Jahon | 16:50 / 04.08.2021
6549
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada poyezdlar to‘qnashuvi: uch kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishi jarohatlandi

Chexiya g‘arbidagi Milavse aholi punkti yaqinida ikki yo‘lovchi poyezd to‘qnashuvi ro‘y berdi. So‘ngg ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan - ikki poyezd mashinistlari va bir yo‘lovchi, yana o‘nlab kishilar jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: EPA

Ma'lumotlarga ko‘ra, avariya mashinistlardan birining aybi bilan sodir bo‘lgan.

Myunxendan Pragaga Ex 351 reysini amalga oshirayotgan «G‘arbiy ekspress» va Plzendan Domajlitsega qarab harakatlangan hududiy RegioShark poyezdi mahalliy vaqt bilan tonggi soat 8 atrofida to‘qnashgan.

47 kishi jarohatlangan, ularning yetti nafari og‘ir ahvolda.

Chexiya nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, hodisada jabrlanganlarga joy bo‘shatish maqsadida Domajlitsedagi shifoxonada rejadagi barcha operatsiyalar bekor qilingan.

Myunxen-Praga poyezdi elektrovozi jiddiy shikastlangan

Chexiya transport vaziri Karel Gavlichekning ma'lum qilishicha, poyezdlar yuzma-yuz to‘qnashishi Myunxen-Praga yo‘nalishidagi tezyurar poyezd mashinisti aybi bilan ro‘y bergan, u taqiqlovchi signalga e'tibor qaratmagan.

«Ekspress «Stop!» yozuvli tablichkani ko‘rganidan keyin to‘xtatish kera edi, ammo u to‘xtamagan va harakatlanishda davom etib, yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashgan. Xavfsizlik texnikasi avariya vaqtida ishga tushadi, ammo inson omili ham bor», degan u.

Halokat bir temir yo‘l izi o‘tgan joyda ro‘y bergan, bu yerda poyezdlar bir-biriga yo‘l bergan holda harakatlanishi kerak bo‘ladi.

Hodisa joyida chexiyalik qutqaruvchilarga germaniyalik hamkasblari yordam bermoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid