Jahon | 21:35 / 10.08.2021
10033
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvan Xitoy bilan ehtimoliy urushga shaylikni tekshirish uchun harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Harbiy mashg‘ulotlarga barcha turdagi qo‘shinlar jalb etiladi. Mashg‘ulotlar 13-18 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Foto: Makoto Lin/Taiwanese Presidential Palace

Tayvan sentyabr o‘rtalarida mamlakat armiyasining Xitoy bilan qurolli to‘qnashuvga tayyorligini tekshirish maqsadida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda South China Morning Post xabar bermoqda.

«Xan Kuang» harbiy mashg‘ulotlariga barcha turdagi qo‘shinlar jalb etiladi. Mashg‘ulotlar 13-18 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Tayvan hukumati mintaqada Xitoy xalq ozodlik armiyasining harbiy-dengiz kuchlari o‘sib borayotganidan xavotirda. 

O‘tgan haftada AQSh Large Scale Exercise 2021 (LSE 2021) harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini boshladi. Mashg‘ulotlar AQShning bir nechta frontda urush olib borish va Qora, Janubiy Xitoy hamda Sharqiy Xitoy dengizlarida Rossiya va Xitoyga qarshi javob qaytara olish imkoniyatlarini namoyish etish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Amerikalik harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, bu oxirgi 40 yil ichidagi eng yirik harbiy mashg‘ulotlar hisoblanadi. Mashg‘ulotlarga 25 mingdan ortiq askar va 36ta harbiy kema jalb etilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid