18:19 / 03.08.2021
17899

Sanoat va qishloq xo‘jaligidagi ishlar hajmi bo‘yicha ortda qolayotgan hududlar ma'lum qilindi

O‘zbekistonda yilning birinchi yarmida hududiy investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilgan loyihalar prognozga nisbatan 2,5 barobar ko‘p bo‘ldi (yoki 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan).

Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda 2021 yilning birinchi yarmi natijalari asosida, yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha choralar muhokama qilindi.

Hisobot davrida mamlakatda jami 53 ming yangi kichik tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etilib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga oshgan.

Shu bilan birga, yangi tashkil etilgan korxonalar soni Surxondaryo, Andijon, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida kamaygani qayd etilgan.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, har bir tarmoq va hudud rahbari 9 oyda va yil yakuni bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini ta'minlash uchun qanday choralar ko‘rishi yuzasidan aniq-aniq hisobot berishi ma'lum qilingan.

«Birinchidan, ikkinchi yarim yillikda yirik tarmoq sanoat korxonalarida 86 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlash zarur.

Jumladan, «O‘zbekneftgaz» 9 oy yakuni bilan 25,4 milliard kub metr va yil oxirigacha – 34,1 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishni ta'minlasin.

«O‘zavtosanoat» investitsiya dasturiga asosan 11ta loyiha doirasida jami 153 million dollarlik mablag‘larni o‘zlashtirish, mahsulot tannarxini 925 milliard so‘mga yoki 2,6 foizga pasaytirish, eksport hajmini yil yakuniga qadar 385 million dollarga yetkazish yoki 1,7 barobarga oshirish choralarini ko‘rsin.

Yil oxirigacha Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida 6 ta issiqlik hamda Navoiy va Samarqandda 2ta quyosh elektr stansiyalarini foydalanishga topshirish hisobiga generatsiya quvvatlarini 1 ming 800 megavattga oshirishi, yil yakuni bilan 72,4 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur.

Ikkinchidan, joriy yilning ikkinchi yarmida hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 142 trillion so‘mga yetkazish lozim.

Shuningdek, joriy yil ikkinchi yarim yillikda kichik va o‘rta hududiy sanoat korxonalarida 82 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni ta'minlashga viloyat hokimlari shaxsan javob beradi.

Uchinchidan, so‘nggi besh yilda qishloq xo‘jaligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha 30dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi.

O‘tgan yili 101 ming gektar, joriy yil birinchi yarim yillikda esa 190 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlari o‘zlashtirildi.

So‘nggi 3 yilda qishloq xo‘jaligiga 1,5 trillion so‘m subsidiya ajratildi.

Qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida klaster tizimi joriy qilinib (jami 650 ta klaster), ularga joriy yilning o‘zida 6 trillion so‘mdan ziyod kreditlar berildi.

Lekin, joriy yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish hajmi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatida o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolgan», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Top