Jahon | 20:45 / 20.08.2021
7376
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy parlamenti oilalarga uchtagacha farzand ko‘rishga ruxsat berdi

Mamlakat aholisi tarkibida qariyalar ulushining ortib ketayotganligi uchun hukumat farzand ko‘rishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatib, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Getty Images/Stringer

Xitoyning Butunxitoy xalq kengashi kongressi (parlament) doimiy qo‘mitasi «Aholining ko‘payishi va tug‘ilishni rejalashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritdi va xitoylik oilalarga uchtagacha farzand ko‘rishga qonuniy ruxsat berdi.

Qonunning yangi tahririda qayd etilishicha, hukumat yosh oilalarga moliyaviy, soliq, sug‘urta, ta'lim va uy-joy imtiyozlarini joriy etish va yosh avlodning tug‘ilishi va tarbiyasi, shuningdek, ta'lim xizmatlari uchun ota-onalarning xarajatlarini kamaytirish majburiyatini oladi.

Shuningdek, mahalliy hokimiyat va ish beruvchilar yosh bolalarni tarbiyalayotgan xodimlarga qo‘shimcha ta'til berishni joriy etadi.

Joriy yilning may oyida Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi oilalarga uchtagacha farzandli bo‘lishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Iyul oyida XXR Davlat Kengashi tegishli jarimalarni bekor qildi, shuningdek, yosh oilalarni arzon uy-joy bilan ta'minlash va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari uchun soliq imtiyozlari masalasini ko‘rib chiqish rejalarini e'lon qilgandi.

Ma'lumot uchun, 1970-yillarning o‘rtalaridan boshlab XXR tug‘ilish darajasini cheklash bo‘yicha bir oila – bir bola siyosatini olib bordi.

Biroq mamlakat aholisining tez qarishi tufayli 2008-2009 yillarda Xitoy hukumati er-xotinlarga ikki farzandli bo‘lishga ruxsat berdi. 2016 yil 1 yanvardan boshlab XXRda barcha xitoy oilalariga ikki farzand ko‘rishga ruxsat beruvchi qonun kuchga kirdi.

2020 yil oxirida XXR aholisi 1,41 mlrd kishini tashkil etdi. 60 yoshdan oshgan fuqarolar ulushi esa 18,7 foizga yetdi.

Xitoylik demograflarning prognozlariga ko‘ra, agar hozirgi tendensiya o‘zgarmasa, 2050 yilga kelib Xitoyda 60 yoshdan oshgan 487 millionga yaqin odam bo‘ladi. Boshqacha aytganda, qariyalar 1,4 mlrd aholining 35 foizini tashkil qiladi.

Mavzuga oid