Jahon | 22:11 / 03.08.2021
10056
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreyada oziq-ovqat yetishmovchiligi ortida urush holatiga saqlangan guruch ishlatila boshlandi

Foto: AP Photo/Jon Chol Jin

Shimoliy Koreyada issiq havo va qurg‘oqchilik sababli chorva hamda guruch va makka hosili nobud bo‘lgani ortida urush holatiga saqlangan guruch zaxiralari ishlatila boshlandi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib Associated Press axborot agentligi xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreyada 26 mlnlik aholini yegulik bilan ta'minlash uchun yiliga 5,5 mln tonnaga yaqin oziq-ovqat talab etiladi. Hozirda esa yuzaga kelgan inqiroz sababli taxminan 1 mln tonna oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Hukumat kam ta'minlangan fuqarolar, ishchilar va qishloq korxonalariga urush holatiga zaxiralab qo‘yilgan guruchdan yetkazib bermoqda. Mamlakatda guruch narxi yil boshidan beri 2 marta oshgan. Ta'kidlanishicha, iyul oyida narx-navo biroz barqarorlashgan, biroq keyin yana o‘sa boshlagan.

Axborot agentligining ma'lum qilishicha, Shimoliy Koreyada oziq-ovqat yetishmovchiligiga Xitoy bilan chegara yopilgani ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. 2020 yilda Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi savdo hajmi pandemiya sababli 80 foizga kamayib ketgan.

Mutaxassislarning fikricha, Shimoliy Koreyada oziq-ovqat bilan muammo kuzgi hosilgacha saqlanib qoladi. Ularning ta'kidlashicha, mamlakatga keng ko‘lamli ocharchilik xavf solishi dargumon. Chunki gumanitar falokat yuz bersa, Shimoliy Koreyadan qochqinlar oqib kelishidan xavotirlanayotgan Xitoy bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid