Sport | 22:29 / 27.08.2021
43376
10 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu «MYu»ga qaytdi. Kutilmaganda ro‘y bergan transfer tafsilotlari

Bu hayratlanarli yozning yana bir supertransferi amalga oshirildi! Ronaldu Manchesterga qaytmoqda. «Siti»ga emas, «Yunayted»ga.

Foto: ALEX LIVESEY/GETTY IMAGES

2021 yilning yozi tarixga kirishi aniq. Avvaliga — Leo Messi «Barselona» bilan xayrlashib, «PSJ»ga o‘tganiga guvoh bo‘ldik. «Real» «PSJ»dan Mbappeni olish uchun tinmay harakat qilmoqda va maqsadga yaqin. Klub rahbarlari kelisha olishsa, bu transfer kamida 160 mln yevrodan qimmatroqqa amalga oshadi. Endi — Krishtianu Ronalduning «Yuventus»dan o‘zi 2003-2009 yillarda ham o‘ynagan «Manchester Yunayted»ga transferi ro‘y berdi.

Kun davomida tarqalgan yangiliklarni kuzatib adashib ketgan, har 15 daqiqada tvitter lentasini yangilab o‘tirishdan charchaganlar yoki shunchaki so‘nggi kunlarda tarqalgan xabarlarni kuzatmaganlar uchun quyida voqealar xronologiyasi keltirib o‘tiladi.

1) Ronaldu «Yuventus»dan ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar o‘tgan mavsum yakunlanishi bilanoq chiqa boshlagandi. Portugaliyalik futbolchi mavsumning so‘nggi turida «Bolonya»ga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirildi, bu o‘yin natijasiga ko‘ra «Keksa sinora» bir amallab Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ammo Krishtianu bilan bog‘liq vaziyatni allaqachon sensatsiyaga aylantirishgandi. Qolaversa, u jamoa bilan YeChLni qatorasiga ikki mavsumda 1/8 finaldayoq tark etdi. Nihoyat Maksa Allegri jamoa bosh murabbiyligiga tayinlandi — ularning 2018/19 yilgi mavsumdagi hamkorligi ikki tomonda ham yoqimli taassurotlar qoldirmagandi. «Real», «Manchester Yunayted», «PSJ» va Ronalduning ilk jamoasi Lissabon «Sporting» klubi uning keyingi manzili bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar chiqdi... «Siti»ni esa dastlab hech kim tilga olmayotgandi.

2) Yoz xotirjam o‘tdi. Avgust oyi boshida Krishtianu «Yuventus»ning «Barselona»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.

3) Ammo so‘nggi ikki haftada voqealar rivoji keskin rivojlanib ketdi. 16 avgust kuni kechqurun bir necha soat farqi bilan Krishtianuning kelajagi borasida uchta nashrdan uch xil yondashuv tarqaldi. Rimning Corriere dello Sport nashri forvardning agenti Jorjye Mendesh «Manchester Siti»ga murojaat qilib, ularga o‘z mijozining xizmatlarini taklif etdi, futbolchining narxi aslidan ancha arzon bo‘lishi aytildi. Ispaniyada El Chiringuito nashri «Real» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Ronaldu bilan yana hamkorlik qilishga qarshi emasligini aytgani haqida xabar tarqaldi, ular italiyalik mutaxassisning Madridga avvalgi kelishida muvaffaqiyatli ishlashgandi. Marca nashri esa Krishning kelajagini «PSJ» bilan bog‘ladi.

Keyingi kun Ronaldu Instagram sahifasida post joylab, uning nomini transfer mish-mishlari haqidagi xabarlarda ishlatishni bas qilishni so‘radi — u bu o‘ziga va nomi tilga olinayotgan klublarga hurmatsizlik hisoblanishini eslatdi.

4) 22 avgust kuni kechqurun yana shov-shuvli xabarlar oqimi kuzatildi. Taniqli insayder Fabritsio Romano tvitterda «Udineze»ga qarshi mavsumning birinchi o‘yinida ham Ronaldu zaxirada qolganini futbolchi klubdan ketmoqchiligi bilan izohladi. Shu bilan birga, jurnalist Turinga ushbu 36 yoshli portugaliyalik transferi borasida birorta so‘rov kelmaganini qo‘shimcha qilgandi.

«Yuventus» vakillari bu xabarlarni darhol inkor etishga kirishishdi. «Biz Krishtianu bilan kelishgan holda uni zaxirada qoldirdik. Barchasi joyida. Ronaldu qoladi — bu 100 foizga aniq», dedi klub vitse-prezidenti Pavel Nedved DAZN nashriga.

Allegri esa boshqacharoq izoh berdi - u o‘yindan oldin futbolchiga o‘z qarorini tushuntirgani va ikkinchi bo‘limda maydonga tushishga tayyor turishni tayinlaganini aytdi.

5) Yana bir necha kunlik jimlik kuzatildi, 25 avgust kuni kechqurun italyan jurnalisti Nikola Shira tvitterda «Manchester Siti» Krishga ikki yillik shartnoma taklif etayotganini xabar qildi. Xuddi shu vaqtda Italiya mediasi portugaliyalik agent Jorjye Mendesh «Yuventus» bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Turinga kelganini xabar qildi. Bu vaqtda Harri Keyn «Tottenhem»da qolishini e'lon qilgan, uni qo‘lga kiritish umidida bo‘lgan «Siti» endi boshqa variantlarga yuzlanishga majbur edi.

6) Keyingi kuni uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Sky Sport nashri ma'lumotiga ko‘ra (uni keyinroq boshqa insayderlar ham tasdiqlashdi), «Yuventus» Ronalduni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan, faqat bir kun ichida 28-30 million yevro to‘laydigan xaridor topilishi sharti bilan. Klub yangi hujumchi olishga ulgurishi kerak edi. Pozitsiya maksimal aniq edi — to‘lang va olib keting. Lekin bu vaqtda «Siti» shartnomasi keyingi yil yozida tugaydigan 36 yoshli futbolchini tekinga qo‘lga kiritish yoki biror futbolchisiga almashtirish haqida o‘ylayotgandi. Ammo bu boradagi muzokaralar samarasiz yakunlandi.

7) Ko‘p o‘tmay Italiyadagi barcha yetakchi sport jurnalistlari, transferlar va insaydlarga ixtisoslanganlar — Janluka Di Marsio, Shira, Romano — deyarli bir vaqtda xabar berishdi: Ronaldu «Yuventus»dan ketish haqida qaror qilgan va bu haqda rahbariyatni hamda jamoadoshlarini ogohlantirgan. Unga asosiy da'vogar «Siti» bo‘lib qolgandi, endi faqat Manchesterdan rasmiy taklif kelishini kutishardi.

8) 27 avgust kuni tongida ham «Siti» hamon «Yuventus»ga taklif tayyorlayotgani, Mendesh esa bu vaqtda Manchester klubi bilan futbolchining shaxsiy shartnomasini muhokama qilayotgani haqida xabarlar chiqib turardi. Turinda Ronaldu yiliga 31 million yevro olgan. Endi esa kamroq summa haqida gap ketardi. Shira bu miqdorni bir mavsum uchun 20 million yevro atrofida ko‘rsatdi, Romano va The Guardian — 15 million haqida yozdi. Sky Italia ham shunga yaqin raqam keltirdi.

9) Krishtianuning o‘zi tongda «Yuventus» bazasiga keldi, u yerda 40 daqiqacha vaqt o‘tkazdi, jamoadoshlari va klub xodimlari bilan xayrlashdi, mashg‘ulotda qatnashmasdan bazani tark etdi. Portugaliyalik yulduz aeroportga yo‘l oldi, u yerdan xususiy samolyot orqali Lissabonga uchdi.

10) Keyinroq Allegri «Empoli»ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida — Ronaldu ketayotganini tasdiqladi. «U kecha menga «Yuventus»dan ketishini va klubda boshqa o‘ynamasligini aytdi. U bugungi mashg‘ulotda qatnashmadi. Men undan xafa emasman, bu uning tanlovi. Bu hayotning bir qismi», dedi u.

11) Kun davomida voqealar rivojida kutilmagan burilish yasaldi. Ko‘plab manbalar — Angliyada ham, Italiyada ham — Krishtianu uchun kurashga «Manchester Yunayted» qo‘shilgani haqida xabarlar berishdi. Mendesh payshanba kuni kechqurunoq ular bilan muzokara boshlab yuborgani aytildi. «MYu» bosh murabbiyi Ole Gunnar Sulsher APL doirasida «Vulverhempton»ga qarshi navbatdagi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu futbolchini jamoasida ko‘rishni istayotganini yashirmadi: «Krishtianumi? Biz u bilan hamisha gaplashib turamiz. Brunu Fernandesh yaqindagina Ronaldu bilan gaplashgan va u biz nimani o‘ylayotganimizdan xabardor. Agar u «Yuventus»dan ketayotgan bo‘lsa, u biladi — biz shu yerdamiz. U — «MYu» afsonasi, barcha zamonlarning buyuk futbolchisi».

12) Keyinroq «Siti» Ronaldu bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatgani ma'lum qilindi. «MS» «Yuventus»ga rasmiy offer jo‘natmagani, shuningdek, Krishtianu bilan o‘zaro shartnoma bo‘yicha ham kelishuv bo‘lmagani ma'lum bo‘ldi. Kontaktlar bo‘lgan, ammo muzokaralar kelishuvgacha borib yetmagan. Bu haqda Sky Spors kunning birinchi yarmidayoq yozgandi — muzokaralar bo‘lib o‘tayotgani, ammo kelishuvgacha hali uzoqligi aytilgandi. Shunday ham bo‘lib chiqdi.

13) Kechga yaqin «Manchester Yunayted» «Yuventus»ga rasmiy so‘rov yuborgani ma'lum bo‘ldi. Romano va The Guardian transfer 25 million yevro va qo‘shimcha bonuslar evaziga amalga oshishi haqida xabar tarqatdi. La Gazzetta dello Sport vakili Karlo Laudiza transfer summasi 28 million yevroligini aytdi. The Athletic esa dastlab 15 million yevro, keyin esa 8 million yevro to‘lanishi haqida ma'lumot berdi.

14) Nihoyat, Toshkent vaqti bilan soat 20:51da «MYu» matbuot xizmati tasdiqladi — Ronaldu qaytadi. Portugaliyalik futbolchi bilan 2023 yilga qadar amalda bo‘luvchi shartnoma tuziladi. OAV xabariga ko‘ra, uning yillik maoshi miqdori 25 miillion funt.

Mavzuga oid