O‘zbekiston | 21:53 / 18.08.2021
6323
1 daqiqa o‘qiladi

Siyosiy partiyalarga ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda prezident saylovi kampaniyasi vaqtida tashviqot olib borish huquqini ta'minlash maqsadida, siyosiy partiyalarga ommaviy tadbirlar o‘tkazishga ruxsat berildi.

Foto: O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi

Bu haqda Respublika Maxsus komissiyasi tomonidan qaror qabul qilindi, deb ma'lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

“Bunda siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda ishtirokchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish, antiseptik vositalardan foydalanishga rioya etish kabi sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etishga hamda uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga e'tibor qaratish tavsiya etildi”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Saylov kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali tashviqot olib borish huquqi ta'minlanadi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda saylovoldi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Prezident saylovi 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid