Jahon | 23:34 / 13.08.2021
16371
2 daqiqa o‘qiladi

Davlatlar Afg‘onistondagi elchixona va konsulxonalarini yopishni boshladi

Afg‘onistonda toliblar pozitsiyalari kuchayayotgani ortida Norvegiya va Daniya Kobuldagi elchixonalarini vaqtincha yopishga qaror qildi. Shuningdek, Germaniya, AQSh va Britaniya o‘z diplomatik vakolatxonalari xodimlari sonini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Rossiya hozircha o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilishni rejalashtirmayapti.

Foto: Rahmat Gul / AP

Norvegiya tashqi ishlar vaziri Ine Eriksen Sereydening ta'kidlashicha, mamlakatning Kobuldagi elchixonasi xodimlari, jumladan u yerda ishlagan afg‘onlar Norvegiyaga evakuatsiya qilinadi. Norvegiya hukumati 4 avgustdayoq o‘z fuqarolaridan Afg‘onistonni tark etishni so‘ragan.

Daniya tashqi ishlar vaziri Yeppe Kufud ham Kobuldagi elchixona vaqtincha yopilishini e'lon qilgan. U ushbu chora qancha muddat davom etishiga aniqlik kiritmagan. “Afg‘onistonda qolayotgan barcha daniyaliklar u yerni tark etishi kerak. Bu juda jiddiy vaziyat”, deb aytgan vazir.

Germaniya bir necha kun ichida Kobuldagi elchixonasi xodimlari sonini minimumgacha qisqartiradi. Xodimlar charter reyslar bilan olib chiqiladi. Nemis diplomatlari bilan ishlagan afg‘onlar ham evakuatsiya qilinadi.

Fransiya tashqi ishlar vazirligi vakili mamlakatning Afg‘onistondagi elchixonasi xodimlari evakuatsiya qilinishi rejalashtirilayotgani haqida hech narsa ma'lum qilmagan, biroq barcha fransiyaliklarga Afg‘onistonni iloji boricha tezroq tark etish tavsiya qilinganini ma'lum qilgan.

Shuningdek, Tojikiston Mozori-Sharif, Fayzobod va Badaxshon viloyatidagi konsulxonalarini vaqtincha yopgan, biroq mamlakatning Kobuldagi elchixonasi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid