Sport | 22:35 / 05.08.2021
37894
5 daqiqa o‘qiladi

Tokio kundaligi. Erkin kurashchilar bronza ham ololmadi, Sadullayeva finalda, Abdurahmonov medal uchun kurashadi

Tokio Olimpiadasining 13-kunidagi bahslarda sakkiz nafar o‘zbekistonlik sportchi ishtirok etdi. Kun yakunlariga ko‘ra, bir sportchi finalga chiqdi, bir kurashchi bronza uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi, qolganlar turnirdagi ishtirokini muvaffaqiyatsiz yakunladi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Yengil atletika
Safina Sadullayeva saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, final dasturida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritdi. Balandlikka sakrash yo‘nalishida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Sadullayeva 1.95 metr balandlikdan o‘ta oldi va V guruhida ikkinchi o‘rinni egallab, finalga chiqdi. A va V guruhlarida ishtirok etgan atletlardan jami 14 ishtirokchi 1.95 metrdan o‘tishga erishdi.

Ushbu yo‘nalishning final bahslari 7 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:35da boshlanadi.

Ushbu dasturda qatnashgan boshqa bir o‘zbekistonlik sportchi Svetlana Radzivil esa 1.90 metr bilan saralash bosqichida qolib ketdi.

Yengil atletikaning ko‘pkurash yo‘nalishida O‘zbekiston sharafini Yekaterina Voronina himoya qildi.

U bugun uchta dasturda ishtirok etdi. Dastlab uzunlikka sakrash sektorida 6,11 metr natija qayd etdi (883 ochko), nayza uloqtirish sektoridagi bellashuvlarda esa 49.88 metr ko‘rsatkichga erishdi (858) va jami ochkolarini qo‘shganda 5329 ochko to‘plab, 19-o‘rindan 12-pog‘onaga ko‘tarildi.

4 avgust kungi bahslarda Voronina to‘rtta chiqishni amalga oshirgan va dasturlar davomida 100 metrga to‘siqlar osha yugurish va 200 metrga yugurish dasturlarida o‘z shaxsiy rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lgandi:

100 metr, to‘siqlar osha: 14.19 soniya (952 ochko);
Balandlikka sakrash: 1.77 metr (941 ochko);
Yadro uloqtirish: 13.76 metr (778 ochko):
200 metr: 24.67 soniya (917 ochko);).

Bugun esa so‘nggi 800 metrga yugurish bahslarida 2:09.73 daqiqa natija qayd etdi. Bu ko‘rsatkich unga 969 ochko taqdim qildi. Voronina umumiy hisobda 6298 ochko jamg‘arib, musobaqani 12-pog‘onada yakunladi.

Zamonaviy beshkurash
Zamonaviy beshkurash bahslarida ikki nafar o‘zbekistonlik sportchilar Alise Faxrutdinova va Aleksandr Savkin qatnashmoqda. Har ikkala sportchi hozircha qilichbozlik bahslarida o‘z kuchini sinab ko‘rdi, Faxrutdinova 16 g‘alaba va 19 mag‘lubiyat bilan 196 jamg‘argan hamda turnir jadvalida 22-o‘rindan joy egallagan. Savkin esa 7 g‘alabaga erishib, 28 bor mag‘lub bo‘lgan holda 142 ochko jamg‘argan.

6 avgust sanasida ular musobaqadagi ishtirokini davom ettiradi.

Erkin kurash
5 avgust kuni uch nafar erkin kurashchi gilamga chiqdi. -57 kg vazn toifasida G‘ulomjon Abullayev bronza medali uchun o‘tish jangida amerikalik Patrik Gilmanga mag‘lub bo‘lib, bronza uchun kurashmaydigan bo‘ldi. U 4 avgust kungi dasturda birinchi bosqichdan osonlik bilan o‘tgan, ammo chorakfinalda amaldagi jahon chempioni Zaur Uguyevga yutqazgan, rossiyalik kurashchi finalga chiqqani munosabati bilan bronza uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritgandi.

-86 kg vazn toifasida Javrail Shapiyev ham bronza medali uchun o‘tish jangida ishtirok etdi. U shveysariyalik Stefan Reyxmutsni 5:2 hisobida yengdi. Bronza medali uchun bahsda esa rossiyalik uch karra jahon chempioni Artur Nifonovga yutqazdi va musobaqani beshinchi o‘rin bilan yakunladi.

-74 kg vazn toifasi vakili Bekzod Abdurahmonov 1/8 finalda Puerto-Riko vakili Franklin Gomesni 10:0 hisobida yengib, chorakfinalga chiqqandi. Biroq 1/4 finalda rossiyalik ikki karra jahon chempioni Zaur Sidakovdan yengildi. Sidakov finalga chiqqani evaziga Abdurahmonovda bronza medali uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoldi.

Bekzod Abdurahmonov 6 avgust kuni bronza medal uchun o‘tish bahslarida Sidakovga ilk bosqichda mag‘lub bo‘lgan gvineya-bisaulik Augusto Midanaga qarshi kurashadi. Bu bahs g‘olibi bronza uchun Sidakovga yarimfinalda yutqazgan qozog‘istonlik Daniyar Qaysanov bilan bellashadi.

6 avgust kuni Tokio Olimpiadasining 14-kunida O‘zbekiston delegatsiyasining 6 sportchisi bahslarda ishtirok etadi.

5:30. Kanoeda eshkak eshish. Ayollar o‘rtasida 500 metr. Juftlik bahslari. Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova; 
 
6:20. Badiiy gimnastika. Yekaterina Fetisova. Ko‘pkurash. Kun davomida to‘rtta dasturda chiqish;

7:10. Erkin kurash. -74 kg. Bekzod Abdurahmonov bronza medal uchun o‘tish bahslarida gvineya-bisaulik Augusto Midanaga qarshi;
 
8:10. Erkin kurash. -97 kg. Magomed Ibragimov nimchorak finalda turkiyalik Suleyman Karadenizga qarshi;

10:36. Zamonaviy beshkurash. 200 metrga erkin usulda suzish. Alise Faxrutdinova;

11:45.Zamonaviy beshkurash. Qilichbozlik yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha bosqich. Alise Faxrutdinova.

O‘zbekiston delegatsiyasi 5 avgust kungi bahslardan keyin 2 oltin va 1 bronza bilan umumiy reytingda 32-o‘rinda joylashgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid