Jahon | 23:41 / 16.08.2021
8380
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi barcha davlatlarni afg‘on qochqinlarini qabul qilishga chaqirdi

Foto: AFP

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida barcha davlatlarni afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilishga va ularni ortga qaytarmaslikka chaqirdi.

Uning ta'kidlashicha, BMT Xavfsizlik kengashi va jahon hamjamiyati Afg‘oniston yana terrorchi tashkilotlar uchun xavfsiz hududga aylanmasligini kafolatlashi va global terrorchilik xavfiga qarshi barcha vositalarni qo‘llashi lozim.

Guterrish “Tolibon” va qolgan tomonlarni Afg‘onistonda insonparvarlik huquqiga amal qilishga, odamlar erkinligi va huquqlarini ta'minlashga chaqirgan.

BMT rahbari “Tolibon” jangarilari BMTning Afg‘onistondagi xodimlari va mulkiga hurmat bilan munosabatda bo‘layotganini ta'kidlab o‘tgan. 

“Biz “Tolibon” nazoratidagi hududlarda xodimlarimiz va ofislarimizni qoldiramiz. Men xodimlarimiz va mulkimizga yaxshi munosabatda bo‘linayotganini ma'lum qilishdan mamnunman”, deb aytgan Guterrish.

Uning ta'kidlashicha, BMTning Afg‘onistondagi faoliyatiga xavfsizlik talablariga muvofiq o‘zgartirishlar kiritiladi.

“BMT mamlakatdagi xavfsizlik sohasidagi vaziyatga moslashtiriladi. Biroq asosiysi, biz ushbu mamlakatda qolamiz va Afg‘oniston xalqiga u uchun og‘ir damlarda ko‘mak ko‘rsatishni davom ettiramiz”, deb qo‘shimcha qilgan bosh kotib.

Guterrishning fikricha, Afg‘onistonda xalq talab va istaklari hisobga olinadigan inklyuziv hukumat bo‘lishi lozim.

15 avgustda toliblar Afg‘onistonning butun hududi bo‘ylab nazorat o‘rnatganini e'lon qildi. Ular Kobuldagi davlat televideniyesini o‘z nazoratiga olib, u orqali xalqqa murojaat qilgan va odamlarni osoyishtalikka chaqirgan.

Mavzuga oid