00:29 / 30.08.2021
9249

XOQning sobiq rahbari Jak Rogge vafot etdi

Foto: Global Look Press

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining sobiq prezidenti Jak Rogge 79 yoshida vafot etdi.

Rogge 2001 yilda XOQ prezidenti etib tayinlangan, u bu lavozimda Xuan-Antonio Samaranchning o‘rnini egallagan edi. U XOQga 2013 yilgacha rahbarlik qilgan. Rogge XOQdagi faoliyatini yakunlagandan keyin tashkilotning faxriy prezidenti bo‘lib qolgan. Roggening o‘rnini o‘z navbatida Tomas Bax egallagan.

Rogge Gent shahrida tavallud topgan. Kasbi bo‘yicha ortoped jarroh bo‘lgan. Yelkanli sport bilan professional darajada shug‘ullangan, Belgiyaning 16 karra chempioni. U shuningdek, 1968, 1972 va 1976 yillardagi Olimpiadalar ishtirokchisi hisoblanadi. U Belgiya regbi terma jamoasi uchun ham o‘ynagan.

Rogge 1991 yil XOQ a'zosiga aylangan va 1998 yil halqaro tashkilotning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kirgan. Jak Rogge, shuningdek, Belgiya Olimpiya qo‘mitasiga (1989-1992 yillar) va Yevropa Olimpiya qo‘mitasiga (1989-2001 yillar) rahbarlik qilgan. Uning rahbarligida tashkillashtirilgan oxirgi Olimpiya o‘yinlari 2012 yilgi London Olimpiadasi hisoblanadi.

XOQning amaldagi prezidenti Tomas Bax Roggening vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. “Butun Olimpiya harakati ajoyib do‘st va sportning vafodor muxlisini yo‘qotgandan chuqur qayg‘uda”, deb aytgan Bax.

Roggening vafoti munosabati bilan XOQning barcha obektlaridagi bayroqlar tushirib qo‘yiladi.

Mavzuga oid
Top