O‘zbekiston | 11:45 / 10.08.2021
9040
4 daqiqa o‘qiladi

Kitob tumanidagi shifoxonada bemor vrachlar xatosi bilan vafot etgani aytildi. Tuman tibbiyot birlashmasi hodisaga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonaga yotqizilgan bemorning vrachlar xatosi tufayli vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman tibbiyot birlashmasi hodisa yuzasidan munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, bemor ikki marta shifoxonadan o‘zboshimchalik bilan ketib qolgan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 5 avgust kuni soat 13:30 larda Kitob tumani tez yordam bo‘limining Makrid filiali navbatchilik qismiga shu hududda yashovchi N.B.ning qorin sohasida qattiq og‘riq yuz berayotgani bo‘yicha qarindoshlari tomonidan chaqiruv kelib tushgan.

Chaqiruvga ko‘ra, navbatchi shifokorlar T.Eshonqulov hamda feldsher Z.Qurbonovalardan tuzilgan tez yordam guruhi aytilgan manzilga yetib borgan. Ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida bemor qorin sohasida kuchli og‘riq borligini aytgan. Shifokorlar unga hazm a'zolari faoliyati funksiyasi buzilishi tashxisi qo‘ygan va birinchi yordam sifatida og‘riq qoldiruvchi ukollar qilingan. Shundan so‘ng tibbiyot xodimlari bemorni shifoxonaga yotqizish kerakligini aytishgan. Fuqaro N.B. esa ayni vaqtda og‘riqlari to‘xtagani sababli shifokorlar taklifini rad etgan. Tez yordam xodimlari uning yaqinlariga ultratovush va laborator tekshiruvlardan o‘tishi lozimligini ta'kidlab ortga qaytishgan.

Qayd etilishicha, shu kunning o‘zida fuqaro N.B.da yana og‘riqlar qayta kuchaya boshlagan va soat 16:00 larda qarindoshlari Kitob tumani tibbiyot birlashmasi qabul diagnostika bo‘limiga olib kelishgan. Bu yerda navbatchi shifokor A.Hasanov bemorni qayta ko‘rikdan o‘tkazgan. Har galgidek, birinchi yordam sifatida og‘riq qoldiruvchi ukol qilingan. Og‘riq qolgandan so‘ng N.B. o‘zboshimchalik bilan shifokorlar ruxsatisiz yashirincha uyiga qaytib ketgan.

O‘sha kuni soat 22:00larda unda yana og‘riq boshlangan va tibbiyot birlashmasining qabul diagnostika bo‘limiga murojaat qilgan. Uni bu safar navbatchi reanimatolog M.Xatamov, navbatchi terapevt N.Keldiyeva va navbatchi jarroh B.Ahmedovlar qabul qilib, zudlik bilan UTT, rengenografiya, EKG, laborator tahlillardan o‘tkazishgan.

Tahlil natijalariga asoslanib, bemorga o‘tkir pankreatit (oshqozon osti bezining o‘tkir yoki surunkali yallig‘lanishi) tashxisi qo‘yilgan va birinchi yordam sifatida og‘riq qoldiruvchi ukol qilingan.

Ta'kidlanishicha, N.B. doimiy shifokorlar kuzatuvi ostida bo‘lishi kerakligi inobatga olinib, uni tuman shoshilinch tez yordam bo‘limiga o‘tkazishgan. O‘rganishlar davomida bemorda qandli diabet va semizlikning 3-darajasi kabi yondosh kasalliklar borligi aniqlangan va shifokorlar davolash standartlari asosida zaruriy muolajalar qilishgan. Bemorning holati biroz yaxshilangandan so‘ng 6 avgust kuni erta tongda N.B.ning yaqinlari shifokorlar tavsiyasisiz uni Samarqand shahriga olib ketishgan va bemor vafot etgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid