Jahon | 18:43 / 22.08.2021
27885
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Panjsherdagi qarshilik kuchlariga taslim bo‘lish uchun 4 soat muhlat berdi

“Tolibon” harakati Panjsherdagi qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas'udga taslim bo‘lish uchun 4 soat muhlat berdi. Bu haqda Al-Arabiya telekanali xabar berdi.  

Foto: Sidiqullah Khan/AP

“Tolibon” harakati Ahmad Mas'udga Panjsher vodiysini topshirish uchun 4 soat muhlat berdi. Harakat Mas'ud va Amrulla Solih qolayotgan Panjsherni bosib olishga tayyorligini aytdi”, deb keltirilgan telekanal bayonotida.

Toliblar tarqatgan videoda ular Panjsher tomon harakatlanayotgani, Solih va Mas'ud viloyat ustidan nazoratni 4 soat ichida topshirishini, yo‘qsa, toliblar bilan jangga tayyor turishi kerakligini aytishgan.

O‘z navbatida, qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas'ud “Ash-Sharq al-Avsat” nashriga bergan intervyusida toliblar bilan ham muzokaralarga, ham “oxirigacha kurashish”ga tayyorligini aytgan. 

“Biz toliblar bilan inklyuziv hukumatda ishtirok etishga tayyormiz. Biroq ekstremizmga qaratilgan hukumatni shakllantirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu Afg‘oniston uchun ham, mintaqa va butun dunyo uchun ham xavfli bo‘ladi”, deb aytgan Mas'ud.

BBC britan teleradiokorporatsiyasining ta'kidlashicha, qarshilik harakati ayni vaqtda 9 mingga yaqin jangchiga ega.

Avvalroq toliblar Rossiya elchixonasi orqali panjsherliklarga “siyosiy signal” bergani, unda ular Panjsher yetakchilariga ushbu hududga kirishga hali birorta urinishni amalga oshirmagani hamda vaziyatni siyosiy kelishuv orqali tinch yo‘l bilan hal qilishga umid qilishayotganini yetkazishni so‘rashgan.

Mavzuga oid