Sport | 21:10 / 27.08.2021
15411
2 daqiqa o‘qiladi

«MYu» Ronalduning transferini tasdiqladi

Krishtianu Ronaldu «Yuventus»dan «Manchester Yunayted»ga qaytdi.

Ingliz klubi 36 yoshli forvard transferi borasida kelishuvga erishilgani haqida e'lon qildi.

Bundan oldingi xabarlarda Krishtianu «Man Yunayted» bilan ikki yillik shartnoma imzolashi va uning yillik maoshi miqdori 25 million funtni tashkil etishi aytilgandi. Transfer qiymati 25 million yevroga baholangan, manchesterliklar bu summani ikkiga bo‘lib to‘lashadi.

Futbolchi uchun avvaliga «Manchester Siti» asosiy da'vogar bo‘lgan, ammo futbolchi sobiq jamoasidan taklif borligini bilgach, bu klub bilan muzokaralarni to‘xtatishga qaror qilgan.

Ma'lumot uchun, Ronaldu avval ham 2003 yildan 2009 yilga qadar «Manchester Yunayted» safida to‘p surgan. U yerdan «Real»ga o‘tgan (2009-2018), keyin – «Yuventus»ga.

«MYu» safida Krishtianu uch marta Angliya chempioni bo‘lgan, ikki marta – Angliya ligasi kubogini, bir marta mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan.

2008 yilda portugaliyalik futbolchi «Yunayted» bilan Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid