan hamroh bo‘ldik va suhbatlashib ketdik. Boshidan o‘tganlarini eshitib, o‘zimda g‘alati hissiyot o‘tdi: meni qiynayotgan kundalik muammolar bu ayol boshidan o‘tkazganlari oldida somon uyumi ichidagi bir cho‘pday edi. Noshukrlik qilib qo‘ydim, deb o‘zimni aybladim.

Ayol o‘z taqdiri haqida gapira turib, boshqalardan farqli o‘laroq kimnidir aybdor qilmadi, nima bo‘lgandayam barchasi uchun Allohga shukr qilaman, bundan battari bo‘lishi mumkin edi, degan gaplari juda ta'sirlantirdi. Ajabmas, qahramonimning qismati kimlar uchundir xulosa qilishga, balki to‘g‘ri yo‘l tanlashga turtki bo‘lsa.

“Otamning gapini ikki qilolmadim”

18 yoshimda uzoqroq qarindoshimga turmushga chiqdim. Dadam qarindoshimizga va'da berib qo‘ygani, o‘rtada qarindoshlik munosabatlari mustahkamlanishi uchun unga turmushga chiqdim.

Bundan avval bir yigit bilan ahd-u paymon qilgandik. Uyimizga bir necha marta sovchi jo‘natdi, ko‘p harakat qildi, otam ko‘nmadi, chunki qarindoshimizga lafz qilgandi. Onam u yigitni sevishimni bilardi. Otamga na men, na onam gap o‘tkaza olardik. Dadam qat'iy javobini aytgach, sevgimdan voz kechib, noiloj rozi bo‘ldim.

“Erim o‘z uyimda menga xiyonat qildi”

Turmush qurishimizga otamdan boshqa hamma qarshi chiqqandi. Chunki erim o‘ziga to‘q oilaning erka farzandi edi, kenja farzand bo‘lgani uchun aytganini qildiradigan, dunyoqarashi juda tor, yengil-yelpi hayotni yaxshi ko‘rardi. Maishatbozlik, “tungi kapalaklar” jon-u dili edi. To‘ydan oldin o‘zim eshitgandim. Uylangach, hammasi yaxshi bo‘lib ketar, deb o‘ylagandim.

1998 yilda turmush qurdik. O‘sha paytlardagi eng dabdabali to‘ylardan biri bo‘ldi. Bir yil xotirjam yashadik, keyin qiz farzandli bo‘ldim. Ovsinim, qaynakam, qaynona-qaynotalar bilan bir hovlida yashardik. Qaynakam to‘ylarga chiqib, sozandalik qilardi. Erim akasiga yordam berib, to‘ylarga chiqib yurardi.

Erim uyga kech qaytardi. Nima ish qilib yurishini bilardim. Ko‘rib ko‘rmaganlikka olib yuraverdim. Uydagilarimga bu haqda biron marta aytib bormaganman. To‘lib ketganimda onamga aytardim, “Sabr qil, qizim”, deb ovuntirardi. Oilamizda shunday tarbiya ko‘rgandikki, uydagi gapni ko‘chaga olib chiqmasdik. Shu sababli erim qancha urishsa, ursa, xo‘rlasa, hech kimga bildirmaganman.

Bir kuni erim to‘yga ketdi. To‘yni o‘tkazib, uyga bir qiz bilan kirib keldi. Uyiga borishga kech bo‘lganini bahona qilib, raqqosa qiz bir kecha biznikida tunadi. Uni hurmatini joyiga qo‘yib, kutib oldim. Alohida xonaga joy ham solib berdim. Qizim hali beshikdagi chaqaloq edi. Kechasi uyg‘onib ketdi, ovqatini beraman, deb tursam, erim oldimda yo‘q.

Bilib turibman, erim o‘sha qizning oldida ekanini. Kirsam, janjal chiqishidan qo‘rqdim. O‘z uyimda erim menga xiyonat qilayotganini bila turib, ko‘z yumdim. Ertasi kuniyam erimga hech nima demaganman. U ham hech nimani bilmagandek yuraverdi.

“Bolalarim kelajagi uchun o‘zimni o‘tga-cho‘g‘ga urardim”

Erimning topish-tutishi yaxshi edi, lekin undan hech narsa so‘ramasdim. Uyga nimadir olib keling, deb aytish o‘rniga ro‘zg‘orni o‘zim butlardim. Savdogarlik qonimda bor ekanmi, shu kasbning boshini tutdim. Toshkentdan mayda-chuyda narsalar olib kelib sotardim. Avval erim, qizim va o‘g‘limga kerakli kiyimlarni olib, keyin sotiladigan buyumlarni olardim. Uyning kam-ko‘stini to‘ldirish, erim va bolalarimning ehtiyojlarini qondirishni birinchi navbatdagi vazifam, deb bilardim.

Kechasi soat 2-3 larda ayol boshim bilan qop orqalab uyga charchab kelardim. Shunday paytlarda erim biron marta hol-ahvol so‘ramagan.  

Erimga qo‘ng‘iroq qilib, Toshkentga ketyapman, bolalarga qarab turing, deb aytsam, mayli, o‘zing borib kelaver, men uydaman, deb meni aldardi. Bir kuni savdogar ayollar bilan birgalashib avtobusda Toshkentga ketayotganda oldimizda turgan bir mashinada erim begona ayol bilan quchoqlashib o‘tirganini ko‘rib qoldim. O‘sha paytda tanishlarim oldida qanaqa ahvolga tushganimni o‘zim va Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Avtobusdan tushib, janjal ko‘tarish haqida o‘yladim.

Shu payt oldimdagi savdogar dugonam hozir hammaning e'tiborini tortib, bilmaganlarga bildirib, el oldida sharmanda bo‘lmagin, hammasi yaxshi bo‘ladi, dedi. Chidagin, u ko‘chadagi fohisha, sen esa uydagi ayolisan, deb meni shashtimdan qaytardi. Uyga borib erimga bo‘lgan ishlarni aytsam ham tan olmadi. Bunaqa holatlar juda ko‘p bo‘lgan.

“Sotuvchilar eringiz yo‘qmi, deb so‘rashardi”

Qaynona-qaynotamning uyidan alohida bo‘lish uchun o‘zimizga uy qurdik. Qurilishga nima kerak bo‘lsa, barchasi uchun o‘zim yelib-yugurdim. Qurilish materiallari sotib olish uchun bozorga borsam, savdogarlar eringiz yo‘qmi, deb so‘rardi. Ularga bahona qilib, erimning tobi yo‘q, derdim.

Savdogarlikdan topgan daromadimni qurilishga sarfladim. Erim hech qachon mana bu pulni ishlat, deb aytmagan. Topganini ko‘chaga sarflardi, men ham puli qayerga ketganini so‘ramasdim. Uyda biror kun ishlatishga kerak bo‘ladi, deb pul saqlanmasdi. Erim qizlar bilan aysh-ishrat qilib yurganida, hali savdoga o‘zimni urib, hali ustalarning osh-ovqatiga qarab yurardim.

“Erim to‘shakka mixlanganda tilla taqinchoqlarim, mebellarni sotdim”

Oradan biroz vaqt o‘tgach, erimning beli, oyog‘i og‘riydigan bo‘lib qoldi. Kechalari uxlamasdi, uqalab chiqardim. Shifokorga borganimizda, revmatizm, radikulit tashxisi qo‘yildi. Turli shifokorlarga bordik, noto‘g‘ri davolanish ham bo‘lganini aytishdi.

Bir oyog‘i ishlamay qoldi. Keyin Samarqand shahriga shifoxonaga bordik. U yerda orqa miya saratoni tashxisi qo‘yildi. Turmush o‘rtog‘im bolaligida yiqilib tushganida, lat yegan ekan. Unchalik e'tibor bermaganligi tufayli kasallik yillar davomida rivojlangan. Bir hafta operatsiyaga tayyorlashdi, ikki oy shifoxonada qolib davolandi.

Tilla taqinchoqlarim, mebellarimni sotib, erimning operatsiyasi uchun sarfladim. Begonaga emas, erimning opasi, jiyaniga sotganman. Yaxshi kunlarimga ishlataman, deb niyat qilib olgan uzuklarimni haligacha ularning qo‘lida ko‘raman. Erimning yaqinlari ham oz bo‘lsa-da yordam berishdi. Qaynakam qon berdi, qaynotam uydagi sigirni sotib, bizni ko‘rishga kelganlarga go‘sht tarqatdi.

Ikki oy uyqumda halovat bo‘lmadi. Erimning oldidan siljimay qaradim. Ikki oy davolangach, erimni operatsiya qilishdi. Operatsiyadan keyin ham ma'lum muddat shifoxonada qoldik.  

“Er kishi qiladigan ishni ayol o‘z zimmasiga olishi kerak emas ekan”

Uyga javob berishdi. Bir yil umuman o‘tirish mumkinmas, deyishdi. Uyda ham qaradim. Og‘ir mehnat qo‘lidan kelmagani uchun o‘tirib ishlaydigan ish qidira boshladi. Keyin elektr tarmoqlari korxonasiga yozuv-chizuv ishlarini qiladigan ishga kirdi. Oyligi yaxshi edi.

Erim pul topyapti, deb uyda o‘tirsam bo‘lardi. Lekin yana savdogarlik qila boshladim. Chunki o‘zi tabiatan kimgadir muhtoj bo‘lishni istamasdim. Hamma yukni o‘z bo‘ynimga olishim kerak, deb yanglish o‘ylaganman. Hozir o‘ylasam, eng katta xatom shu bo‘lgan ekan.  

Erim ro‘zg‘orning kam-ko‘stlari haqida so‘ramasdi. Aybim shuki, bular haqida erimga aytmaganman. Savdoga chiqqanimda uyga kerakli narsalarni o‘zim uyga olib kelib qo‘yardim. Uyda go‘sht yoki boshqa masalliq yo‘qligini, kelishida olib kelishini aytmasdim. Do‘konga chiqib o‘zim olib kelib, erim kelishiga ovqatni tayyorlab qo‘yardim. Erimning ko‘nglini olish maqsadida chidardim injiqliklariga. Aslida, hammasini tayyorlab qo‘yganim uchun ham qadrsizga aylandim.

Savdogarlikdan topgan pulimni uyda saqlardim. Pulim yo‘qola boshladi. Kimdan shubhalanishni bilmasdim. Qarzga kirib ketaverganim uchun savdogarlikni tashladim. Keyin o‘zimni pishiriq savdosiga “urdim”. Tonggacha pishiriq tayyorlab, bozorga olib chiqib sotardim.  

“Erim zinadan itarib yubordi”

Erimning son-sanoqsiz xiyonatlari meni adoyi tamom qildi. Ko‘chada ko‘pchilikdan eshitardim. Kimdan farzandli bo‘lgani noma'lum bir yengiltak qizga ilakishib qoldi. Bu holatgayam doimgiday ko‘z yumdim. Erim fohisha ayollar bilan qilgan ishlarini men bilan qilishni talab qilardi. Xo‘rligim kelardi. “Men sizning ayolingizman, ko‘chadagi yengiltak qizlaringiz emasman”, desam, sen mening qonuniy xotinimsan, haqqim bor hammasiga, derdi. Xo‘rlik-u zo‘rlikka chidolmasdan o‘zimni o‘ldirishga ham urindim.

Bir kuni erimning tug‘ilgan kunini bir restoranda o‘tkazdik. Hamma qarindoshlar yig‘ildi. Ziyofat o‘rtasida ko‘rinishidan yengiltabiat ikki qiz kirib keldi. Ziyofat oxirlab hamma keta boshladi. Faqat erkaklar qoldi. Men qolgan-qutganlarni yig‘ib, uyga tashlab kelish uchun ketdim. Qaytib kelsam, erim o‘sha qizlardan biri bilan valsga tushayotgan ekan.

Tabiiyki, jahlim chiqdi. O‘rtada katta janjal bo‘ldi. Erim meni hammaning oldida haqoratladi. Keyin qo‘limni siltab yubordi, muvozanatni yo‘qotib, zinadan yiqilib tushdim. Boshimdan jarohat olganim uchun o‘shandan keyin boshim tez-tez og‘riydigan bo‘ldi. Hammasidan charchaganimdan ota uyimga ketib qoldim. Meni so‘rab kelmadi.

Bir kuni jiyanini jo‘natibdi. Uyda ustalar ishlayapti, ovqat qilish uchun tez kelsin, deb ayttirib yuboribdi. Bormasligimni aytdim. Birozdan keyin o‘zi kirib keldi. Uyda kelinimdan boshqa hech kim yo‘q edi. Boshimni betonga urib ketdi. Qattiq zarba yedim. Tez yordam chaqirdik. Akam qaytib borishimni talab qildi. Bordim. Yana o‘sha ahvol. Opamga telefon qilib, mendan talab qilayotganlarini aytib berdim. Opam keldi, akamgayam tushuntirdi. Ikki bolamni olib, chiqib ketdik.

“Rossiyaga ishlashga ketdim”

Ota uyimda biroz muddat yashadim. Uyda o‘tirish, uydagilarning qo‘liga qarab turishga vijdonim chidamadi. 2011 yil edi. Xudoga tavakkal qildim-da, bolalarimni olib Toshkentga bordim. Qibrayda singlimning bo‘sh turgan uyiga joylashdik. O‘g‘limni o‘qishga, singlimni o‘quv-markaziga joylashtirdim. O‘zim shim tikadigan sexda ishladim. Olti-yetti oy ishlagach, rahbarimiz Rossiyadagi korxonaning filialiga ishchi kerakligini aytdi. Ketishga qaror qildim. Bolalarimni opamnikiga tashlab, 2013 yilda Rossiyaga uchib ketdim.

Turklar ochgan firma ekan. Turk tilini bilganim uchun tarjimonlik qildim. Dam olish kunlari bo‘sh o‘tirmaslik uchun turk rahbarimizning uyiga borib, tozalash ishlarini qilardim. Turk oilasiga ishim ma'qul keldi, shu sababli meni juda hurmat qilishardi, yordam berishardi. Rossiyada dollar qiymati oshib ketganidan keyin turklar firmasini yopib, Turkiyaga qaytib ketishdi. Men ham O‘zbekistonga qaytdim. Oradan 10 kun o‘tib, firma rahbarining ayoli telefon qilib, bolasiga enagalik qilishim uchun Turkiyaga taklif qildi. U yerda 4 yildan ortiq turklarning farzandiga qaradim.  

“Bolalarim oldida aybdorman”

Shuncha yillarim muhojirlikda o‘tgan bo‘lsa, topgan daromadimni bolalarimga kiyim-kechak, kerakli buyumlarni olishga sarfladim. Bolalarim oldida o‘zimni aybdor, deb bilardim. Chunki ularning bolaligi ota-onasiz o‘tdi, eng shirin damlarni hadya qilolmadim, deb ich-etimni tirnayman. Ortiqcha pul yig‘ib qo‘yishni o‘ylamagan ekanman. Yaqinlarim qarz so‘rasa, berib yuboraverganman. Hozir ko‘chada 13-14 ming dollar pulim bor, hali ololganim yo‘q.

Turkiyada to‘rt yil ishlaganimdan keyin O‘zbekistonga qaytib keldim. Biroz muddat o‘tib, Rossiyaga ishlashga ketdim. Qizimni ham chaqirdim, birga Moskvada ishladik. Ertalab tong saharda kirib, kechki payt ishdan chiqardik. Yigirmatadan ko‘proq xonani bo‘lishvolib, qizim ikkimiz tozalab chiqardik. Ikki yil ishlab, O‘zbekistonga qaytdik. Karantin boshlanganidan beri shu yerda qolib ketdim.

Hozir qizim bilan Toshkentda ijara uyda yashaymiz. Birga tikuv sexida ishlaymiz. Topganimiz ijara puli, yeb-ichishga zo‘rg‘a yetib turibdi. O‘g‘lim dadasi bilan Samarqandda o‘z uyimizda yashaydi. Erim bu orada boshqa ayolga uylandi, undan bir qizi bor. U erim bilan o‘sha uyda yashayapti.  

Qizim Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirdi. Lekin imkoniyatim bo‘lmagani uchun ta'til olishga majbur bo‘ldik.  

Umrimiz shu tariqa o‘tyapti. Boshimdan o‘tganlari uchun hech kimni ayblamayman. Bundan ham battari bo‘lishi mumkin edi-ku, deb o‘zimni ovutaman. Barchasiga shukr qilib yashayapman.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.

Mavzuga oid