Jamiyat | 18:52 / 05.09.2021
68117
6 daqiqa o‘qiladi

Taklif: Maktablarda o‘quv yili boshlanishini 1 oktyabrdan qilish afzalroq emasmi?

Bu yil O‘zbekistonda 6 sentyabrdan maktab boshlanadi. Bir fikr miyamda ko‘p aylanardi, uni boshqalar diqqatiga havola etishni lozim topdim. Gap o‘quv yilining boshlanishi haqida.

O‘zbekistonda sobiq ittifoq davridan buyon an'anaviy tarzda o‘quv yili 1 sentyabrdan boshlanardi. 1 sentyabr milliy bayramga (dam olish kuni) aylangach, maktab va oliygohlarda o‘qish 2 sentyabrdan boshlanib kelmoqda.

Lekin bu o‘zini nechog‘lik oqlamoqda? Hech shuning ustida bosh qotirib ko‘rilganmi?

Yon qo‘shnimiz Qirg‘izistonda maktab va oliygohlarda o‘qish joriy o‘quv yilidan boshlab 15 sentyabr–8 iyun oralig‘ida bo‘lishi belgilanibdi.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining tushuntirishicha, qabul qilingan qaror koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyat hamda fuqarolarni emlash bilan bog‘liq ekan.

«Qolaversa, turistik mavsumni uzaytirish maqsadi ham ko‘zlangan. Ota-onalar va deputatlardan o‘quv yili boshlanishini ko‘chirish borasida qator murojaatlar bo‘lgan. Odamlar tomorqasida yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirishga va bolalarini maktabga tayyorlash uchun uni sotishga ulgurmayapti. Albatta, bu asosan qishloq joylardagi vaziyat bilan bog‘liq», deyilgan qirg‘iz hukumatining tushuntirishida.

Fikrimcha, O‘zbekistonda ham pandemiya bahonasida maktablar va oliygohlarda o‘qishni 1 oktyabrdan boshlanadigan qilib yuborish kerak edi.

Sabablar qirg‘izlarniki bilan o‘xshash — ichki turizmni rivojlantirish. Chunki yozning jaziramasida o‘quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari tarixiy shaharlarimizga sayohat qilishni maqbul bilishmaydi. Sentabr oyi esa ayni muddao.

Shahar joylarda ko‘plab talabalar yozgi ta'til davomida qurilishlarda ishlab, qo‘shimcha pul topishadi. Qishloq joylarda esa paxta dalasiga chiqib, fermerlarga yordam berib daromad qilish mumkin. Qolaversa, qishloq joylarda ko‘pchilik tomorqasiga yoki yordamchi xo‘jaliklarga ekkan hosilini yig‘ishtirib olishga ulgurmagan bo‘ladi.

Sentabr oyining ta'til etib belgilanishi ayniqsa qishloq joylarda ota-onalarga bolalarini maktabga kuzgi-qishki ust-bosh, kitob-daftar olib berib tayyorlash uchun qo‘shimcha imkon beradi.

Biz maktab ta'limida Finlandiya tajribasiga ko‘proq tayanmoqdamiz. Ular shimolda — sovuqroq iqlimda yashashadi va o‘quv yili ularda avgust oyining o‘rtalarida boshlanar ekan.

Yevropa shimoliy davlatlarining barchasida o‘quv yili avgust oyida boshlanadi. Biz bilan bitta kenglikda joylashgan Yevropaning Italiya, Ispaniya kabi, Osiyoning Xitoy, Mo‘g‘uliston kabi davlatlarida o‘qish sentabr oyining ikkinchi yarmidan keyin boshlanadi.

Aslida, bizda yil fasllari kalendardagi sanaga mos emas. Masalan, bahor bizda 1 martdan emas, qadimdan bahorgi tengkunlik, 21 mart (Navro‘z)dan, kuz esa kuzgi tengkunlik — 22 sentabr sanasidan boshlangan, dalalardagi hosil yig‘ishtirilib, Mehrjon bayrami nishonlangan. Qattiq, jazirama issiqlar esa iyunning 22-25-sanasidan, saraton kirgach boshlangan.

Agar o‘quv yili yil fasllariga emas, moliyaviy yilning to‘rtinchi choragiga moslangan holda, 1 oktyabrda boshlanadigan bo‘lsa, o‘qish ham 4ta chorak emas, 3 oy-3 oydan uchta trimestr qilinsa bo‘ladi:

1. Oktabr-noyabr-dekabr (31 dekabrdan 10 kun ta'til)

2. Yanvar-fevral-mart (21 martdan 10 kun ta'til)

3. Aprel-may-iyun (1 oktyabrgacha 3 oy ta'til)

Oliygohlarda ikki semestrni oktyabrdan fevralning 15-sanasigacha, undan iyun oyi oxiriga qadar qilish mumkin.

Ma'lumki, 1 oktabr bizda o‘qituvchilar va murabbiylar kuni — umumxalq bayrami hisoblanadi. Agar o‘quv yili bu tarzda boshlanadigan bo‘lsa, 1 oktyabrni barcha uchun umumxalq bayrami qilish ham shart bo‘lmas edi (Agar taklif inobatga olinib, islohot o‘tkazilsa, buni ham qo‘shib ketsa bo‘ladi, albatta). Sub'yektiv fikrimcha, o‘qituvchilarning o‘zi ta'lim dargohi ochilishini o‘tkazib, tabriklarni qabul qilib, faqat ular uchun shu kunni qisqa ish kuni qilinsa yetarli bo‘lardi.

Agar umumxalq bayrami bo‘lishi shart, degan fikr g‘olib kelsa, shu bayramni 5 oktabr — BMT tasdiqlagan xalqaro o‘qituvchilar kuniga ko‘chirsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Agar o‘quv yili boshlanishi 1 oyga suriladigan bo‘lsa, o‘qishning tugashi 20-25 iyunlargacha borardi, imtihonlar o‘tkazilib, 30 iyun — yoshlar kuni bilan tugardi. Shunda o‘qish tizimimiz sobiq SSSRning o‘zgarmay kelayotgan andozasida emas, azaliy va yangi qadriyatlarimizga mos, qandaydir o‘zbekona bo‘lar edi.

Albatta, ayrimlar iyun oyida kunlar isib ketishi, o‘qishni saratongacha taqash — ularning sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatishini ro‘kach qilishi ham mumkin. Bunga chora sifatida, kichik sinf o‘quvchilarining darslarini ixchamlashtirib, ertaroq tugatish mumkin.

Yuqorida ta'kidlanganidek, ta'tilni bir oy ortga surishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri — qishloq joylarda o‘qituvchilar va talaba yoshlarga qurilishlarda mehnat qilib yoki dalalarda paxta terib pul ishlab olish, qo‘shimcha daromad qilish uchun sharoit yaratish.

Siz bu taklifga nima deysiz? Agar kunlar isib ketishi hisobga olinmay tursa, o‘qish 1 oktyabrdan boshlanishi yana qanday qiyinchiliklar keltirib chiqaradi? Nimanidir nazardan qochirayotgandirman, siz ham fikrlaringizni bildirishingiz mumkin.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Mavzuga oid