O‘zbekiston | 13:14 / 23.08.2021
3972
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya logistika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzoladi

Joriy yilning 21 avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Toshkent shahrida Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash haqida so‘z yuritib, tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdi. Hududlararo hamkorlikning II forumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida investitsiyaviy va savdo bitimlari ishlab chiqish maqsadida, O‘zbekiston va Rossiya turli hududlari ma'muriyatlari rahbarlarining 42ta o‘zaro tashrifi tashkil etilishi ma'lum qilindi.

Uchrashuvda logistika yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi o‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Hujjatda zarur infratuzilmani yaratish va tegishli logistika xizmatini tashkil etish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar belgilangan.

Hujjatda bojxona, sanitariya va fitosanitariya tartib-taomillarini takomillashtirish, ikki mamlakat o‘rtasida tovarlarni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, davlat organlari o‘rtasida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik qilishning shakllari belgilangan. Unda, shuningdek, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xususan, agrologistika va ulgurji taqsimot markazlarini tashkil etish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar qayd etilgan. 

Qayd etilishicha, shunday chora-tadbirlardan biri “Agroekspress” muntazam marshrut poyezdini “yashil yo‘lak” tamoyili asosida tashkil etish bo‘lib, u O‘zbekistondan Rossiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘pi bilan besh kunda yetkazib berishni ta'minlaydi.

Uchrashuv yakunida tomonlar munosabatlarning muhokama qilingan yo‘nalishlari doirasida amaliy hamkorlik qilish uchun navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi va yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida barcha darajalarda yaqin aloqalarni saqlab qolishga kelishib oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid