Suhbat davomida, yoshlar ilm olishda duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tishi kerakligi, ayol-qizlarning ta'lim olishi, farzand tarbiyasi muhimligi hamda jamiyatni qiynayotgan turli mavzularga to‘xtalib o‘tildi.

Radiodagi faoliyat

O‘qib yurgan paytlarimizda, kunlardan bir kuni radio eshityapman, 2-kursman. “O‘zbekiston” radiosida “Hamroh” degan radioeshittirish bo‘lyapti. Unda aytyaptiki, agar siz bizning radioeshittirishimizda ishtirok etishni yoki jonli efirda bog‘lanishni istasangiz, mana shu raqamga qo‘ng‘iroq qiling. 

Men u raqamni eski bloknotimga yozib oldim. Efir tugadi, keyin qo‘ng‘iroq qildim. Efir tugadi deyishdi, men efirga chiqmoqchi emasman, men radioda ishlamoqchiman. Unday qilishingiz kerak, bunday qilishingiz kerak, qayerdansiz deb so‘rashdi, yo‘q biz sizni ololmaymiz deb aytishdi. Oradan ozgina vaqt o‘tdi. Men radioda muxbir bo‘lib ishlashni boshladim. Aynan o‘sha eshittirishda. Oradan bir yil o‘tdi, shu qadar ishonchsizlik bo‘lganki, telefon qilganim esimdan chiqib ketgan. Oradan vaqt o‘tdi, men muxbir bo‘lib, katta mikrofonlarni ko‘tarib, intervyular qilishni boshladim.

Turkiya

2017 yilda magistratura uchun Turkiyaga keldim va hozirgacha shu yerdaman. Kastamonu universitetida jurnalistika bo‘limida magistraturada o‘qiyapman. Hozir ilmiy ishim tugay deb qoldi, mavzusi Markaziy Osiyoda ilk matbuot tarixi.O‘sha birinchi yozuv, toshbosmalar, keyin yozuv mashinalarning birinchi kirib kelishi, Xorazmga Feruzxon tomonidan olib kelinishi, keyin ruslar kirib kelgach, ularning ta'sirida matbaa kirib kelgani, 40-yilgacha bo‘lgan jarayon, ilk jadid adabiyoti, gazetalar... Hozir shu bilan bandman.

Bundan tashqari, butun faoliyatimni televideniyedan, radiodan olib, sotsial mediaga ko‘chirib olganman va bu yerda foydali bo‘lishga harakat qilyapman. Ya'ni o‘zimning kuchim yetadigan, aqlim yetadigan narsalarda, insonlarga foydali bo‘ladigan nimalardir qilishga urinyapman. Hech bir davoyim yo‘q, hech kimdan bir baho istagim yo‘q. Nimani yaxshi ko‘rsam, nimani qila olaman deb o‘ylasam, shuni qilishga urinyapman.

YouTube

Men “Poytaxt” radiosida ishlaganimda “Dilkash” nomli radioeshittirishim bor edi. U payt YouTube yo‘q edi. O‘sha paytda radio eshitganlar juda yaxshi taniydi. Kuniga yo‘q deganda 4ta xat kelardi pochta xizmatidan. Keyin “Zamin FM” radiosiga o‘tdim. U yerda “Uchinchi odam”, “Dastxat”, “O‘tgan kunlar” degan bir necha radioeshittirishlar bor edi. Hozirgi YouTube’dagidan ham ko‘proq odamlarni jalb qilgan deb o‘ylayman u payt. Chunki hozir YouTube’da biz ko‘rinib turganimiz uchun sirlilikning protsenti kamayib qolgan-da.