09:25 / 02.08.2021
4785

“O‘zbekneftgaz”: Tizimda davlat xaridlarining ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilishi to‘liq ta'minlanmoqda

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash borasida, Xaridlar departamenti tomonidan tizimda xaridlarning shaffofligini ta'minlash va sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan xaridlar bo‘yicha e'lonlar, barcha kerakli ma'lumotlar va natijalar bir vaqtning o‘zida bir nechta maxsus axborot portalida, ya'ni yexarid.uzex.uz, tenderweek.com hamda Jamiyatning rasmiy sayti ung.uz’da muntazam ravishda joylashtirib borilmoqda.

Joriy yilda amalga oshirilgan xaridlar natijasida ishlab chiqarish uzluksizligini ta'minlash maqsadida, quduqlarni burg‘ilash va kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun (respublikada ishlab chiqarilmaydigan) dunyoning ilg‘or ishlab chiqaruvchi zavodlari bilan 50,0 ming tonnaga yaqin mustahkamlovchi metall quvurlar, 1 320,0 dona burg‘ilash dolotalari, 10,0 ming tonnadan ortiq choksiz quvurlar, 100 donadan ortiq quduq ustki jihozlari (fontannaya armatura) yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi.

Bugungi kunga qadar mustahkamlovchi metall quvurlarning qariyb 20,0 ming tonnasi, burg‘ilash dolotalarining 600,0 donasi, choksiz quvurlarning 3,5 ming tonnasi va quduq ustki jihozlarining 60,0 donadan ortig‘i ishlab chiqarish obektlariga yetkazib berilib, qolgan qismi bo‘yicha ishlab chiqarish va logistika ishlari davom etmoqda.

Yuqoridagi xaridlarda yetkazib beruvchi korxonalar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida qariyb 8,0 mln AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha chegirmalar (skidka) olinib, Jamiyatning valuta mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishildi. Mazkur ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 30% dan ko‘proqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, xaridlar birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan holda yagona elektron kooperatsion portali orqali amalga oshiriladi.

Mazkur portal orqali joriy yilning 1 iyul holatiga 1 527ta qiymati 238,5 mlrd so‘mlik shartnomalar rasmiylashtirilgan.

2021 yil 23 iyuldan boshlab kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘RQ–684-son Qonunida belgilangan asosiy prinsiplar – davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati, asoslanganlik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorlik va samaradorlik, tortishuv va xolislik, davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi talablardan chiqmagan holda xarid jarayonlari tashkil qilinmoqda.

Xususan, xarid jarayonlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish hamda ularda inson omili ta'siriga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida xaridlarni elektron shaklda o‘tkazish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Qonunga muvofiq, umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 25 000 baravarigacha bo‘lgan xaridlar elektron shaklda, ya'ni yagona elektron kooperatsion portal, elektron do‘kon yoki boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion savdolari orqali o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, ilgari tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 5 000 baravari miqdoridan oshgan hollarda, xaridga doir texnik topshiriqlar kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga kiritilgan bo‘lsa, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 iyuldagi “Davlat xaridlari shaffofligini ta'minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5171-sonli qaroriga asosan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 25 000 baravari miqdoridan oshgan hollarda, xaridga doir texnik topshiriqlar va tender hujjatlari kompleks ekspertizadan o‘tkazilmoqda.

Bu esa o‘z navbatida Jamiyat xarid tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning joriy ishlab chiqarish faoliyati uzluksiz amalga oshirilishini ta'minlashga yo‘l ochdi.

Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tashabbusi bilan tovar-moddiy resurslar (TMR) aylanmasini nazorat qilish, tovarlar takroriy sotib olinishining oldini olish, transport logistikasini avtomatlashtirish hamda omborlarda mavjud bo‘lgan TMRlardan unumli foydalanish maqsadida, TMR zaxiralarni boshqarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan 1S ombor tizimi joriy qilindi.

Natijada, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxona, tashkilot va boshqarmalar omborxonalarida mavjud bo‘lgan tovar-moddiy resurslar hisobini yuritishning markazlashgan onlayn tizimi ishga tushirildi. Misol uchun, avvallari omborlarda TMRlar zaxirasini aniqlashga 3-4 kun vaqt sarflangan bo‘lsa, hozirda avtomatlashtirish natijasida mazkur ishni amalga oshirish uchun bor-yo‘g‘i 10-15 daqiqa talab etiladi.

Shuningdek, omborlarda TMRlar zaxirasi hisobi nafaqat kompyuterlarda, balki inson omili minimallashtirilib, mobil qurilmalar yordamida masofadan turib ham boshqarish orqali shaffoflikka erishildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 
Top