Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Olimning siyosatga kirishi yangi fikr, yangi shtrixlarni olib keladi» - prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov bilan suhbat
O‘zbekiston prezidentlik saylovida «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan partiya siyosiy kengashi raisi, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov nomzod sifatida ishtirok etadi.
Bu haqdagi qaror bugun, 5 avgust kuni «Adolat» SDPning navbatdan tashqari plenumida qabul qilindi. Endilikda uning nomzodi partiya qurultoyida tasdiqlanishi kerak.
Kun.uz bir muddat avval «Adolat» SDP siyosiy kengashi raisi, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov bilan intervyu uyushtirgandi.
Quyida ko‘p yillik ilmiy faoliyatdan so‘ng siyosatga qadam qo‘ygan va bugun prezidentlikka nomzod – Bahrom Abduhalimovning fikrlari bilan qayta tanishishingiz mumkin.
— «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisligiga saylanganingizga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. To‘g‘risi, shu tayinlovga qadar sizni ko‘pchilik tanimasdi. Siz ko‘proq ilmiy davralarda tanilgan insonsiz. Xo‘sh, olim siyosatga qanday kirib keldi?
— Men rostdan ham ko‘proq ilm sohasi vakiliman. Fanlar akademiyasi tizimida 30 yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelyapman. Orada boshqa sohalarga ham o‘tib ishladim. Jumladan, Toshkentdagi Vestminster universitetida prorektor vazifasida ishladim.
Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi huzuridagi Sharqshunoslik institutida aspirant darajasidan direktorlikkacha ko‘tarildim. Shuningdek, [2011 yildan buyon] Fanlar akademiyasining gumanitar fanlar bo‘yicha vitse-prezidenti sifatida gumanitar yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanaman.
Lekin albatta, ilm boshqa narsa, siyosat boshqa. Siyosiy partiyaga rahbar bo‘lib tayinlanishim partiyaga yanada ko‘proq vaqt ajratishimni taqozo qilyapti.

— O‘z vaqtida birinchi prezidentga maslahatchi bo‘lib ham ishlagansiz.
— Haqiqatan ham, ikki yil davomida O‘zbekistonning birinchi prezidentiga diniy masalalar va millatlararo munosabatlar bo‘yicha maslahatchilik qildim.
Diniy masalalar va millatlararo munosabatlarning o‘zi siyosat. Shu nuqtayi nazardan, bu vazifa men uchun katta maktab bo‘ldi.
— Demokratik davlatlarda siyosiy partiyalar saylovlarga yillar davomida tayyorgarlik ko‘radi. Ammo partiyada sizni saylovga juda oz vaqt qolganda Narimon Umarov bilan almashtirishdi. Bu turli fikrlarni uyg‘otdi.
— To‘g‘ri aytdingiz, ko‘plab davlatlarda partiyalar saylovlarga uzoq vaqt va jiddiy tayyorgarlik ko‘rishadi. Lekin partiya rahbariyatida qilingan o‘zgarishlar «Adolat»ning saylovlarga 2021 yildagina tayyorgarlik boshlaganini bildirmaydi.
«Adolat» SDP 2016 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyinoq yangi saylovlarga tayyorgarlikni boshlagan.
Almashtirish masalasiga kelsak, men ham partiyada yangi odam emasman. Uning faoliyatida, sotsial demokratiya g‘oyalarini amalga oshirishda ko‘p yillardan buyon ishtirok etib kelaman.
Mening rahbarlikka qo‘yilishim ham demokratiyaning bir elementi. Oxirgi saylovlarda ko‘pchilik ovoz berdiki, men saylandim. Demak, buni partiya a'zolarining xohishi deb baholasak, to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.
— Siz hozir ham birdaniga uchta lavozimda faoliyat yuritib kelyapsiz: Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Sharqshunoslik instituti direktori va partiya rahbarligi. Nima deb o‘ylaysiz, shuncha vazifa sizga siyosatda ishlash uchun xalaqit bermaydimi? Bu – partiya saylovlarga to‘la kuch bilan kirmayotgandek taassurot uyg‘otadi.

— Suhbatning boshida ham aytganimdek, hozir men uchun siyosat, partiyaning saylovlardagi ishtiroki birinchi o‘rinda.
Men 30 yil davomida Fanlar akademiyasida faoliyat ko‘rsatib kelyapman. Sharqshunoslik institutidagi faoliyatim esa jamoatchilik asosida.
O‘ylaymanki, yaqin kunlarda bu masalalarning ham yechimini hal qilamiz. O‘zimda ham bu fikr bor.
Yana bir narsani aytish kerakki, mening siyosatga kirishim olimning siyosatga kirishi bo‘ldi. Bu esa «Adolat» SDPda ilmga bo‘lgan munosabatni ham ko‘rsatadi.
O‘ylashimcha, olimning siyosatga kirishi yangi fikr, yangi shtrixlarni ham olib keladi. Shuning uchun bir faoliyatni ikkinchisiga qarshi qo‘yish to‘g‘ri emas, deb hisoblayman.
— Ayting-chi, ko‘p yillar ilm bilan shug‘ullangan kishining birdaniga siyosatga kirishi va prezidentlikka nomzodi qo‘yilishi qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? Siyosatdagi tajribasizlik sizga pand bermaydimi? Bundan qo‘rqmayapsizmi?
— Qo‘rqish so‘zi bu yerda ortiqcha gap. Agar qo‘rqqanimda bu vazifaga boshidan rozilik bermagan bo‘lardim.
Tajribasizlik bu tabiiy masala. Hech kim tajriba bilan dunyoga kelmasa kerak.
O‘tgan davrda o‘zimizdagi va dunyodagi ko‘plab tajribalarni o‘zlashtirib boryapman. Partiya an'analarini kelgusida ham susaytirmaslikka harakat qilaman.
— Sizni birinchi bor prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazgan yig‘ilishda ko‘rgandim. O‘sha yig‘ilishda prezident sizga bir savol berdi: «Bahrom, sen ham bir paytlar til masalasida ishlagan komissiyada bo‘lgansan. Ayt-chi, biz qaysi yozuvdan foydalanganimiz ma'qul?»
Siz esa bu savoldan biroz shoshib qoldingiz va: «Hozir xorijiy tillarga e'tibor oshyapti, biz arabchadayam gaplashaveramiz», dedingiz. Katta bir partiya raisi sifatida bu javobingizni qanday tushunsak bo‘ladi?
— Ochig‘ini aytishim kerak, o‘sha kungi savol men uchun kutilmagan bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining savoli biz lotin grafikasiga o‘tyapmiz, kirill yozuvida o‘qiganlarning taqdiri nima bo‘ladi, degan mazmunda edi. Men buni anglab yetolmadim. Shoshib qolganimning sababi men gap ko‘p tilliklar haqida ketyapti, deb o‘yladim.
Bilasiz, O‘zbekiston hududiga islom kirib kelgach, arab yozuvi ommalashgan. Keyin biroz muddat lotin, so‘ng kirill yozuviga o‘tildi, mustaqillikdan keyin lotin yozuviga qaytdik. Demoqchimanki, har bir til va yozuv almashishi xalqlarga oson bo‘lmaydi.
O‘sha kuni shoshib qolganim rost, lekin bu savolga hozir javob berish kerak bo‘lsa, lotin yozuviga o‘tishimiz masalasi bu muqarrar. Chunki bir avlod lotin yozuvida o‘qidi.
Bunga qarshilar ham har doim bo‘ladi. Qaytaraman, bu yozuvga tezroq o‘tish kerak. U kirill yozuvida o‘qiganlarga ham qiyinchilik tug‘dirmaydi.
— «Adolat» SDP da'vo qiladigan asosiy elektorat – yuqori malakali ishchilar, ya'ni shifokorlar, o‘qituvchilar, budjet xodimlari, hokimiyat vakillari bo‘lib kelgan. Ayting-chi, partiya yaqinlashayotgan prezidentlik saylovida ularning qo‘llovini olishga to‘la ishonadimi? Partiyaga o‘z elektoratining ishonchi qanchalik?
— 100 foiz masalasi saylovlarda juda og‘ir masala. O‘ylashimcha, elektoratning katta qismi bizni qo‘llab-quvvatlasa kerak.
Bilasiz, partiyamizning o‘ziga xos va muhim g‘oyalari bor. O‘ylaymizki, biz ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashiga albatta erishamiz.
— «Adolat» SDP bu saylovlarga to‘rtta mavjud siyosiy partiyaga qarshi tayyorgarlik ko‘ryapti. Bundan tashqari, saylovga yangi siyosiy kuchlar, yangi partiyalar qo‘shiladigan bo‘lsa, ular bilan raqobatga qanchalik tayyor? Buni ham hisobga olganmisizlar?
— Albatta. Konstitutsiyamizda bu masalalar ham belgilab berilgan. Kim talablarga javob bersa, saylovlarda ishtirok etishi mumkin. Partiyalarni shakllantirishi mumkin. Ular paydo bo‘lishi mumkin. Biz hozir, shu kecha-kunduzda mavjud partiyalarga nisbatan o‘z strategiyamizni belgilab olganmiz. Agar yangisi paydo bo‘ladigan bo‘lsa, uning mohiyati, imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, ularga ham strategiya belgilaymiz.
Nazarimda, partiyamiz – salohiyati nuqtayi nazaridan eng muhim partiyalardan biri. Yangi partiyalar tashkil bo‘lib qolsa, «Adolat»ning ular bilan kurashishga potensiali yetarli.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Mavzuga oid
10:42 / 22.10.2025
«Adolat» partiyasi qoidabuzar haydovchilar uchun qat’iy jazo choralarini taklif qildi
13:02 / 24.04.2025
Avtomobillarning noqonuniy ijarasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha deputat so‘rovi yuborildi
16:40 / 23.11.2024
Propan narxi keskin oshib ketgani yuzasidan mas’ul idoralarga deputatlik so‘rovi yuborildi
17:38 / 25.10.2024