Jahon | 19:01 / 23.08.2021
7097
3 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” AQShga evakuatsiya uchun qo‘shimcha vaqt bermasligini ma'lum qildi

AQSh va Britaniya Afg‘onistondan qo‘shinlarni evakuatsiya qilish uchun qo‘shimcha vaqt olmaydi. “Tolibon” vakili Suhayl Shahin SkyNews britan telekanaliga bergan intervyusida shunday ogohlantirish bilan chiqdi.

Foto: EPA

Uning ta'kidlashicha, toliblar xorijiy davlatlar Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishi muddatini uzaytirishga rozi bo‘lmaydi. Agar xorijiy qo‘shinlar belgilangan muddatgacha mamlakatni tark etmasa, unda toliblar tomonidan bunga tegishli javob bo‘ladi.

“Bu “qizil chiziq”. Prezident Bayden 31 avgustgacha barcha harbiylar olib chiqilishini aytdi. Agar ular bu muddatni sursalar, unda bu okkupatsiyaning davom etishi ekanini anglatadi. AQSh va Britaniya evakuatsiya uchun qo‘shimcha vaqt olishni istagudek bo‘lsa, bizning javob “yo‘q” bo‘ladi. Ular ushbu holatda buning oqibatlariga to‘qnash keladi”, deb aytgan Shahin.

“Tolibon” vakili hokimiyat tepasiga toliblar kelgandan keyin minglab afg‘onlar Afg‘onistonni tark etishni istayotganini “iqtisodiy motivlar” bilan tushuntirdi. Uning fikricha, buning sababi ularning “Tolibon” oldidagi qo‘rquvi hisoblanmaydi.

 “Ular shunchaki g‘arb davlatlarida yashashni istashmoqda va bu o‘ziga xos iqtisodiy migratsiyadir, chunki Afg‘oniston nochor davlat va mamlakatning 70 foiz aholisi nochorlikda yashaydi. Shu sababli barcha yaxshi hayot ilinjida g‘arb davlatlariga ketishni istamoqda. Gap ularning qo‘rqayotganida emas”, deb aytgan “Tolibon” vakili.

Bu orada CNN telekanalining xabar berishicha, Vashington evakuatsiya qilinadigan odamlarni tanlab olishdagi siyosatini o‘zgartirmoqda. 23 avgustdan Kobul aeroportiga faqatgina amerikaliklar, grin-kartalar sohiblari va NATO davlatlari fuqarolari qo‘yiladi. Telekanalning ta'kidlashicha, endilikda mamlakatni tark etuvchi nomzodlarni saralashda toliblar ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, aeroportda xaos saqlanib qolmoqda. Buning sabablaridan biri AQSh elchixonasi tomonidan mamlakatni tark etishi kerak bo‘lgan nomzodlarga ism-sharif va hujjat raqami ko‘rsatilmagan bo‘sh elektron vizalar jo‘natilgani hisoblanadi. Natijada bunday vizalarni olgan afg‘onlar ularning skrinshotlarini aeroportga kirishga huquqi bo‘lmagan boshqa afg‘onlarga jo‘natgan. Buning oqibatida tartibsizlik yuzaga kelgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 23 avgustda aeroportda AQSh va Germaniya harbiylari hamda noma'lum kishilar o‘rtasida otishma yuz bergan. 

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden amerikalik harbiylar va AQShga yordam ko‘rsatgan afg‘onlar evakuatsiyasi muddatlarini uzaytirish masalasini muhokama qilayotganini ma'lum qilgandi. Uning aytishicha, bu masala bo‘yicha yakuniy qaror AQSh belgilangan muddatgacha qancha odamni evakuatsiya qilishga ulgurishiga bog‘liq bo‘ladi.

Mavzuga oid