16:14 / 19.08.2021
15546

Uch investor ishi: Kalavaning uchi qayerda?

Kun.uz o‘zbek tadbirkori va uni ayblayotgan uch nafar xorijlik investor ishi bo‘yicha surishtiruvining yakuniy 3-qismini taqdim etmoqda.

Surishtiruvning 2-qismida Bosh prokuratura «Orient Ceramic» MChJ vakillarini qabul qilmayotgani aytilgandi. Korxona direktori Nodir Obidov huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ularning shikoyatiga e'tibor bermayotgani haqida so‘zlagandi. Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning telefon suhbatidagi so‘zlari ham buni qisman tasdiqlaydi.

Svetlana Ortiqova: Eshitaman..

Ulug‘bek Rasulov: Svetlana opa, men tadbirkor Rasulov Ulug‘bekman.

Svetlana Ortiqova: Xo‘sh, xo‘sh..

Ulug‘bek Rasulov: Bir og‘iz meni ham izohimni olsangiz, bir marta meni qabul qiling qabulingizga...

Svetlana Ortiqova: Sizning qo‘lingizda, tuman prokurori, viloyat prokurori yoki shahar prokurori imzosi bilan javob bormi?

Ulug‘bek Rasulov: Bor-ku..

Svetlana Ortiqova: Shahar prokurori imzosi bilan javob bormi? Nega men sizni qabul qilishim kerak ekan?! Qanday botinib siz menga qo‘ng‘iroq qilyapsiz, janob Rasulov?

Ulug‘bek Rasulov: Bir marta meni ham eshiting, siz bir tarafni eshitib xulosa qilyapsiz-da, o‘shanga...men ham tadbirkorman, 700 odamni ish bilan ta'minlayman deb...

Svetlana Ortiqova: (o‘shqirib) Yaxshi, ishlang, qonun doirasida ishlang.

Ulug‘bek Rasulov: Qonun doirasida ishlayapman.

Svetlana Ortiqova: Yo‘q-yo‘q, men sizni qabul qilmayman. Menga boshqa qo‘ng‘iroq qilmang. Men sizdaqa odamlarni tanimayman. Tanimayman, qayerga borib, meni ustimdan murojaat qilsangiz ham mayli.

Ulug‘bek Rasulov: Rahmat opa

Svetlana Ortiqova: Xunobimni chiqarib yubordingiz-ku.

Ulug‘bek Rasulov: Chet elliklarni eshityapsiz-da, meni qabul qilmayapsiz-ku, o‘shanga sizga murojaat qilyapman, iltimos, meni qabul qiling.

Svetlana Ortiqova: Yana bir bor sizga o‘zbek tilida gapiryapman, chet ellik o‘zini pulini sarflayapti, siz bankdan kredit olib sarflayapsiz.

Ulug‘bek Rasulov: Menam o‘zimni...

Svetlana Ortiqova: To‘xtang, siz bankdan kredit olsangiz, birovni pulini sarflayapsiz, qaytaryapsizmi-yo‘qmi o‘sha pullarni, Xudo biladi, qo‘ysangiz-chi!

Ulug‘bek Rasulov: E, Alloh asrasin, unaqa narsalarni gapirmang, bilmasdan turib.

Svetlana Ortiqova: Qo‘ysangiz-chi, nima, men bilmaymanmi?

Svetlana Ortiqova

Biz mazkur suhbat mazmunini izohlashni so‘rab, S.Ortiqovaga murojaat qildik.

Bosh prokuror o‘rinbosari bu masalada jurnalist bilan uchrashishga rozilik bildirgan bo‘lsa-da, video yoki audio intervyu bermasligini ma'lum qildi. Uning aytishicha, Rasulovdan oldin unga «nufuzli» kishilardan biri (kimligi tahririyatga ma'lum) yarim tunda qo‘ng‘iroq qilib, hodisalar rivojiga ta'sir o‘tkazishga urinib ko‘rgan. Shu bois, Ortiqova Ulug‘bek Rasulovni umuman qabul qilmasligini yana bir bor ta'kidladi.

“Uch xorijlik tadbirkorni esa ular xorijdan sarmoya keltirgani uchun ham tinglaganman”, – dedi u.

Ortiqova Kun.uz'ning: “Qanday qilib uchrashmagan, gaplashib ko‘rmagan odam haqida boshqalarning, aniqrog‘i, shikoyatchilarning so‘zlari bilan xulosa qilish mumkin?” degan savoliga: “Men bilaman”, deb javob qaytardi.

Jurnalist, o‘zlarini xorijiy investorlar deb aytayotganlar o‘tgan davrlar mobaynida soliq va boshqa qonun talablarini buzib faoliyat yuritganiga doir ma'lumotlar borligini bildirganida, bu ma'lumotlar prokuraturaga taqdim etilsa, ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytdi.

Svetlana Ortiqova bu tadbirkorning ortida “nufuzli inson” turganini aytarkan, u kimligi haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.

Qolaversa, bizga ma'lum bo‘lishicha, mazkur 3 nafar xorijlik tadbirkor ishi bilan bevosita shug‘ullangan Bosh prokuratura xodimi Toshkentdagi qahvaxonalardan birida Hadi Kalo va sherigi bilan uchrashgan. Buni Hadi Kaloning o‘zi ham Kun.uz'ga bergan intervyusida tasdiqladi.

“Men Bon kafeda edim. U to‘satdan kelib qoldi. Meni uni yaxshi taniyman, chunki oldin ham bizga yordam bergan. Avval aytganimdek, bizning “Kvars” zavodida ham sarmoyamiz bor edi. Ushbu kompaniya bilan muammomiz haqida, 4 yildirki, Bosh prokuratura va Prezident devoniga yozib kelamiz.

Bunda, prokuraturaning ushbu xodimi janob Azizbek Eshbekov bilan 4 yildan beri, 2017 yildan buyon ishlaymiz.

O‘sha kuni kechqurun do‘stim bilan qahva ichib o‘tirganimizda u kelib qoldi va 1-2 daqiqa qoldi-da ketdi. U bu ishga jalb etilmagan va biz u bilan hech narsani muhokama qilmadik.

Men Bosh prokuror o‘rinbosari Ortiqova bilan uchrashganimda tilni bilgani uchun Eshbekovni chaqirishdi. Biz uni tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanishini bilamiz”, - dedi Hadi Kalo.

Bosh prokuratura xodimi o‘zi shug‘ullanayotgan ishdagi taraflar bilan ishdan tashqarida, qandaydir qahvaxonada uchrashishi prokuratura xodimlari odob-axloq qoidalariga qanchalik mos keladi?

Svetlana Ortiqovaga shu savol bilan ham yuzlandik. Bosh prokuror o‘rinbosari bu masala bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani, hech qanday kamchilik topilmaganini bildirdi. Bu so‘zlarini isbotlovchi birorta hujjat taqdim etish bo‘yicha so‘rovimiz esa rad etildi.

Hadi Kalo Kun.uz jurnalistiga bergan intervyusida «Orient Ceramic» MChJ direktori Nodir Obidovga aynan qanday konsalting xizmati ko‘rsatganiga ham oydinlik kiritmadi va umumiy qilib juda ko‘p xizmatlar ko‘rsatganini aytdi.

Bizdagi videolardan birida Hadi Kalo pulni xizmat ko‘rsatish uchun deb o‘tkazishni so‘raganini ko‘rish mumkin. Nodir Obidov 500 ming AQSh dollari o‘tkazilishi arafasida “payment for invoice” deb yozilgan holda pul o‘tkazilishini bildirgan. Bunga javoban, Hadi Kalo bunday holatda bank qanday tovar uchunligiga qiziqib, “nakladnaya” so‘rashini aytib, shuning uchun “usluga” (xizmat) deb ko‘rsatilsa yaxshi bo‘lishini ta'kidlagan.

Yana bir gap. «Stroyservis» «Orient Ceramic» bilan shartnomaga shunday normani kiritganki, unda mabodo birlamchi kelishuv amalga oshmasa, bajarilgan ishlar uchun kompensatsiya to‘lanmaydi va oldindan berilgan pullar qaytarilmaydi.

Shu nuqtai nazardan yondashganda, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar barcha ehtimollarni o‘rganish chog‘ida, «Stroyservis» tomoni «Orient Ceramic» MChJni qasddan birlamchi kelishuvni bekor qilishga olib borayotgan yoki shartnoma shartlari muddatida amalga oshmasligi uchun imkon qadar harakat qilayotganiga doir ehtimolni nima uchun ko‘rib chiqmayapti?

Axir, «Stroyservis» MChJ shundoq ham yutuqda ekan, u ulushini sotmaslikka yoki boshqa biror xaridorga sotishga qaror qilgan bo‘lishi ham mumkin-ku.

Keling, shu yerda «Stroyservis» MChJga doir qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etsak.

1994 yil 30 mart kuni 1011-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan korxonada davlat ulushi 21 foizni tashkil etadi va bu ulushni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi nazorat qiladi.

«Stroyservis» qo‘shma korxonasi 2016 yil yakuni bo‘yicha 396 mln so‘m, 2017 yilda 1,4 mlrd so‘m, 2018 yilda 4,2 mlrd so‘m, 2019 yilda esa 2,3 mlrd sof foyda olgan. Umumiy yig‘ilishda davlat ulushi bo‘yicha 21 foizga dividend hisoblash masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. 100 foiz ma'qullanmagani, ya'ni korxonaning boshqa ishtirokchi tomoni qarshi bo‘lgani sababli dividend hisoblanmagan.

Davlat ulushi mavjud korxonaning 2018-2019 yil yakunlari bo‘yicha olgan sof foydasi korxonani rivojlantirishga qoldirilgan, davlatga bir tiyin ham dividend hisoblanmagan. 2019-2020 yillarda ham korxona davlatga dividend to‘lamagan.

2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, «Stroyservis» zimmasida jami 2 mlrd 731 mln 100 ming so‘m, shundan 2 mlrd 714 ming so‘m budjet oldida va 17,1 ming so‘m davlat maqsadli jamg‘armalaridan qarzdorliklari bor.

Endi esa, Hadi Kalo va «Stroyservis»ning hindistonlik xodimlari uqtirganidek, «Orient Ceramic» MChJ haqiqatan ham o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari qilganmi, degan savolga imkon qadar javob topishga harakat qilsak. Bizga taqdim etilgan videolardan barchasini anglab olish mumkin.

Birinchi video rieltor tomonidan olingan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilgan. Diqqat qilinsa, unda tomonlar «Stroyservis» maydonining qaysi joylarida qanday qurilish qilinishi, u nima asosda amalga oshirilishi haqida boradi. Hadi Kalo biror idoradan kelib bosh qotirmasliklari uchun ijara shartnoma qilib qo‘yish kerakligi, pulning qolgan qismi qachon to‘lanishi haqida so‘z yuritadi. Ulug‘bek Rasulov pulni uzog‘i bilan kuzgacha to‘lashini, ammo vaqt yo‘qotmaslik uchun hozirdan qurilish ishlarini boshlab yuborishi zarurligini aytadi.

G‘isht zavodning konveyeri ko‘chirilayotgan vaqtda esa, hind xodim ko‘zga tashlanmoqda. Bu esa ularning barchasidan xabardor ekanliklariga ishora qiladi.

«Stroyservis»ning moliyaviy direktori Guptaning «Orient Ceramic» MChJ direktori Nodir Obidov bilan Telegram yozishmalarida ko‘rish mumkinki, ular iyul-avgust va oktyabr oyida ham g‘isht yetkazib berish va uning uchun to‘lovni naqd ko‘rinishda amalga oshirish masalasini muhokama qilishgan. Bu ham «Stroyservis» bir necha oy mobaynida «Orient Ceramic» MChJ bilan birgalikda bir joyda ishlaganini va ishlab chiqarish to‘xtatilmaganini anglatadi.

«Stroyservis»ning moliyaviy direktori Gupta

Navbatdagi videoda Nayni Kumarning imzosi soxtalashtirilganiga doir fikrlari yuzasidan «Orient Ceramic» MChJ direktori taqdim etgan dalil aks etgan. Unda Hadi Kalo va Nodir Obidov ulush va mulkni garovga qo‘yish masalasida qonunchilik talablarini muhokama qilishgan. Videoning so‘nggi soniyalarida «Stroyservis» nomidan tayyorlangan xatning 2 namunadagi nusxasi Nodir Obidov tomonidan Hadi Kaloga yuborilgani ko‘rinadi. Albatta, ushbu dalil bu holatdan ham Hadi Kaloning xabari bo‘lganini isbotlaydi.

Xitoylik Van Sin Min shikoyati bo‘yicha Ding Feng Ping so‘zlariga bir narsani qo‘shimcha qilish mumkin. Van Sin Min va sherigi Guo Li Hong tomonidan IIV Tergov departamentiga qilingan barcha murojaatlar o‘rganilib, tergovchilar jinoiy ish ochish so‘rovini rad etish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

So‘zimiz navbati Eronning Ehsan Maybod Manufacturing Group korxonasi faoliyati haqida. Biz Abulfazl Mobarra taqdim etgan ma'lumotlar haqqoniyligini surishtirdik.

Dastlab korxona haqida qisqacha. 2009 yilda tashkil etilgan firma 2019 yilgacha tayinli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olmaganini alohida qayd etish kerak. Bosh prokuraturaning 2020 yil 28 sentyabrda Vazirlar Mahkamasiga yo‘llagan xatida bunga boshqa vajlar keltirilgan bo‘lsa-da, xatda ushbu korxona oldin ham Xalq bankidan olingan kreditlarni qaytara olmagani bois, sotuvga qo‘yilgani haqida lom-mim deyilmaydi. Asia Alliance Bank aynan ushbu korxonaning Xalq bankidan qarzini sotib olgach, Ehsan Maybod Manufacturing Group ustidagi “qora bulutlar” vaqtincha tarqagan, bankrotlik bo‘yicha sud ishi to‘xtatilgan.

Bosh prokuraturaning 2020 yil 28 sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasiga kiritgan xatida Ehsan Maybod Manufacturing Group 11 mln AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgani qayd etiladi. Qolaversa, korxona pandemiya yilida ham 100 ming AQSh dollariga teng mahsulotni eksport qilgani ta'kidlanadi. Biz ayni raqamlarni isbotlovchi biror hujjat taqdim etishni so‘rab, Abulfazl Mobarraga Telegram orqali murojaat qildik.

Ammo, bizga qariyb 10 mln dollarga yaqin investitsiya kiritilganini tasdiqlovchi dalil emas, kompaniya nomidan yozib berilgan ma'lumotnoma taqdim etildi. Aynan shuncha mablag‘ olib kirilganini isbotlovchi hujjat berilmadi.

Bosh prokuraturaning Vazirlar Mahkamasiga yo‘llagan xatida ta'kidlanganidek, korxonaning pandemiya yilidagi eksportiga doir quyidagi raqamlar e'tiborimizni tortdi va uni faktcheking qildik.

Biz bu korxonaning 2019 yildagi eksport ma'lumotlarini Bojxona qo‘mitasidan olishga muvaffaq bo‘ldik. Davlat bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, “Ehsan Maybod Manufacturing Group” MChJning xorijga kafel eksport qilganiga doir ma'lumotlari haqiqatga mos kelmaydi. 2019 yilda 6ta eksport amaliyotini amalga oshirgan bo‘lib, uning jami summasi 129 ming 840 dollarni tashkil etgan. 2020 yilda esa, umuman eksport qilmagan. Bosh prokuror imzosi qo‘yilgan xatda esa, pandemiya yilida ham 100 ming AQSh dollarilik kafel mahsulotlari eksport qilgani ta'kidlanadi. O‘zbekistonda pandemiya 2020 yil 16 martdan boshlanganini bilmaydigan odam bo‘lmasa kerak.

Kun.uz jurnalisti suhbatlashgan soliq va bojxona idoralaridagi mas'ul mulozimlarning ma'lum qilishicha, korxona 10 mln dollar xorijiy sarmoyani bevosita pul ko‘rinishida kiritmagan, balki tayyor mahsulot sifatida olib kirgan. Buni korxonaning eksport-import amaliyotlari tarixidan ham bemalol ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, biz taqdim etilgan ma'lumotlarni tekshirish maqsadida, bosh vazirning 2020 yil 2 oktyabrdagi topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan Tahliliy guruh tarkibidan o‘rin olgan mutasaddilarning bir qanchasi bilan bevosita va telefon orqali suhbatlashdik. Bu suhbatlarning audioyozuvlari mavjud.

Umumiy tarzda shuni aytish mumkinki, guruh a'zolari aksariyatining fikricha, O‘zbekiston tomoni eronlik tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha chorani ko‘rgan, hatto imkoni yo‘q darajada ko‘mak bergan. Kreditlarni so‘ndirish muddati bir necha marta cho‘zib berilgan, hisoblangan penyalardan voz kechilgan, tabiiy gaz va elektr energiyasidan qarzdorliklarni restrukturizatsiya qilishga ko‘rsatmalar berilgan. Aylanma mablag‘ uchun kredit ustiga kredit berish topshirig‘i ham bor. Bularning barchasi Tahliliy guruh yig‘ilishi bayonida qayd etilgan.

Asia Alliance Bank mas'ullarining ta'kidlashicha, korxona ushbu bank mijoziga aylanib, ishlab chiqarishni boshlagandan so‘ng, bir muddat oldi-sotdi amaliyotlari korxonaning hisob raqamida ko‘ringan, keyinchalik unda umuman biror amaliyot qayd etilmagan. Bankning tovar oldi-sotdisi korxona hisob raqamida ko‘rinishiga, shu bilan uning shaffof amaliyotini ta'minlashga doir birgina talabi ham qondirilmagan. Bosh prokuratura esa nima uchundir ushbu korxonaning moliyaviy amaliyotlarini sinchkovlik bilan o‘rganmagan.

O‘rganishlarimiz yakunida o‘z mulohazalarimizni bildirmoqchimiz. Aytaylik, siz o‘z biznesingizni ochmoqchisiz. Buning uchun 1 sotix yer kifoya qiladi. Siz yer so‘rab, hokimiyatga borsangiz, auksiondan sotib olishni aytadi. Yerni bir amallab olgach, aylanma mablag‘ uchun bankka borsangiz, yerni garovga ololmasligini, balki biror ko‘chmas mulk bo‘lishi kerakligini aytadi. Siz uni ham amallab topasiz, kreditni oldingiz, ammo to‘lov kunidan bir kun kechiktirib ko‘ring-chi? Shu kundayoq bank xodimi qo‘ng‘iroq qiladi, penya undirilishi bilan ogohlantiradi, kerak bo‘lsa shartnomani bekor qilib, garovdagi mulkingizni tortib olishga ham haqli.

Biz hikoya qilgan masalada esa, 2009 yilda kelib ishlab chiqarishni jo‘yali yo‘lga qo‘ya olmagan, ammo Svetlana Ortiqova ta'biri bilan aytganda, “o‘zining pulini olib kelgan” eronlik tadbirkorga esa, davlat ulushi 100 foizlik o‘zbek banki 33 mlrd so‘mdan ortiq kreditini so‘ndirish muddatini bir emas, bir necha marta uzaytirib bersa, yana tabiiy gaz, elektr energiyasidan foydalanganlik uchun to‘lovlar 2,5–5 mlrd so‘mni tashkil etsa-yu, u ham Bosh prokuratura talabi bilan muzlatilsa... Naq 19 gektar sug‘oriladigan yer maydoni bo‘lsa-yu, unda yillar davomida qurilgan korxonadan 10 yil davomida samarali foydalanmasa...

Chet eldan “o‘zining pulini olib kelgan”, yana bankrotlik yoqasidan 2 marta qaytarilgan xorijlik investorning ahvoli shumi?

Biri dividend to‘lamasa, ikkinchisi, o‘z vatandoshi aytganidek, firibgar bo‘lib chiqsa, uchinchisi esa o‘zbek soliq to‘lovchilari mablag‘i hisobiga shakllantirilgan o‘zbek bankidan olgan kreditlarni qaytarmasa-yu, ustiga yana kredit olsa, energoresurslardan qarzdorliklar “chet el tadbirkori” deb vaqtincha muzlatib qo‘yilaversa, sizningcha, “xorijlik tadbirkor, investor” deyish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Bosh prokuratura bosh vazirga yozgan xati bilan, qo‘shtirnoq ichidagi 3 xorijlik investorni qabul qilish bilan kimni himoya qilmoqda?

Tasavvur qiling, birgina tadbirkorga berilgan bir necha million dollarlik sarmoya va salohiyat, mahalliy kichik tadbirkorlarga taqdim etilganida bir necha barobar foydasi bilan qaytishi mumkin emasmidi?

Agar,50-100 ming dollardan berilganida ham kamida 40-60 kichik tadbirkorni aylanma mablag‘i yoki ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishi uchun mablag‘ bilan ta'minlash mumkin edi. Qolgani zanjir reaksiyasini ishga tushirar edi.

Xullas, nazarimizda, xorijlik investorman, O‘zbekistonga pul tikmoqchiman degan xorijlikni ko‘zga to‘tiyo qilaverish emas, ularga ham aniq shartlar qo‘yish, moliyaviy hisobotlarini yaxshilab o‘rgangach, O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga imkon berish kerak.

Axir, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Turkiyaning Demir kompaniyasi rahbariga “Chorsu” mehmonxonasi berilmaganini izohlar ekan, Ahmad Demir mehmonxonani o‘zbek bankiga garovga qo‘yib kredit olmoqchi bo‘lganini, hech qanday sarmoya kiritish niyatida bo‘lmaganini ro‘yirost aytganida, hech kim e'tiroz bildirmadi ham, xorijlik “investor”ni kimdir himoya qilmadi ham.

Shunday ekan, nega endi boshqa holatlarda O‘zbekistonga kirib kelayotgan xorijlik tadbirkorlarning bunday yo‘l tutishiga ko‘z yumish kerak? Nima uchun ikki xil standartdagi o‘yinlar bo‘lishi lozim?

So‘zimiz so‘ngida «Orient Ceramic» MChJ tomonidan taqdim etilgan quyidagi ma'lumotni e'tiboringizga havola qilamiz. Unda korxonaning 2019, 2020 va 2021 yillarda to‘lagan soliqlari hamda eksportiga doir axborot aks etgan. 3 qismdan iborat surishtiruvlarni o‘rgandingiz, xulosa har kimning o‘ziga havola.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top