Jahon | 21:31 / 24.08.2021
9951
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Afg‘onistondagi inson huquqlari buzilishi uchun AQSh va Britaniyani javobgarlikka tortishga chaqirdi

Foto: Rahmat Gul / AP

Xitoy AQSh, Britaniya va Avstraliya harbiylari Afg‘onistonda inson huquqlarini buzgani uchun ushbu davlatlar javobgarlikka tortilishi kerak, deb hisoblamoqda. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilishida Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chen Syuy aytib o‘tdi.

“AQSh, Britaniya, Avstraliya va boshqa davlatlar o‘z harbiylari tomonidan Afg‘onistonda inson huquqlari buzilgani uchun javobgarlikka tortilishi kerak”, deb aytgan Xitoy vakili. Uning ta'kidlashicha, “AQSh va boshqa davlatlar demokratiya va inson huquqlari bayrog‘i ostida mustaqil davlatlarda harbiy aralashuvni amalga oshirmoqda hamda o‘z tarixi va madaniyatiga ega ushbu davlatlarga o‘z modelini tiqishtirmoqda”. Bundan tashqari, ular ushbu davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzmoqda va ularning xalqlariga ko‘p azob-uqubat yetkazmoqda.

“Faktlar muammoni kuch va harbiy vositalar bilan hal qilish yechim emasligini va ular mintaqaviy barqarorlik hamda inson huquqlariga katta ziyon yetkazishini yana bir bor ko‘rsatdi”, deb aytgan Chen Syuy.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 31-maxsus sessiyasi Pokiston va Afg‘oniston iltimosiga ko‘ra o‘tkazilmoqda. Yig‘ilish oldidan e'lon qilingan rezolyutsiyada Afg‘onistondagi ixtilofning barcha tomonlaridan xalqaro huquqqa ko‘ra o‘z majburiyatlariga amal qilish va zo‘ravonlikni to‘xtatish qat'iyan so‘ralgan. Hujjatda Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish lozimligi, mamlakatda inson huquqlari buzilishi haqidagi xabarlar shaffof va tez tergov qilinishi hamda aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligi aytilgan.

Mavzuga oid