20:12 / 30.08.2021
4999

JSST va YuNISEF pandemiya sharoitida maktablarni yopmaslikka chaqirdi

Maktablarning uzluksiz ishlashi va xavfsiz o‘qish muhitini ta'minlash maqsadida JSST, YuNISEF va YuNESKO Yevropa texnik maslahat guruhi tomonidan tayyorlangan tavsiyalarni ma'qulladi.

Foto: Getty Images

JSSTning Yevropadagi mintaqaviy byurosi va BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) koronavirus pandemiyasi sharoitida maktablarni yopmaslikka va virus tarqalishini minimallashtirish choralarini ko‘rish orqali maktablardagi xavfsizlikni ta'minlashga chaqirdi.

Bu choralar o‘qituvchilar va maktablardagi boshqa xodimlar hamda aholining zaif qatlamining koronavirusga qarshi emlanishini ta'minlashni o‘z ichiga oladi. Qayd etilishicha, COVID-19 og‘ir kechishi mumkin bo‘lgan, salomatligida muammolar bo‘lgan 12 yoshdan oshgan bolalar ham emlanishi lozim. 

“Pandemiya hali yengilmadi, lekin bolalarning o‘qishi  uchun xavfsiz muhitni ta'minlash ustuvor vazifamiz bo‘lishi kerak. Farzandlarimizni imkoniyatlardan mahrum qilishga haqqimiz yo‘q. Barcha mamlakatlarni maktablarning yopilishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda maktablarni COVID-19 xavfini va virus tarqalishini kamaytiradigan choralar ko‘rishga chaqiramiz”, – dedi  JSSTning Yevropadagi mintaqaviy direktori Hans Klyuge.

Maktablarning uzluksiz ishlashi va xavfsiz o‘qish muhitini ta'minlash maqsadida JSST, YuNISEF va YuNESKO Yevropa texnik maslahat guruhi tomonidan tayyorlangan quyidagi tavsiyalarini ma'qulladi:

  • Maktablar yopilishini eng so‘nggi chora sifatida ko‘rish: eng oxirgi navbatda maktablar yopilishi va birinchi navbatda ochilishi;
  • testlar o‘tkazish bo‘yicha strategiyalarning bajarilishini ta'minlash;
  • xavflarni kamaytirishning samarali choralarini ko‘rish;
  • bolalarning ruhiy va ijtimoiy farovonligini himoyasini ta'minlash;
  • og‘ir vaziyatga tushib qolgan bolalar himoyasini ta'minlash;
  • maktab muhitida ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlash;
  • qaror qabul qilish jarayonida bolalar va o‘smirlar ishtirokini ta'minlash;
  • maktab yopilishining oldini olish uchun emlash strategiyalari bajarilishini ta'minlash.
Mavzuga oid
Top