16:02 / 02.09.2021
5227

“O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Qozonda “TANeCO” bosh direktori bilan muzokara o‘tkazdi

Qozon shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Tatariston neft va gaz-kimyo forumi–2021” doirasida Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi “TANeCO” majmuasining ishlab chiqarish maydonlariga tashrif buyurdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi “TANeCO” AJ Bosh direktori Ilshat Salaxov hamda “KAMA TIReS” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, o‘zaro muzokaralar o‘tkazdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasini qabul qilgan “TANeCO” AJ Bosh direktori Ilshat Salaxov ishlab chiqarish va qayta ishlash jarayonlari bilan shaxsan tanishtirib, korxona faoliyati, erishilayotgan yutuqlar borasida ma'lumotlar berdi.

Uchrashuvda zamonaviy neftni qayta ishlash va neft-kimyo korxonasi bo‘lgan “TANeCO” AJ ishlab chiqarish bazasida mavjud bo‘lgan 20ga yaqin sifatli mahsulotlarning ishlab chiqarilishi bilan tanishib chiqildi.

Korxona tomonidan AI–92, AI–95, AI–98 avtomobil benzinlari, “Yevro–5” dizel yonilg‘isi, RT, TS–1, JYeT A–1 marka aviatsiya kerosini, II va III guruhli tayanch moylari ishlab chiqarilishi hamda ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnologiyadan foydalanish borasida fikrlar almashildi.

Ushbu uchrashuv doirasida yengil avtomobillar, yengil yuk mashinalari, yuk mashinalari (kombinatsiyalangan va qattiq po‘lat), qishloq xo‘jaligi va sanoat shinalari, shuningdek, asosan diametri 22,5 dyuym bo‘lgan po‘latdan yasalgan yangi avlod modellarni o‘z ichiga olgan shinalar ham ishlab chiqarishi hamda ularning ishlab chiqarish jarayonlari ham o‘rganildi.

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, “TANeCO” AJ va “KAMA TIReS” OAJ “Tatneft” tarkibidagi kompaniyalar guruhiga kiradi va birgina o‘tgan yilda “KAMA TIReS” korxonalarining konveyerlaridan 10,9 mln dollarlik mahsulotlar chiqqan.

Tashrif davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, neft -kimyo, konlarni o‘zlashtirish, neftni qayta ishlash, shuningdek, avtomobil shinalari ishlab chiqarish sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish tajribasini muhokama qilishdi.

Boshqaruv raisi “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarish jarayonini yanada rivojlantirish uchun xorijiy korxonalarda amaliyotda qo‘llanib kelayotgan axborotlashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini ham o‘rgandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev o‘z navbatida “TANeCO” AJ Bosh direktori Ilshat Salaxovga xalqaro hamkorlar va maslahatchilarning bevosita ishtirokida O‘zbekistonda, ya'ni Qashqadaryo viloyatida neft va gaz-kimyo klasterini yaratish loyihasi amalga oshirilayotgani borasida so‘zlab berdi.

Boshqaruv raisi eng zamonaviy texnologiyalar va xomashyoni qayta ishlashda atrof-muhitga mutlaqo salbiy ta'sir ko‘rsatmaslik borasida qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli strategik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasini ishlab chiqish va sohada ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun doimiy ish rejasini yaratishga kelishib oldilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top