19:20 / 27.08.2021
39084

Ronaldu Turindan uchib ketdi. U Manchesterga qaytadi

Krishtianu Ronaldu so‘nggi lahzalarda qarorini o‘zgartirib, «Manchester Siti»ni rad etdi va «Manchester Yunayted»ni tanladi.

Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu «Yuventus»ni tark etdi. Ijtimoiy tarmoqda u xususiy samolyotda Turindagi aeroportdan uchib ketgani aks etgan video tarqaldi.

Futbolchi o‘z agenti Jorjye Mendesh bilan o‘z kelajagini muhokama qilmoqda. Shu vaqtgacha uning keyingi jamoasi «Manchester Siti» bo‘lishi haqida aytilayotgandi. Endi Manchesterning ikkinchi jamoasi Ronalduni qaytarish payiga tushgan. Yaqin soatlar ichida uning keyingi jamoasi nomi ma'lum bo‘ladi. 

Allegri tasdiqladi

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Ronalduning klubni tark etish haqidagi qarori yuzasidan munosabat bildirdi.

«Kecha Krishtianu Ronaldu menga ortiq «Yuventus»da o‘ynamoqchi emasligini aytdi. Shu tufayli u ertangi o‘yinga chaqirilmadi. Undan xafa emasman. U ketishni istadi, bu uning tanlovi. U o‘ziga yangi klub izlamoqda, «Yuve»dagi uch yillik faoliyati uchun unga minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Hayot shunday», degan Allegri.

Portugaliyalik futbolchi «Yuventus»ga 2018 yilda «Real»dan kelgandi. U klub safida ikki bor A Seriyada g‘olib chiqdi, ikki marta Italiya Superkubogini qo‘lga kiritdi, shuningdek, Italiya Kubogi sohibiga aylandi.

Gvardiola hali hech narsa hal bo‘lmaganini aytdi

«Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola Ronaldu uning klubiga kelishi haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.

«Krishtianu qayerda o‘ynashni o‘zi hal qiladigan kam sonli futbolchilardan, buni na men va na «Manchester Siti» hal qiladi.

Ronaldu va Messi aql bovar qilmas futbolchilar. Ular so‘nggi 20-30 yillikning eng zo‘r futbolchilari», dedi u.

Bungacha Ronaldu «Man Siti»ga kelishi, inglizlar klubi unga 2 yillik shartnoma taklif etishi, «Yuventus» ushbu transferdan 25-30 mln yevro ishlab olishi haqida xabarlar berilgandi.

Ole sobiq jamoadoshini hamkorlikka chorladi

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher Krishtianu Ronalduning kelajagi borasidagi vaziyatga aralashdi.

«Biz hamisha yaqin muloqotda bo‘lib kelganmiz. Brunu Fernandesh ham u bilan gaplashib turadi. Ronaldu biz unga yaqin ekanimizni his qiladi. Agar u «Yuventus»dan ketayotgan bo‘lsa, bilsinki, biz shu yerdamiz.

Krishtianu - klubimiz afsonasi. Fikrimcha, u «Manchester Yunayted»da o‘ynagan tarixdagi eng zo‘r futbolchi. Omadim kelib u bilan birga to‘p surganman. Men uni shug‘ullantirganman ham. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin», dedi norvegiyalik mutaxassis.

Sulsher 1996-2007 yillarda «MYu»da to‘p surgan, 2003-2009 yillarda shu klub a'zosi bo‘lgan Ronaldu bilan birga to‘rt mavsum o‘ynagandi.

«MYu» kurashda

Ko‘p o‘tmay OAVda portugaliyalik yulduz sobiq jamoasiga qaytishi haqida xabar tarqaldi.

Jurnalist Fabritsio Romano agent Jorjye Mendesh bir necha kundan beri mijozining «Manchester Siti»ga o‘tishi bo‘yicha muzokara olib borgani, ammo transfer bo‘yicha kelishuvga erishilmagani haqida yozdi.

«Shaharliklar» shu vaqtgacha «Yuventus»ga rasmiy taklif yuborishmadi, avvalroq klub va futbolchi o‘zaro shartnoma tuzilgani haqida tarqalgan xabarlar tasdiqlanmadi.

Ma'lum qilinishicha, payshanba kuni kechqurun Mendesh «Manchester Yunayted» bilan ham muzokaraga kirishgan. 

«Siti» kurashdan chiqdi, «MYu» uloqni ilib ketdi

Bu vaqtda Ronaldu «Manchester Siti»ga o‘tmasligi ma'lum bo‘lib ulgurdi.

Insayder Fabritsio Romano va boshqa manbalar «shaharliklar» ushbu 36 yoshli futbolchining transferi bo‘yicha muzokaralardan chiqqani haqida xabar tarqatishdi.

Romanoning yozishicha, Ronaldu unga «MYu»ga qaytmoqchiligini aytgan. «Qizil iblislar» sobiq futbolchisiga ikki yillik shartnoma taklif etayotgani ma'lum qilingan.

Jurnalist Mark Ogdenning yozishicha, bugun tongda sobiq jamoadoshlari bilan olib borilgan yozishmalar ham Ronalduning qaroriga ta'sir ko‘rsatgan.

MEN nashrining yozishicha, «MYu»ning afsonaviy ustozi Sir Aleks Fergyuson ham vaziyatga aralashib, shogirdini yana shu klub uchun o‘ynashga ko‘ndirgan. Qayd etilishicha, «MYu»dan taklif bo‘lgan zahoti, futbolchi «Siti» taklifiga rad javobini bergan.

Futbolchi bugun Lissabonda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.

Insayder Janluka Di Marsio ham Ronaldu tez orada «MYu»ga qaytishini bildirdi. Uning ma'lumotiga ko‘ra, Ronaldu «MYu»da ikki yillik shartnoma bo‘yicha yiliga 25 mln funtdan maosh oladi, agentlarning gonorarlari miqdori bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.

Mirror manbasi xabariga ko‘ra, «MYu» Ronaldu uchun «Yuventus»ga 30 million yevro taklif qilgan, ammo turinliklar transfer doirasida Pol Pogbani olishni istamoqda. Italiyalik jurnalist Rudi Galettining yozishicha, turinliklar fransiyalik futbolchini qaytarish uchun Ronalduga qo‘shib 30 million yevro to‘lashga ham tayyor.

Top