Jahon | 22:39 / 06.08.2021
10425
2 daqiqa o‘qiladi

Baydendan o‘z va'dasini bajarmaguncha 11 sentyabrdagi terakt qurbonlari xotira tadbirlarida ishtirok etmaslik so‘raldi

1800ga yaqin amerikalik AQSh prezidenti Jo Baydendan AQShda 2001 yil 11 sentyabrda sodir etilgan teraktlar tafsilotlari keltirilgan hukumat hujjatlarini ochiqlamagunicha, teraktda halok bo‘lganlar xotirasiga Nyu-Yorkda o‘tkaziluvchi tadbirlarda ishtirok etmaslikni so‘radi. Ular orasida teraktda halok bo‘lganlarning yaqinlari, o‘sha fojiani boshdan o‘tkazgan favqulodda xizmatlar xodimlari bor.

Foto: Kevin Lamarque/Reuters

NBC telekanalining xabar berishicha, murojaat mualliflari hukumat hujjatlarida Saudiya Arabistoni yetakchilarining fojiaga aloqadorligining isbotlari borligiga ishonishadi.

Ularning ta'kidlashicha, Bayden prezidentlikka nomzod bo‘lgan kezda o‘sha terakt haqida ko‘proq ma'lumotni oshkor qilishga va'da bergan, biroq hali ham o‘z va'dasi ustidan chiqmadi.

“Prezident o‘z va'dasini bajarmaguncha, uni muqaddas joylarimizda qabul qila olmaymiz”, deb aytilgan murojaatda.

Joriy yilda terakt sodir etilganiga 20 yil bo‘ladi.

2001 yil 11 sentyabrda “Al-Qoida”ning 19 a'zosi AQSh hududida 4ta yo‘lovchi samolyotini egallab olib, ular yordamida teraktlar sodir etgan. Samolyotlardan ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak minoralariga yo‘naltirilgan. Uchinchi layner esa Pentagon binosiga urilgan. Terrorchilar tomonidan Vashingtonga yo‘naltirilgan to‘rtinchi samolyot Shenksvill shahri yaqinida qulab tushgan. Ushbu teraktlar oqibatida 2977 kishi halok bo‘lgan, yana bir necha ming kishi jarohat olgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid