Jahon | 22:06 / 26.08.2021
55313
8 daqiqa o‘qiladi

Terakt qurbonlari orasida amerikaliklar bor, Kobuldan so‘nggi reyslar uchmoqda. Afg‘onistondan so‘nggi xabarlar

Kobulda ikkita portlash sodir bo‘lgan, biri aeroportga kirish qismida va ikkinchisi aeroport yaqinidagi mehmonxona oldida. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 40dan ortiq kishi halok bo‘lib, 130dan ortiq kishi yaralangan.

Pentagon rasmiysi Jon Kirbi qo‘shimcha ma'lumot berdi. U aniq raqamlarni keltirmagan holda Kobuldagi portlashda afg‘onistonliklar ham, amerikaliklar ham halok bo‘lganini tasdiqladi.

«Tolibon» ushbu hodisani terakt sifatida baholadi. Harakat rasmiysi Zabihullo Mujohidning ma'lum qilishicha, Kobulda ikki terakt ro‘y bergan, birinchi portlashda 52 kishi yaralangan, qurbonlar soni hozircha aniq emas.

Ammo internetda tarqalayotgan suratlar va videolar (ularda jasadlar uyulib yotganini ko‘rish mumkin) orqali qurbonlar soni OAVda aytilganidan ancha ko‘proq ekanini taxmin qilish mumkin. Avvalroq bir necha nashrlar 13 kishi halok bo‘lgani haqida yozishgandi.

G‘arb davlatlari rasmiylari «juda ko‘p» kishi jarohatlangani haqida aytmoqda. Al-Jazeera ma'lumotiga ko‘ra, kamida 70 kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib tarqatilgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, portlashlar qurbonlari soni 50 nafarga yaqin, kamida 130 kishi yaralangan.

WSJ ma'lumotiga ko‘ra, qurbonlarning to‘rt nafari Amerika harbiylari.

Portlashlarni IShID terrorchilari sodir etgan
Kobul aeroportiga kirish qismida terrorchi xudkush portlovchi qurilmani ishga tushirgan. Guvohlar ikkinchi terrorchi atrofga tartibsiz ravishda o‘q sochgani haqida aytishgan.

Wakil Kohsar / AFP/ Scanpix / LETA

Bu vaqtda aeroport devorlari ostida xorijga chiqish uchun hujjatlar tayyorlagan minglab afg‘onlar to‘planib turgan.

Baron mehmonxonasi atrofida esa portlovchi moddalar o‘rnatilgan yuk mashinasi portlatilgani aytilmoqda.

IShID ushbu hujumlar uchun javobgarlikni zimmasiga oldi va navbatdagi teraktlar bilan tahdid qildi. «Tolibon» bilan yovlashib keladigan mazkur tashkilot terrorchilari Afg‘oniston islom amirligini inkor etib, mamlakatda Xuroson davlati tuzishga chaqirdi.

Teraktlar davom etishi mumkin
Fransiyaning Afg‘onistondagi elchisi David Martinon odamlardan aeroport atrofidan ketish va xavfsiz joyga yashirinishni so‘ramoqda. U katta ehtimol bilan takroriy portlashlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

«Barcha afg‘on do‘stlarimga murojaat qilaman: agar ayni vaqtda aeroport atrofida bo‘lsangiz – keting va xavfsiz joy izlang. Yana portlashlar bo‘lishi mumkin», degan u tvitterida.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron xavfli bo‘lib qolgan Kobuldagi elchixonani yopish haqida o‘ylamoqda.

Britaniya hukumati portlash qurbonlari orasida britaniyaliklar yo‘qligini ma'lum qildi.

Fox News korrespondenti Jaki Heynrix o‘z manbasiga asoslangan holda aeroport atrofida «Xuroson viloyati» terrorchi guruhining «yuzlab jangchilari» turgani va yaqin vaqtlar ichida yangi hujumlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilgan.

Bayden portlash tufayli Bennet bilan uchrashuvni qoldirdi
AQSh prezidenti Jo Bayden Kobuldagi terakt tufayli Isroilning yangi bosh vaziri Naftali Bennet bilan rejalashtirilgan ilk uchrashuvini qoldirgan.

Bu siyosatchilarning ilk uchrashuvida Isroil va AQSh munosabatlarining yangi formati belgilab olinishi mumkinligi aytilayotgandi. Kuzatuvchilar Afg‘onistondagi vaziyat ularning muloqotiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini aytishgan, Bayden va uning ma'muriyati uchun ayni vaqtda eng jiddiy chaqiriq Afg‘oniston masalasi bo‘lib turibdi.

Bennet Vashingtonga uchishi oldidan AQShga Eron bilan munosabatlar bo‘yicha yangicha yondashuvni taqdim etishini aytgandi.

Ayni vaqtda Bayden, Blinken va Pentagon rahbari Ostin Oq uydagi maxsus xonada shoshilinch yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Terakt haqidagi ogohlantirishlar

AQSh va ittifoqchilari evakuatsiya jarayoni yakunlasha borgani sari vaziyat murakkablasha boshladi. «Tolibon»ning qat'iy talablari ostida AQSh evakuatsiyaning so‘nggi muddati - 31 avgust sanasini uzaytirmaslik bo‘yicha qaror qabul qildi.

Chorshanba kuni kechqurun Buyuk Britaniya TIV va Amerikaning Kobuldagi elchixonasi fuqarolarni ogohlantirib, nima bo‘lganda ham aeroportga mustaqil kelmaslik, kelib bo‘lganlardan zudlik bilan aeroport atrofidan ketish, xavfsiz joyga yashirinish va keyingi ko‘rsatmalarni kutish so‘raldi. Britaniya TIV buni terakt xavfi yuqori ekani bilan izohladi.

Forin-ofis avvalroq britaniyaliklarga Afg‘onistonga bormaslikni qat'iy tavsiya etib, buni ham mamlakatda terrorchilik xavfi yuqori ekani bilan izohlagandi.

Yevropa davlatlari evakuatsiyani yakunlamoqda. Kobuldan so‘nggi reyslar uchadi
Kobul aeroportida xavfsizlik bilan bog‘liq holat yomonlasha boshlagach, Yevropa davlatlari evakuatsiyani yanada jadallashtirdi. Daniya va Niderlandiya payshanba kuni so‘nggi reyslarni amalga oshirmoqda. Niderlandiya hukumatidagi manbaning aytishicha, AQSh shunday qilishni so‘ragan.

Belgiya hukumati so‘nggi evakuatsiya reysi chorshanba kuni kechqurun Kobuldan Islomobodga uchgani va shu bilan ushbu mamlakat Kobuldan odamlarni olib chiqish bo‘yicha operatsiyadagi ishtirokini yakunlaganini ma'lum qildi.

Germaniya hozircha keyingi rejalarini ma'lum qilmagan, ammo ayrim manbalar bugunga rejalashtirilgan to‘rtta reys so‘nggi reyslar bo‘lishini aytishgan.

Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks milliy televideniye orqali chiqishida, juma kuni kechqurun Kobuldan fransuzlarning so‘nggi reysi uchishini ma'lum qilgan.

Voqea joyidagi guvohlar aeroportga odamlarni tashiyotgan avtobuslar postdan o‘tishga ruxsat berilishini kutib 24 soatgacha qolib ketmoqda. Niderlandiyadagi nashrlardan biri xabariga ko‘ra, shu maqsadda buyurtma qilingan avtobus toliblar tomonidan to‘xtatilgach, undan yetti kishi tushirib qoldirilgan, bunga ularda Niderlandiya pasporti bo‘lmagani sabab bo‘lgan.

«Xuroson viloyati»
Bir necha kun oldin AQSh prezidenti Jo Bayden ISIS-K nomidagi guruhni tilga olib, ushbu guruh evakuatsiya uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini aytgandi.

ISIS-K - bu IShIDning Afg‘onistondagi bo‘limi hisoblanadi. Bukva «K» harbiy «Xuroson viloyati»ni ifodalaydi - bugungi Afg‘oniston va Pokistonning katta qismi qadimda shunday atalgan. Avvaliga ISIS-K har ikki mamlakat hududida ham faoliyat olib borardi, ammo 2019 yilda ekstremistlar «Pokiston viloyati» uchun alohida bo‘lim tashkil etadi.

Ushbu guruhga 2015 yilda asos solingan, uning safi asosan «Tolibon»ning sobiq afg‘onistonlik va pokistonlik a'zolari bilan to‘ldirilgan. Ular Afg‘onistondagi «Tolibon» harakati vakillarini murtadlar deb hisoblashadi.

So‘nggi yillarda bu guruh Afg‘oniston hukumati harbiylari, shialar, sikhlar va NATO askarlariga qilingan qator hujumlar uchun javobgarlikni zimmasiga olgan.

IShID so‘nggi yillarda yo‘q bo‘lib qolmadi va mintaqadagi voqealarga munosabat bildirib keldi. Guruh toliblar va AQSh o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini tan olmagan va Afg‘oniston toliblar tomonidan egallanishini amerikaliklarning yon berishi natijasi hisoblaydi.

2019 yilda ISIS-K qator harbiy mag‘lubiyatlarga uchraydi, o‘tgan yili esa guruhning bir necha yetakchisi yo‘q qilinadi, ammo joriy yilda toliblar va Ashraf G‘ani hukumati o‘rtasidagi muzokaralar fonida bir necha yirik teraktlar amalga oshirishgandi.

Mavzuga oid