O‘zbekiston | 10:53 / 14.08.2021
8683
6 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Sho‘rtan neft-gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarilishini o‘rgandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 9 avgust kuni iste'molchilarni neft va gaz resurslari bilan barqaror ta'minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident iste'molchilar manfaatlarini yuqori qo‘yish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga tabiiy gaz, suyultirilgan gaz hamda neft mahsulotlarini zarur miqdorda yetkazib berish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berdi.

Ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevga bir qator topshiriqlar berilib, xususan, 2021 yil yakuni bilan 34,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishni ta'minlash va kuz-qish mavsumida tizimni barqaror ishlatish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini amalda bajarish maqsadida Boshqaruv raisi boshchiligida ishchi guruh a'zolari Qashqadaryo viloyatidagi konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va amalga oshirilayotgan loyihalar holatini o‘rganish maqsadida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Sho‘rtan” konida bo‘ldi.

Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 9,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish (o‘sish sur'ati 100%) belgilangan bo‘lib, buning uchun 3 ta konda III chorakda – 9 ta, IV chorakda – 18 ta, jami 27 ta yangi quduqlarni burg‘ilab ishga tushirish belgilangan.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh belgilangan ko‘rsatkichlarni amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar holatini tahliliy o‘rgandi. Aynan ushbu boshqarmadagi 8 ta kondagi 90 ta quduqda mukammal ta'mirlash va intensifikatsiya ishlarini bajarish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Boshqaruv raisi ushbu yig‘ilishda suyultirilgan gaz bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarga to‘xtalar ekan, “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha 2021 yilda jami 621,0 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish (o‘sish sur'ati 101,8%), shundan Jamiyat bo‘yicha avgust-dekabr oylarida 261,5 ming tonna (o‘sish sur'ati 103,5%) ishlab chiqarish shart ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Buning uchun eng avvalo tabiiy gaz qazib chiqarilishiga doir tadbirlarni to‘g‘ri tashkil qilish, konlarning geologik ma'lumotlarini taqdim etish, geologik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirish kerakligini bildirdi.

Shuningdek, konlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz hisobini quduqlar kesimida yuritish va konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholi va sanoat tarmoqlarining tabiiy gaz yetkazib berish barqarorligini ta'minlash uchun hozirdan qazib chiqarishni ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, quduqlarni burg‘ilash, kapital ta'mirlash va texnologik obektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan ishlar ijrosi va yil oxirigacha amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar tahliliy o‘rganib chiqildi hamda ularni tezlashtirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, “Sho‘rtan” konida uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish bo‘yicha olib borilayotgan 3D seysmika-geofizika ishlari holati o‘rganilib, mintaqaning chuqur qismida joylashgan strukturalarni aniqlash hamda izlov-qidiruv quduqlarini qazish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha tegishli departament boshliqlariga topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi 2021 yilda geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 5,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish kerakligini ta'kidlab, 2021 yilda 4,2 mlrd kub metr tabiiy tushish qoplanishi va 2020 yilga nisbatan 1,0 mlrd kub metr tabiiy gaz o‘sishiga erishilishini ma'lum qildi.

Ushbu natijalarga erishish uchun Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan topshiriqlarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha Boshqarma direktoriga topshiriqlar berildi.

Buning uchun eng avvalo, quduqlarni kapital ta'mirlash va intensifikatsiya jarayonlarini muntazam o‘rganish, aniqlangan mavjud muammoli masalalarni qisqa fursatda joyida hal etish kerakligi bildirildi.

Boshqaruv raisi shu bilan bir qatorda, kondagi yangi quduqlarni burg‘ilash qurilmalarida va quduqlarni kapital ta'mirlash uskunalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqdi.

Eng avvalo, ishchi-xodimlar uchun sharoit yaratish, ularning vaksina bilan emlanishini bosqichma-bosqich tashkil etish, yashash sharoitlarini muntazam o‘rganib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish davomida, Sho‘rtan bosh inshooti qurilmalarida olib borilayotgan modernizatsiya loyihalarini tezlashtirish bo‘yicha mavjud muammoli masalalar muhokama qilinib, departament boshliqlariga ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gaz qazib chiqarish va qayta ishlash korxonalaridagi amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganishni davom ettiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid