Jamiyat | 17:22 / 18.08.2021
18999
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda IIB xodimlari va mahalliy aholi o‘rtasidagi ziddiyat aks etgan video tarqaldi. IIV voqeaga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ichki ishlar xodimlari va bir necha fuqaro o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat tasvirlangan. IIV axborot xizmati voqea mast holda avtomobil boshqargan fuqaroni idoraga olib ketishda uning yaqinlari qarshilik ko‘rsatgani natijasida sodir bo‘lganini ma'lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Namangan viloyatida bo‘lgani aytilgan voqeada ichki ishlar xodimlari bir oilaning ikki nafar a'zosini qo‘liga kishan taqib idoraga olib ketmoqchi bo‘layotgani, mahalliy aholi esa ichki ishlar xodimlariga qarshi chiqib, ularni olib ketishga yo‘l qo‘ymayotgani aks etgan.

Kun.uz voqea bo‘yicha IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi. Uning ma'lum qilishicha, shu yil 31 iyul kuni soat 18:00larda Pop tumani IIB HPB profilaktika inspektori “Guliston” MFY hududida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, shu tumanda yashovchi B.N. o‘ziga tegishli “Neksiya-2” rusumli avtomashinasini spirtli ichimlikdan mast holda boshqargani aniqlangan.

IIB xodimlari B.N.ni sodir etgan huquqbuzarligi bo‘yicha 1-sonli IIB binosiga olib ketayotgan vaqtda B.N.ning o‘g‘li hamda uning tanishi IIB xodimlari tomonidan boshqarib ketilayotgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinani to‘xtashga majbur qilib, otasining olib ketilayotgani uchun xodimlarga qarshilik ko‘rsatib, janjal ko‘targan. Profilaktika inspektori holat yuzasidan uning mahallasiga yondosh bo‘lgan uch nafar profilaktika inspektorlarini yordamga chaqirgan.

Profilaktika inspektorlariga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolar Pop tuman IIBga olib borilib, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda fuqarolarni IIBga olib borish jarayonida hech kimga tan jarohati yetkazilmagan.

Avtotransport mashinasini mast holatda boshqargani uchun fuqaro B.N.ga nisbatan 2021 yil 13 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi tomonidan 1 yil 6 oyga haydovchilik huquqidan mahrum etish va BHMning 25 baravari (6 mln 125 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, voqeada ishtirok etgan boshqa fuqarolar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar MJtKning 183 va 194-moddasining 1-qismi bilan malakalanib, ularning har biriga BHMning 3 baravari (735 ming so‘m)dan jarima jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid