Jahon | 22:56 / 25.08.2021
12167
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Si Tszinpin ShHT yordamida Afg‘onistonda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi

Foto: TASS/Zuma

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy raisi Si Tszinpin telefon suhbatida Afg‘onistondagi barqarorsizlikning Markaziy Osiyo hududlariga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalarini muhokama qilishdi. Ikki yetakchi Shanhay hamkorlik tashkilotining salohiyatidan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun foydalanishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, Putin va Si Tszinpin ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga kelishdi.

“Afg‘on muammosi batafsil muhokama qilindi. Afg‘onistondan tarqaluvchi terrorchilik va narkotrafik tahdidlariga qarshi kurashda sa'y-harakatlarni yanada kuchaytirishga tayyorlik bildirildi”, deb aytilgan Kreml xabarida.

Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 76 yilligi yaqinlashayotgani munosabati bilan Rossiya va Xitoy rahbarlari urush yillaridagi voqealarning haqqoniyligini saqlab qolish va tarixni buzib ko‘rsatishga urinishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ishlarni muhokama qilishgan.

Ikki davlat yetakchisi ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanlarini bildirishgan.

Xitoy raisi suhbat davomida Pekin Rossiya va xalqaro hamjamiyatning qolgan a'zolari bilan Afg‘oniston bo‘yicha muloqotni kuchaytirishga tayyorligini tasdiqlagan.

Avvalroq Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi Rossiya va Xitoyga Afg‘onistondagi vaziyatni nazorat qilishiga qarshilik qilishi kerakligini aytgan.

Mavzuga oid