Adliya vazirligi Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 2606-10, 2026 yil 28 fevral).

Qabul qilingan o‘zgartirishlarga muvofiq, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida deklaratsiyada aniqlangan texnik xatolar bojxona xodimi tomonidan tuzatilishi mumkin.

Shuningdek, tovar (buyum) 16 yoshga to‘lmagan shaxsga tegishli bo‘lgan hollarda, deklaratsiyaning «tovar nomi» va «buyum nomi» ustunlarida buyum (tovar) egasining pasport (ID karta) raqami ham ko‘rsatilishi shart.

Yana bir yangilikka ko‘ra, mobil qurilmalar tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlardan qat’iy nazar deklaratsiyalanadi. Bundan faqat Tizim operatori bazasida ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston hududida sotib olingan mobil qurilmalar mustasno.