Jahon | 15:57 / 17.08.2021
37021
9 daqiqa o‘qiladi

«Amerika katta xatoga yo‘l qo‘ydi»: Kobul qulagach, Baydenga bildirilgan e'tirozlar

«Tolibon» yashin tezligida Afg‘onistonni egallashi kelib chiqishiga ko‘ra afg‘on bo‘lgan amerikaliklar, sobiq generallar va ba'zi siyosatchilar Amerika qo‘shinlarini qisqa vaqt ichida olib chiqish qarori sabab prezident Jo Baydenni ayblashiga sabab bo‘lmoqda. Biroq hozircha Baydenni jamoatchilik qo‘llab-quvvatlayotganga o‘xshaydi.

Hadiya Essazoda «Tolibon» uyiga bostirib kirgani, otasini kaltaklagani va akasini o‘ldirganini dahshat bilan eslar ekan, ko‘z yoshlarini tiya olmaydi.

Hadiya Essazoda endi AQShda yashamoqda va toliblarning hokimiyatga kelishi tufayli nafaqat Afg‘oniston uchun, balki Amerika uchun ham tashvishda ekanini aytmoqda

«Ular akamni qidirishayotgandi, otamni temir bilan urishdi», deydi Essazoda BBC fors xizmatiga. Uning akasi 1990-yillarda «Tolibon»ga qarshi jang qilgan.

Ular mamlakat shimolidagi Mozori Sharif shahrini tark etishadi. «Lekin biz 6 oydan keyin uyimizga qaytganimizda toliblar yana eshigimizni taqillatdi. Bu safar ular akamni olib ketishdi. Bir necha kundan keyin mahalladagi do‘kondor kelib, otamga o‘g‘li vafot etganini aytdi», deydi u.

Toliblar Hadiya Essazodaning akasini o‘ldirib, jasadini ko‘chalarda xorlashgan. Marhumning qarindoshlariga janoza uchun jasadni olishga bir necha hafta davomida ruxsat berilmaydi, itlar esa jasadni parcha-parcha qilib tashlaydi.

Yoshi yigirmadan oshgan va hozirda AQShda istiqomat qilayotgan Essazoda toliblarning g‘alabasidan keyin endi Afg‘oniston uchun ham, yangi uyi – Amerika uchun ham xavotirda ekanini bildirdi.

«Tolibon» hech qanaqasiga o‘zgarmagan», deydi u. Essazodaning fikricha, «Tolibon» jangarilari G‘arbni nishonga oladi.

«Mana shunday vaziyatda kimdir Afg‘onistonga borishni xohlarmidi?» deb so‘raydi u.

Baydenning Afg‘onistondan chiqib ketish va'dasi

Bayden tanqidchilarining aytishicha, AQShning 20 yillik harakatlari havoga sovurildi, so‘nggi urushlar esa gumanitar inqirozga olib keldi va AQShning obro‘yiga putur yetkazdi.

Bayden Kobul hukumatining mamlakat xavfsizligini ta'minlay olishiga ishongani uchun ham tanqid qilinmoqda.

Yakshanba kuni poytaxt «Tolibon»  qo‘liga o‘tgach, ba'zilar «Amerikalik saylovchilar tez orada Baydenning Afg‘onistondan chekinish qaroridan afsuslanishadimi?» degan savolni berishmoqda.

Aslida, Baydenning qarori ajablanarli emasdi. U Barak Obama ma'muriyatida vitse-prezident bo‘lgan davridayoq Afg‘oniston urushini missiya nuqtayi nazaridan cheklash va qo‘shinlarni olib chiqish tarafdori edi.

2019 yilda prezidentlik saylovlarida nomzod bo‘lganida Bayden saylovchilarga 1950-yillardagi prezident Duayt Devid Eyzenxauerdan keyingi ilk o‘g‘lini urushga yuborgan prezident bo‘lishini aytgandi.

Obama davrida Afg‘oniston bo‘yicha birinchi maxsus vakil bo‘lgan Richard Holbruk o‘z xotiralarida Bayden jahl bilan Obamaga qarshilik qilganini qayd etadi: «Men o‘g‘lim ayollarning huquqlari uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishini xohlamayman... Ular bu maqsad uchun u yerda emaslar», deb aytgan Bayden.

Obama ma'muriyatining diplomati Brett Bryuyen ham Baydenning tashqi siyosati uning shakllanishida muhim rol o‘ynaganini aytadi: «U (Bayden – tahr.) nafaqat Vetnam va Iroq urushlarini, balki Kosovo va Granada urushlarini ham ko‘rgan. Bu tajriba unga qiyinchiliklarga xotirjamlik va biroz sovuqqonlik bilan qarash imkonini beradi», deydi u.

«Prezidentlikka nomzod sifatida 2020 yilda CBS telekanaliga bergan intervyusida Bayden «faqat «Tolibon», IShID yoki «Al-Qoida» uya qurmasligi uchungina» AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonda bo‘lishi kerakligini aytadi.

Bunday bo‘lmadi. «Tolibon»  jangarilari yakshanba kuni – AQSh va uning ittifoqchilari o‘z fuqarolari va xodimlarini mamlakatdan olib chiqish harakatiga tushgan payt poytaxt Kobulga qarshiliksiz kirib keldi.

Bir necha soat ichida Kobuldagi Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportda tijoriy reyslar to‘xtatildi va koalitsiya kuchlari joylashgan Bagrom havo bazasidagi Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari «Tolibon»ga taslim bo‘ldi.

Bayden shanba kuni xodimlarni evakuatsiya qilishga yordam berish uchun Afg‘onistonga minglab qo‘shimcha askar yuborishga majbur bo‘ldi.

Amerika razvedkasining yaqinda sizdirilgan hisobotida G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Afg‘oniston hukumati Amerika qo‘shinlari chiqarilgandan keyin 90 kun ichida qulashi taxmin qilingan edi.

Baydendan oldingi prezident Donald Tramp uni «zaiflik, iktidorsizlik va umuman strategik nomuvofiqlik»da aybladi. O‘z navbatida uning ma'muriyati 2020 yilda «Tolibon» bilan tuzgan kelishuv ushbu muammoni keltirib chiqarganiga e'tibor qaratayotganlar ham bor.

«Men pushaymon bo‘lishimizdan qo‘rqardim va shunday bo‘ldi»

Baydenning chekinish rejasiga bildirilayotgan e'tirozlarning ba'zilari ko‘p yillar oldin qilingan ogohlantirishlarni yodga solmoqda.

2009 yilda Kobuldagi AQSh qo‘shinlari qo‘mondoni Stenli Makkristaldan «Afg‘onistondagi qo‘shinlar sonini kamaytirish rejasi muvaffaqiyatli bo‘ladimi?» deb so‘rashganida u «Qisqa javob – yo‘q», deb javob bergandi.

So‘nggi bir necha hafta mobaynida «Tolibon»  harakatining tez sur'atlar bilan ilgarilashi uning prognozini oqladi.

«Vaziyat naq falokatning o‘zi. Men bu qarordan pushaymon bo‘lishimizdan qo‘rqardim va shunday bo‘ldi ham. Toki AQSh va uning ittifoqchilari jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganlarini tan olishmas ekan, yaxshi natija bo‘lmaydi», deydi Makkristalning vorisi general Devid Petreus.

«Bayden doim «Bizning urushimiz «Tolibon» bilan emas, balki «Al-Qoida» bilan», derdi. Men buni har doim soddalarcha fikrlash deb hisoblaganman», deydi 2009 yilda Pokistonning Vashingtondagi elchisi bo‘lgan Husayn Haqqoniy.

Asli afg‘on bo‘lgan amerikalik Sher Husayn Jaghori 2003 yilda amerikalik askarlar uchun tarjimonlik qilayotganda qo‘lidan ayriladi.

U ayni paytda AQSh fuqarosi va Amerika qo‘shinlarining olib chiqib ketilganidan g‘azabda.

«Bayden Afg‘oniston xalqini «Tolibon»ning qo‘liga topshirdi. Men AQSh ma'muriyatiga endi ishonmayman. Xotinim va o‘g‘lim Baydenga ovoz berishdi. Men «Bunday qilmanglar!», degandim. Endi esa ular menga haq ekanimni aytishmoqda. Ular boshqa ovoz berishmaydi», deydi Jaghori BBC fors xizmatiga.

So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, 20 yillik urushda to‘kilgan qonlar va sarflangan xarajatlar va kampaniyani yakunlash bo‘yicha yillar davomida berilgan va'dalar amerikaliklarni charchatgan va askarlarni olib chiqish rejasi qo‘llab-quvvatlangan.

Barak Obama prezidentlik davrida amerikalik harbiylarni ortga qaytarishga va'da bergandi. Tramp ham prezidentlik kampaniyasi paytida «adog‘i yo‘q urush» haqida gapirgan va AQSh qo‘shinlarini olib chiqish sanasi sifatida 2021 yil 1 may sanasini aytgandi.

O‘tgan oy Chikago shahrida o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, amerikaliklarning 70 foizi Baydenning chekinish rejasini qo‘llab-quvvatlagan.

Ammo o‘shanda toliblar hali bu qadar tez ilgarilamayotgandi.

Sohadagi vaziyat o‘zgarayotgan, amerikalik faxriylar o‘zlari bilan ishlagan afg‘onlarning o‘limi haqidagi xabarlarni o‘qiyotgan, koalitsiya kuchlari qo‘lidagi hududlar «Tolibon»  nazorati ostiga o‘tgan, yordam tashkilotlari esa gumanitar inqiroz haqida ogohlantirayotgan bir paytda ba'zilar bugungi vaziyatni AQShning 1975 yilda Vetnamning Saygon shahridan sharmandalarcha chiqib ketishiga qiyoslashmoqda.

Amerika vertolyotlari Saygondagi elchixona tomida. 1975 yil aprel
Dirck Halstead / Liaison / Getty Images
Kobuldagi elchixona ustidagi Amerika vertolyoti. 2021 yil 15 avgust
Rahmat Gul / AP Photo / Scanpix / LETA

Bryuyen bu holatni quyidagicha baholaydi: «Nazariy jihatdan, amerikaliklar chiqishni xohlashdi. Ammo amalda toliblarning ko‘chalarda mashinalarda borayotgani tasviriga duch kelgan amerikalik askarlarning saygoncha qochishi hazm qilinishi qiyin bo‘lgan manzarani hosil qildi».

Mavzuga oid