Sport | 08:15 / 31.07.2021
31988
7 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020. Xitoy yaqqol peshqadam, rossiyalik sportchilar atrofida navbatdagi mojaro, Jokovich yana oltin ololmaydigan bo‘ldi

Tokio olimpiadasida navbatdagi kun o‘yinlari ham yakunlandi. 30 iyul kungi bahslardan keyin Xitoy medallar jamg‘armasida yetakchilik qilyapti. Chinliklar hisobida 19 ta oltin 10 ta kumush va 11 ta bronza bor. Mezbon Yaponiya 17 ta oltin bilan ikkinchi, 31 iyul tongdan yana ikkita oltin olgan AQSh 16 ta chempionlik bilan uchinchi bo‘lib turibdi. 30 iyul kungi bahslarda suzish musobaqalari Avstraliyaga ham yana bir oltin keltirdi. Natijada avstraliyaliklar oltinlar soni bo‘yicha ruslarga yetib olishdi.

Rilov ikki karra chempion. Yana rus sportchilar atrofida mojaro

30 iyul kungi bahslarda AQSh birorta oltin olmagan va kunni atigi uchta medal bilan yakunlagandi. Kechagi tong rossiyalik sportchilar uchun omadli kechdi. Chalqancha uslubda 100 metrga suzishda chempion bo‘lgan Yevgeniy Rilov 200 metrda ham eng yaxshi ekanini ko‘rsatdi. Shuningdek, o‘q otishda Vitalina Batsarashkina ham oltin oldi. Rilov chalqancha suzishda ancha yillardan buyon reyting yetakchisi edi va shu sabab uning g‘alabasini mantiqiy deb qarash mumkin. Biroq bu uslubda 100 metrga suzishda jahon va olimpiada rekordchisi hisoblangan amerikalik Rayan Myorfi taqdirlash marosimidan keyin g‘alati gaplarni aytdi. U go‘yoki «toza bo‘lmagan» raqibga qarshi kurashganini iddao qildi. Buni rossiyalik sportchining doping iste'mol qilganiga ishora deb tushunildi. Ammo sportchilar instagramda o‘zaro yozishishdi va Myorfi gaplari xato tarjima qilinganini aytdi. Ikki yulduz ham kelishib olishdi.

Shu tariqa Yevgeniy Rilov ikki karra olimpiada chempioniga aylandi. U 200 metrga chalqancha suzishda olimpiada rekordini o‘rnatgani ham muhim. Vitalina Batsarashkinaga ham ikki karra chempion degan nom nasib etdi. U o‘yinlarda Rossiyaning birinchi va hozircha oxirgi oltinini o‘q otish bahslarida qo‘lga kiritgan. Sportchining aytishicha, Tokioga kelishdan avval shohsupaga chiqishini tasavvur ham qilmagan.

Britaniya ham hozirga kelib ikkita jiddiy musobaqada yenggach, ahvolini yaxshilab oldi. Triatlon va beshkurashda britaniyaliklar ikkita oltinni qo‘lga kiritishdi. Mutaxassislar bunday bahslardagi g‘alabalarni bir nechta oltinga teng deyishadi. Chunki sportchilar bir qancha sport turlarida qatnashishga majbur bo‘lishadi. Shuningdek, erkaklar o‘rtasidagi suzish estafetasida ham oltin britaniyaliklarga nasib etdi.

Jokovich yana oltin ololmaydigan bo‘ldi

Jahon tennisi qiroli bo‘lib turgan serbiyalik Novak Jokovich uchinchi urinishda ham olimpiada chempioni nomini qo‘lga kirita olmaydigan bo‘ldi. U 2008 yil Pekinda bronza olgandi. Keyinchalik Londonda Jokovich mezbon Marreyga yarimfinalda yengilgach, 3-o‘rin uchun o‘yinga chiqmaydi va Xuan-Martin del Potro osongina bronza medaliga ega chiqadi. 2016 yil esa argentinalik tennischi Jokovichni birinchi bosqichdayoq tushirib yuboradi. Nihoyat jahon tennisida tengsiz bo‘lib turgan 2021 yilda unga omad keladi deb kutishgandi, lekin Tokioda ham Novak oltin yutolmaydigan bo‘ldi.

Yakkalik bahslarida germaniyalik Aleksandr Zverev serbni yarimfinalda mag‘lub etdi. Endi u yakkalikda bronza uchun kurashadi. Miks juftlikda ham Jokovich yarimfinalda imkoniyatni boy berdi. U rossiyalik amaldagi olimpiada chempioni Yelene Vesnina boshchiligidagi juftlikka mag‘lub bo‘ldi. Endi miksda ham Jokovich bronza uchun kurashadi.

Yengil atletikada ham bahslar, medallar o‘ynalishi boshlandi. 10 ming metrga yugurishda kim g‘olib bo‘ldi deb o‘ylaysiz? Tabiiyki Efiopiya jamoasi a'zosi. Keyingi o‘rinlarda ugandalik sportchilar qayd etilishdi. Eshkak eshishda doimgi jamoalar oltin medallarni qo‘lga kiritishyapti: Yangi Zelandiya, Chexiya, Kanada. Velosportda esa niderlandiyaliklar g‘alaba qozonishda davom etishyapti.

Quyida 30 iyul kuni o‘ynalgan barcha medallar bilan tanishishingiz mumkin:

To‘pponchadan otish. Ayollar. 25 metr

1. Vitalina Batsarashkina (Rossiya);

2. Kim Min Jon (Janubiy Koreya);

3. Syao Tszyajuysyuan (Xitoy).

Suzish. 200 metrga chalqancha suzish. Erkaklar

1. Yevgeniy Rilov (Rossiya);

2. Rayan Myorfi (AQSh);

3. Lyuk Grinbank (Buyuk Britaniya).

Kamondan o‘q otish. Ayollar

1. An San (Janubiy Koreya);

2. Yelena Osipova (Rossiya);

3. Lyuchilla Boari (Italiya).

Akademik eshkak eshish. Ayollar, yakkalik

1. Emma Tvigg (Yangi Zelandiya);

2. Anna Prakaten (Rossiya);

3. Magdalena Lobnig (Avstriya).

Dzyudo. Erkaklar. +100kg

1. Lukash Krpalek (Chexiya);

2. Guram Tushishvili (Gruziya);

3. Tamerlan Bashayev (Rossiya);

3. Teddi Riner (Fransiya).

Qilichbozlik. Erkaklar. Jamoaviy shpaga

1. Yaponiya;

2. Rossiya;

3. Janubiy Koreya

Suzish. Ayollar, 200 metrga brass

1. Tatyana Shonmaker (JAR);

2. Lilli King (AQSh);

3. Enni Lezor (AQSh).

Ayollar, 100 metrga erkin suzish

1. Emma Makkeon (Avstraliya);

2. Shivon Xoui (Honkong);

3. Keyt Kempbell (Avstraliya).

Erkaklar, 200 metrga kompleks suzish

1. Shun Van (Xitoy);

2. Dankan Skott (Buyuk Britaniya);

3. Jyeremi Deplansh (Shveytsariya).

Akademik eshkak eshish. Erkaklar, yakkalik

1. Stefanos Duskos (Gretsiya);

2. Ketil Borsh (Norvegiya);

3. Damir Martin (Xorvatiya).

Ayollar, sakkizlik

1. Kanada;

2. Yangi Zelandiya;

3. Xitoy.

Erkaklar, sakkizlik

1. Yangi Zelandiya;

2. Germaniya;

3. Buyuk Britaniya.

Velosport. Erkaklar

1. Nik Kimmann (Niderlandiya);

2. Ke Uayt (Buyuk Britaniya);

3. Karlos Yyepes (Kolumbiya).

Ayollar

1. Betani Shriver (Buyuk Britaniya);

2. Mariana Paxon (Kolumbiya);

3. Merel Smyulders (Niderlandiya).

Batutda sakrash. Ayollar

1. Ju Syuein (Xitoy);

2. Lyu Linlin (Xitoy);

3. Bruni Peyjd (Buyuk Britaniya).

Badminton. Aralash juftlik

1. Xuan Dunpin – Van Ilyuy (Xitoy);

2. Chjen Sivey – Xuan Yatsion (Xitoy);

3. Yuta Vatanabe – Arisa Xigasino (Yaponiya).

Slalom. Erkaklar. Baydarkada yakkalik

1. Irji Prskavets (Chexiya) – 91,63;

2. Yakub Grigar (Slovakiya) – 94,85;

3. Xannes Aygner (Germaniya) – 97,11.

Dzyudo. Ayollar. +78 kg

1. Akira Sone (Yaponiya);

2. Idalis Ortis (Kuba);

3. Irina Kindzerskaya (Ozarboyjon);

3. Romana Diko (Fransiya).

Yengil atletika. Erkaklar. 10 ming metrga yugurish

1. Selemon Barega (Efiopiya) – 27.43,22;

2. Joshua Cheptegei (Uganda) – 27.43,63;

3. Jyeykob Kiplimo (Uganda) – 27.43,88.

Stol tennisi. Erkaklar

1. Ma Lun (Xitoy);

2. Fan Chjendun (Xitoy);

3. Dmitriy Ovcharov (Germaniya).

Yettinchi kungi bahslarni ham o‘zbekistonlik sportchilar medalsiz yakunlashdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi bir oltin va bir bronza olgan holda umumiy reytingda Estoniya va Irlandiya bilan 31-33-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid