O‘zbekiston | 21:28 / 08.09.2021
10389
4 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasini ma'lum qildi

O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov Afg‘oniston masalasida mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi hamda G‘arb davlatlari tashabbusi bilan tashkil etilgan videokonferensaloqa shaklidagi uchrashuvlarda qatnashdi.

Foto: O‘zbekiston TIV

8 sentabr kuni Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I, Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xojiyev ishtirok etdi.

Uchrashuv qatnashchilari Afg‘oniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, tinchlik, xavfsizlik, milliy yarashuvni ta'minlash, Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik va barqaror rivojlanish tamoyillari tarafdori ekanligini bildirib, mamlakat kelajagi o‘z xalqi tomonidan belgilanishi kerakligini qayd etishdi.

Barqaror, tinch va farovon Afg‘oniston butun ko‘p millatli afg‘on xalqi va jahon hamjamiyati manfaatlariga javob berishi, Afg‘oniston bilan barqaror xalqaro aloqalar, ayniqsa, uning gumanitar rivojlanish ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta'kidlandi.

«Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikning muhim bo‘g‘inidir. Shu ma'noda, Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb qilish mamlakat iqtisodiyotini tiklashga samarali imkoniyat yaratadi», degan Abdulaziz Komilov.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, umumiy muammolarni hal etish hamda tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va iqtisodiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish uchun birgalikda harakat qilish zarurligi ta'kidlangan.

Bugun Abdulaziz Komilov Afg‘oniston bo‘yicha videokonferensaloqa shaklidagi yana bir vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi. AQSh Davlat departamenti va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda dunyoning 20dan ortiq mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari qatnashdi.

Tadbirda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston inqirozini hal qilish bo‘yicha sa'y-harakatlarni birlashtirish va mamlakat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Asosiy inson huquq va erkinliklariga rioya qilish, xususan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini ta'minlash, Afg‘oniston hududida terroristik tashkilotlar faoliyat yuritishining oldini olish borasidagi «Tolibon»ning majburiyatlarini bajarishi muhimligi qayd etilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Afg‘oniston uchun mojarolardan keyingi strategiyani ishlab chiqish, jumladan, uning iqtisodiyotini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligiga e'tibor qaratdi.

«O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish, betaraflik va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori», degan Komilov.

Mavzuga oid