O‘zbekiston | 20:52 / 24.08.2021
5012
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash va xalq ta'limi xodimlari grippga qarshi emlanadi – shtab a'zosi

Foto: TASS

O‘zbekistonda tibbiyot, maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari xodimlari koronavirus bilan bir qatorda grippga qarshi vaksina bilan ham emlanadi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Botir Qurbonov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qildi.

Botir Qurbonovning aytishicha, 3 ta kontingent: tibbiyot, maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari xodimlarini grippga qarshi emlash uchun vaksinalar keltirilgan.

“Respublikamizga koronavirusga qarshi vaksinadan tashqari grippga qarshi 1 mln 600 ming donadan ortiq vaksina olib kelinishi rejalashtirilgan edi, bugun shundan bir qismi qabul qilinib, respublika hududlariga tarqatildi. Bunda 3 ta kontingent: tibbiyot, maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari xodimlarini emlash ko‘zda tutilgan.

Koronavirusga qarshi vaksina bilan birga gripp vaksinasini olish mamlakatimizda o‘tkir yuqumli infeksiyalar tarqalishi, shu jumladan, gripp kasalligining oldini olishda ham xizmat qiladi” dedi Qurbonov.

Shtab a'zosining ta'kidlashicha, emlangan yoki emlanmaganligidan qat'i nazar, barcha fuqarolardan tibbiy niqobsiz yurmaslik so‘raladi. Ma'lum bo‘lishicha, yurtimizga Shveytsariyadan 1 mln 100 mingdan ortiq tibbiy niqob keltirildi.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid