“Osmondagi bolalar” loyihasining navbatdagi mehmoni kimyo fani bo‘yicha xalqaro olimpiada sovrindori Doniyor Nasriddinov bo‘ldi.

  • Doniyor Nasriddinov Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumanida tavallud topgan. Avval 26-maktabda, so‘ngra 77-sonli iqtidorli bolalar maktabida tahsil olgan. Samarqand davlat universiteti qoshidagi 2-sonli akademik litseyni tamomlagan. 2014 yilda O‘zbekiston milliy universiteti kimyo fakultetining bakalavr bosqichini, 2016 yilda esa magistratura bosqichini bitirgan.

Suhbat davomida, yoshlarni ilmga bo‘lgan intilish va qiziqishlarini orttirish, bolalarni yoshligidan ilmga qiziqtirish, ta'lim va jamiyat muammolari, farzand kamolida ota-onaning tarbiyasi hamda jamiyatni qiynaydigan turli mavzularga to‘xtalib o‘tildi.

Barchasi qanday boshlangan?

— Hali maktabga chiqmasimdanoq, yozishni bilar edim. Ota-onam esa ta'limni, ta'lim beradiganlarni va oladiganlarni juda yaxshi ko‘rishar edi. Menga 5-sinfligimdan kimyo fanini o‘rganishni aytishgan, aslida kimyo fani Davlat ta'lim standartlariga binoan 7-sinfdan boshlab o‘tiladi. Bizning oilada uch nafar farzand bo‘lib, hech qaysimiz bog‘chaga bormaganmiz. Barcha ta'limni ota-onamizdan olganmiz.

5-6 sinflarda kimyoni yaxshiroq o‘rgandim. 7-sinf bo‘lganimda esa olimpiadaga qatnashdim. Birinchi kimyo bo‘yicha olimpiadamda 98 ball oldim, keyin viloyat bosqichi bo‘ldi, unda yana 2-o‘rinni oldim.

Dadam shunda aytgan: “Bolam, pardani yirtdik. Xudo xohlasa, buyog‘iga zo‘r ketadi”. Qarabsizki, 8-sinfda ham, 9-sinfda ham, keyinchalik ham bu holat takrorlandi.

Shu lahzani yoshligimda tasavvur qilganman...

Bir narsa esimga tushadi har doim. O‘sha voqeani o‘quvchilarimga rohatlanib, gapirib beraman. Tasavvur qilinglar, ota-onangizning aytganini qilinglar, albatta, erishasizlar deyman. Bokudagi olimpiadada sahnaga chiqqanman, kimdir menga bayroq bergan, kim ekani esimda yo‘q. Bayroqni ko‘tarib turibman va shunday orqaga qarab, o‘zimni yo‘qotganman. Chunki, dadam har doim xalqaro olimpiadada yutganingni, sahnada turganingni, bayroq ko‘targaningni tasavvur qil derdilar. Yoshlikda shu narsalarni tasavvur qilib yurardim va ortimga qarasam, doim qizil fonni ko‘rardim. Olimpiadada ham shunday ortimga qarasam, qizil fon turgan ekan. Shunday mazza qilganman. Allohning fazli ila bo‘lgan, Allohga hamdlar bo‘lsin…