O‘zbekiston | 18:54 / 12.08.2021
7182
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Mehriddin Abdullayev “The Boston Consulting Group” kompaniyasining Boshqaruv rahbari bilan uchrashdi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev strategik konsalting sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan “The Boston Consulting Group” rahbarlari, jumladan Boshqaruv direktori, Markaziy Osiyo va Kaspiy hududlaridagi BCG rahbari Nuriyev Rza va Boshqaruv direktori Vladimir Rogov bilan uchrashdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Uchrashuv doirasida xorijiy tomon neft va gaz sohasida amalga oshirilayotgan transformatsiya islohotlari hamda buning natijasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan erishilgan yutuqlar, rejalashtirilgan ishlar hamda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJda bugungi kunda transformatsiya sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, tizimga jahon standartlarini joriy etish bo‘yicha 3 yillik reja ishlab chiqildi.

Boshqaruv raisi tomonidan, burg‘ilash va quduqlarni mukammal ta'mirlashning operatsion samaradorligini oshirish yo‘lida ham qator muvaffaqiyatlarga erishilgani ta'kidlandi.

O‘z navbatida, “The Boston Consulting Group” kompaniyasi mutasaddilari strategik konsalting sohasida “O‘zbekneftgaz” AJ bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirishdi.

Dunyoning barcha mintaqalarida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham sanoatning asosiy tarmoqlari yetakchilari uchun bunday loyihalarni amalga oshirishda maslahatchilarning katta tajribasi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar maslahatchilarning “O‘zbekneftgaz” AJni qisqa va uzoq muddatli rivojlantirishga oid fikrlari va takliflarini batafsil o‘rganib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Ta'kidlash joizki, “The Boston Consulting Group” birinchi strategik maslahatchi hisoblanadi. Bugungi kunda BCG ko‘plab biznes rahbarlari va notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda.

Kompaniyaning asosiy vazifasi – biznesni boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha maslahat berish: yangi strategiyalarni ishlab chiqish, ish samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalar va konsepsiyalarni o‘zlashtirish.

Kompaniya “McKinsey & Company” va “Bain & Company” bilan bir qatorda “boshqaruv konsaltingining katta uchligiga” kiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid