Jahon | 19:36 / 21.08.2021
62442
6 daqiqa o‘qiladi

Ozodlik uchun xavfli yo‘l: Kobul aeroportida vaziyat qanday?

Afg‘onlar Kobul aeroportiga kirishga urinmoqda / Getty Images

15 avgust kuni «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, minglab afg‘onlar va chet el fuqarolari poytaxt Kobulni tark etishga urinmoqda. Kobulda, Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportda kutish jarayoni tobora tartibsiz va xavfli tus olib bormoqda.

«Tolibon» mamlakatning quruqlik chegaralarini yopgach, Kobul aeroporti mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlar uchun yagona yo‘lga aylandi.

Ammo «Tolibon» afg‘onlarning mamlakatni tark etishini istamayapti.

Toliblar aeroport yo‘lida quyidagi xaritada sariq rangda ko‘rsatilgan nazorat punktlarini o‘rnatdi va aeroportga kirmoqchi bo‘lganlar bir necha marta o‘qqa tutildi.

Yakshanba kunidan beri aeroportga olib boruvchi yo‘lda 12 kishi halok bo‘lgan.

Bu voqealar shuni ko‘rsatadiki, endilikda aeroportga yetib borishning o‘zi ham xavfli bo‘lib qolgan.

Aeroport devorlari ichida 4 mingga yaqin amerikalik askarlar tartib saqlashga harakat qilmoqda. Aeroport tashqarisida esa og‘ir qurollar bilan qurollangan «Tolibon» jangchilarining patrullari qo‘rquv muhitini yaratmoqda.

Aeroport tashqarisidagi ba'zi «Tolibon» jangarilarining qo‘lida raketa otish moslamalari ham borligi aytilmoqda

Xabarlarga ko‘ra, jangarilar vizasi bor afg‘onlarning ham aeroportga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Ammo guvohlarning aytishicha, odamlar aeroportga yaqinlashmay turib – uylaridan tashqariga chiqqanlarida ham hujumga uchrashmoqda.

Los Angeles Times gazetasi xodimi Markus Yamning xabar berishicha, «Tolibon»ning o‘nlab jangarilari havoga o‘q uzgan, ayrimlarni esa nishonga olgan, mamlakatdan qochmoqchi bo‘lganlarni tayoq va qamchi bilan savalagan.

Markus Yamning suratlarida kamida bir nafar ayol va bolaning boshidan jarohatlanganini ko‘rish mumkin.

Yaralangan ayol

Avstraliyaning SBS jamoat teleradiokompaniyasi tomonidan tarqatilgan fotosuratlarda esa hujumga uchragan afg‘on tarjimoni tanasining o‘qdan yaralangan qismini ko‘rsatayotgani aks etgan.

So‘nggi kunlarda aeroportning shimoliy tomonida ham ichkariga kirmoqchi bo‘lgan odamlarning ko‘pligi tufayli tirbandlik hosil bo‘ldi. Ma'lum qilinishicha, chorshanba kuni tiqilinch oqibatida 17 kishi jarohatlangan.

Tikanli simlarga qaramay, ko‘plab odamlar xavfsizlik devorlariga ko‘tarilgan va o‘q ovozlari yangragan.

Odamlar Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportning chegara devoridan oshib o‘tishga urinmoqda

Aeroport tashqarisida yig‘ilganlar ichida bir necha kundan beri ovqat va suvi bo‘lmagan bolali oilalar ham bor.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda onalar o‘z bolalarini qutqarish umidida chet ellik askarlarga berib yuborishayotganini ko‘rish mumkin.

Asosiy yo‘llardagi transport harakati

Odamlarning aeroportga yetib borishga urinishlari sun'iy yo‘ldoshdan tasvirga tushirildi.

Ayni vaqtda Kobuldan tijoriy reyslar amalga oshirilmayapti. Afg‘onlar xorijiy davlatlarning evakuatsiya reyslariga ilinishga umid qilishmoqda. 

Chorasiz afg‘onlar

Aeroportdagi tartibsizliklar dushanba kuni ham sun'iy yo‘ldoshlar tomonidan tasvirga tushirilgandi.

Mamlakatni tark etishni istagan ko‘plab afg‘onistonliklar aeroportga kirgach, uchish-qo‘nish yo‘lagidagi samolyotlarga chiqish uchun bir-biri bilan «bellashdi».

Ba'zi odamlar uchayotgan samolyotlarga tirmashib, qochib qutulmoqchi bo‘lishdi va samolyotdan yiqilib halok bo‘lishdi.

Ulardan biri 19 yoshli Zeki Anveri bo‘lib chiqdi, u futbol bo‘yicha Afg‘oniston yoshlar terma jamoasi a'zosi edi. 

AQSh elchixonasi: Kobul aeroportida vaziyat xavfli tus olmoqda 
Amerika fuqarolaridan bu hududga maxsus yo‘llanmalarsiz kelmaslik so‘ralmoqda.

AQShning Afg‘onistondagi elchixonasi ushbu mamlakatda qolayotgan fuqarolarni Kobul aeroportiga safar qilishdan tiyilishga chaqirgan.

«Biz Amerika hukumati rasmiylaridan maxsus ko‘rsatmalar bo‘lmaguncha, fuqarolarini aeroportga borishdan, ayniqsa aeroportning kirish qismiga kelishdan tiyilishga chaqiramiz», deyiladi bayonotda.

Elchixona xodimlarining ma'lum qilishicha, AQShning Afg‘onistonda bo‘lib turgan barcha fuqarolari ham repatriatsiya (vatanga qaytarish) bo‘yicha so‘rov yo‘llamagan, bu esa imkon qadar tezroq qilinishi kerak.

«Reyslar jadvalini aniqlashtirish uchun AQShning Kobuldagi elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilmang, biz bilan aloqa qilishning yagona shakli - yordam haqida so‘rov yuborish», deyiladi sayt xabarida.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Kobul aeroportida hamon xaos hukmronlik qilmoqda va odamlarning ulkan olomoni samolyotlarga chiqib olishga urinmoqda. Toliblar ro‘y berayotgan hodisalar uchun mas'uliyatni zimmasiga olmasligini aytib, barchasini G‘arb davlatlariga to‘nkagan, ularning so‘zlariga ko‘ra bu davlatlar normal evakuatsiya rejasini ham ishlab chiqa olishmagan.

Mavzuga oid