Jahon | 20:02 / 06.09.2021
65234
7 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Panjsher egallanganini ma'lum qildi, Ahmad Mas'ud afg‘onlarni isyonga chorladi

«Tolibon» harakati rasmiysi Zabihullo Mujohid dushanba kuni Panjsher vodiysidagi hukumat kuchlari qarshiligi bostirilgani va hudud tinch aholi orasidagi qurbonlarsiz toliblar nazoratiga o‘tgani haqida ma'lum qildi.

Toliblar vakili Zabihulla Mujohid har qanday isyonkorlik harakati shafqatsizlik bilan bostirilishini ma'lum qildi

Dam olish kunlarida Panjsherda toliblar va Afg‘oniston milliy qarshilik fronti kuchlari o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lib o‘tgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda toliblar viloyat gubernatori qarorgohi oldida tushgan surat tarqaldi. Shuningdek, ma'muriyat binosida toliblarning bayrog‘i ko‘tarilgan.

«Bu g‘alaba tufayli nihoyat mamlakatda urushga yakun yasaldi. Xalqimiz tinchlik va erkinlikda baxtiyor yashaydi», degan Mujohid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qarshilik harakati jangchilarining bir qismi o‘ldirilgan, bir qismi tog‘larga qochib ketgan. Toliblar aksar qismi etnik tojiklar bo‘lgan Panjsher aholisi diskriminatsiya qilinmasligiga va'da bergan. Shuningdek, ular  panjsherliklar 1990-yillarda toliblarga qarshi kurash olib borganiga ham ko‘z yumilishini bildirishgan.

«Ular bizning birodarlarimiz va biz birgalikda mamlakatimiz kelajagini quramiz, degan «Tolibon» vakili.

Ammo Milliy front toliblarning Panjsherdagi g‘alaba haqidagi bayonotni rad etmoqda.

Frontning xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘limi rahbari Ali Maysam Nazariy feysbukdagi sahifasi orqali toliblarning bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va qarshilik kuchlari hamon vodiydagi muhim strategik pozitsiyalarni saqlab qolayotganini bildirgan

Qarshilik harakati yetakchisi Ahmad Mas'ud esa panjsherliklarga murojaat qilib, barcha afg‘onlarni toliblarga qarshi milliy kurash uchun ko‘tarilishga chaqirgan. U o‘z audiomurojaatida toliblar hech qanaqasiga o‘zgarmagani, aksincha yanada radikallashgani haqida aytib o‘tgan.

Mas'ud so‘nggi kundagi harbiy harakatlar chog‘ida o‘z oilasi a'zolari ham halok bo‘lganini aytib, jahon davlatlarini Afg‘onistondagi voqealarga tomoshabin bo‘lib turmaslikka, siyosatchilarni yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga chaqirgan va qarshilik harakati g‘alabaga qadar davom etishini ma'lum qilgan.

Toliblar ularning hokimiyatiga qarshi har qanday harakat qat'iy bostirilishidan ogohlantirishgan.

«Islom Amirligi isyonchilarga murosasiz. Bosh ko‘tarishga uringanlarning barchasi bilan hisob-kitob qilinadi. Biz yana bir qarshilik o‘chog‘i paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Zabihullo Mujohid dushanba kuni Kobuldagi matbuot anjumanida.

Panjsherdagi vaziyatga Pokiston aralashdi

Toliblar avgust oyi oxiri, sentabr oyi boshida Panjsherdagi qarshilik kuchlarini uzil-kesil taslim etish uchun keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi (ularning o‘tgan oydagi dastlabki urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqib, masalani muzokaralar orqali hal qilishga qaror qilingandi).

Toliblar vodiyga bir necha yo‘nalishda hujum qilishdi, ammo qarshilik kuchlari ularning barcha hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarishdi. Ayrim hollarda panjsherdagilar vodiy tashqarisiga chiqib, harbiy harakatlarni davom ettirdi, bu to‘qnashuvlar vaqtida toliblarning yuzlab jangarilari halok bo‘lgani aytildi.

4 sentabr kuni Pokiston muassasalararo razvedka boshqarmasi (ISI) rahbari, general-leytenant Fayz Hamid Kobulga keldi. U bu yerda harakat vakillari, shuningdek, Afg‘oniston sobiq bosh vaziri, islom partiyasi yetakchisi Gulbiddin Hikmatyor va sobiq moliya vaziri bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. U hozir ham Kobulda bo‘lib turibdi.

Shu kuni Milliy front matbuot kotibi Fahim Dashtiy Fayz Hamid Afg‘onistonga ikki maqsad bilan - Abdulg‘ani Birodar va Sirojiddin Haqqoniy o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilikni hal qilish hamda Panjsherni ololmayotgan toliblarga harbiy yordam ko‘rsatish maqsadida kelganini aytdi. 

Ko‘p o‘tmay panjsherliklar faqat toliblarga qarshi emas, Pokiston maxsus xizmatlariga ham qarshi urushishga majbur bo‘layotgani, ularning pozitsiyalari sun'iy yo‘ldosh orqali aniqlanayotgani va aniq zarbalar berilayotgani haqida ma'lum qilishdi.

6 sentyabrga o‘tar kechasi hal qiluvchi janglar bo‘lib o‘tdi. Qarshilik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillari shu kuni halok bo‘lishdi, jumladan, front matbuot kotibi Fahim Dashtiy Roxa tumani hududida Gulbiddin Hikmatyor partiyasi a'zosi bo‘lgan general Jarata qo‘shiniga qarshi jang vaqtida o‘ldirilgan. Shuningdek, shu oqshom amalga oshirilgan hujumlar vaqtida qo‘mondonlar Gul Haydar Xon, Munib Amiriy va Abdulvadud Zara ham halok bo‘lishgan.

Panjsherliklar faqat toliblarga qarshi emas, Pokiston maxsus xizmatlariga ham qarshi urushishga majbur bo‘lishayotganini aytishdi. Turli manbalar shu kuni Pokiston aviatsiyasi harbiy harakatlarga qo‘shilib, dronlar orqali qo‘mondonlar joylashgan nuqtalarga zarbalar yo‘llangani haqida yozishdi.

Afghanistan International ma'lumotiga ko‘ra, Pokiston armiyasining maxsus topshiriqli bo‘linmasi Salang perevaliga joylashtirilgan, ular shu yerdan hududni to‘liq o‘rganib, front pozitsiyalariga aniq aviazarbalar yo‘llanishini ta'minlagan.

Ayni vaqtda harakat yetakchilaridan biri, Afg‘onistonning avvalgi hukumatida vitse-prezident bo‘lgan Amrilla Solih Tojikiston hududiga yo‘l olgani ma'lum qilingan, Ahmad Mas'ud esa tog‘larga chiqib yashiringani aytilgan.

Ali Maysam Nazariy Financial Times nashriga bergan intervyusida panjsherliklar endi partizan urushi olib borishini ma'lum qildi.

Hukumat, xavfsizlik va iqtisodiyot
Zabihullo Mujohid toliblar hozircha yangi hukumat tarkibini e'lon qilishga tayyor emasligini ham aytib o‘tdi.

U Afg‘oniston poytaxtida xavfsizlik borasidagi vaziyat tufayli noqonuniy qurolli shaxslar poytaxtdan chiqarib yuborilishini ma'lum qilgan. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda o‘g‘rilik va talonchilikda gumonlangan 300dan ortiq kishi qo‘lga olingan.

U Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyatga ham to‘xtalib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» rahbariyati mamlakatdagi keng ko‘lamli muammolarni anglab turibdi, tinchlik o‘rnatilishi bilan vaziyat yaxshilana boshlashi kutilmoqda.

Dushanba kuni toliblar hozircha qizlarga oliy ta'lim olishni taqiqlamayotgani ma'lum bo‘ldi, ammo talaba qizlar o‘qishga niqob taqqan holda kelishi talab etiladi. Internetda tarqalgan suratlarda dars xonalarda yigitlar va qizlar alohidalanganini ko‘rish mumkin.

Toliblar hokimiyatga kelgancha bo‘lgan davrda afg‘on qizlarining ko‘pchiligi yuz to‘silmaydigan hijob kiyish bilan cheklanardi.

Hozircha maktabda qizlarning o‘qishi masalasida aniq tartib e'lon qilinmadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid