Jahon | 19:43 / 08.09.2021
23144
2 daqiqa o‘qiladi

Ashraf G‘ani Afg‘oniston xalqidan uzr so‘radi

Ashraf G‘ani o‘zi bilan katta miqdorda pul olib chiqib ketgani to‘g‘risidagi xabarlarni asossiz deb aytgan.

Foto: Getty Images

Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘ani Twitter sahifasida joylagan bayonoti orqali afg‘on xalqidan uzr so‘radi

U Kobulni tark etish borasidagi qarorni “hayotidagi eng og‘ir qaror” hamda “qurol ishlatilishining oldini olish, Kobul va uning 6 million nafar aholisini saqlab qolishning yagona yo‘li” deb atagan.

“Faoliyatim mendan avvalgi rahbarlar kabi barqarorlik va farovonlikni ta'minlamasdan tugaganidan chuqur afsusdaman. Hammasini boshqacha yakunlay olmaganim uchun afg‘on xalqidan uzr so‘rayman”, – deyiladi G‘anining bayonotida.

Bundan tashqari, Ashraf G‘ani o‘zi bilan katta miqdorda pul olib chiqib ketgani to‘g‘risidagi xabarlarni asossiz deb aytgan.

“Gaplarim to‘g‘riligini isbotlash uchun BMT yoki boshqa mustaqil tashkilot shafeligida rasmiy audit o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlayman”, – degan u.

15 avgust kuni toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi. Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani va boshqa amaldorlar Afg‘onistonni tark etdi.

 

Mavzuga oid