Katta shaharlarda transport masalasi: Toshkentdagi muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar
So‘nggi yillarda poytaxt aholisi nafaqat ishga borish va qaytish vaqtida, balki kunning boshqa paytlarida ham tirbandlik, jamoat transportining sifatsiz xizmati, behuda vaqt sarfi kabi bir qator muammolarga duch kelmoqda. Quyida sohaga oid zamonaviy tadqiqotlar asosida shahar transport tizimi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan bir necha yechimlar keltirilmoqda.
Transport tizimi – zamonaviy dunyo harakatlanish tizimining ajralmas qismidir. Bu tizimning eng asosiy elementi – insonlardir. Mavjud sharoitda insonsiz transportni tasavvur qilib bo‘lmagani kabi yo‘lovchilarni hisobga olmay turib, transport tizimini rejalashtirish ham mumkin emas.
Tan olish kerak, bugun nafaqat Toshkent shahri, balki respublikamizning deyarli barcha viloyatlaridagi transport tizimining ahvoli qoniqarli emas.
Ayniqsa, shaxsiy avtomobillar soni va aholi soni tobora ortib borayotgani bois transport masalasi Toshkent shahrining eng og‘riqli muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. So‘nggi 10 yilda poytaxtda avtomobillar soni ikki baravardan ziyodroqqa oshgani, boz ustiga, jamoat transporti yo‘nalish tarmoqlari o‘tgan asrning 80-yillarida tuzilgani, ammo shu vaqtga qadar mukammal tarzda qayta ko‘rib chiqilmagani, oqibatda shahar jamoat transporti tizimida jiddiy muammolar yig‘ilib qolgani mavjud vaziyatni tobora murakkablashtirmoqda.
Bu esa masala yuzasidan jiddiy bosh qotirish lozimligini taqozo etmoqda. Xo‘sh, nima qilmoq kerak?
Velosiped yo‘laklari va piyodalar uchun qulayliklar yaratish
Ekologik toza transport turlaridan biri, shubhasiz, velosipedlardir. Ammo aksar xorijiy mamlakatlarda velosipeddan foydalanish amaliyoti va buning uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish ancha yillar avval boshlangan bo‘lsa-da, mamlakatimizda bu boradagi ishlarga asosan so‘nggi yillarda e'tibor qaratila boshladi. Ammo bu e'tibor hali yetarli emas. Chunki istirohat bog‘lari, ayrim anhor va kanal sohillari, ba'zi hududlardagi yo‘laklar (ayrimlari shunchaki xo‘jako‘rsinga qilinganini sezish qiyin emas)ni istisno qilganda, poytaxtning qolgan aksar hududlarida bunday yo‘llar va maydonlarni uchratish qiyin.
Ta'kidlash joizki, velosiped yo‘laklari tarmog‘ini butun shahar bo‘ylab kengaytirish trafik yukini kamaytirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Piyodalar xavfsizligini ta'minlash maqsadida joriy etilishi kerak bo‘lgan tizimlardan biri – piyoda tugmalari tizimidir. Bu tizim, odatda, chorrahalarda, piyodalar o‘tish joylarining chorrahasiz kirish va chiqish joylarida doimiy yoki kunning ma'lum vaqtlarida piyodalarning xavfsiz o‘tishini ta'minlash maqsadida o‘rnatiladi. Albatta, chorrahalarning signalizatsiya tizimini transport zichligi va undan foydalanish nisbatiga ko‘ra joriy etish kerak.
Muqobil yo‘llarni ko‘paytirish
Tirbandliklarning eng asosiy sabablaridan biri muqobil yo‘llar mavjud emasligidir. Avtomobillar shaharning eng gavjum nuqtalariga muqobil marshrutlar orqali kela olishi va hududni yana alternativ yo‘nalishlarda tark eta olishi lozim. Bu – transport muhandisligi tomonidan tavsiya qilinadigan yechimlardan biri.
Qolaversa, falokat va urush paytlarida shahar aholisi to‘planadigan favqulodda vaziyatlar hududi va bu hududlarga olib boruvchi muqobil yo‘llar shaharning bosh rejasida hisobga olinishi kerak.
Yo‘llarni kengaytirish va estakadalar qurish
Tor va keyinchalik toraygan yo‘llar, shuningdek, chorrahalar eng yuqori darajadagi tirbandlik kuzatiluvchi joylardir. Ayniqsa, ma'lum bir nuqtadan keyin qatorlarining soni kamayib, torayib boruvchi yo‘llarda tirbandlik yuzaga kelishi muqarrar. Shuning uchun yo‘l rejalarini tuzishda mana shunday tor og‘izli yo‘llardan iloji boricha qochishga urinilgani ma'qul.
Asosiy yo‘llarimizning avtomobil zichligini ko‘tara oladigan darajada keng emasligi ham yana bir muammodir. Bunday tor yo‘llarda ko‘rilishi lozim bo‘lgan muhim ehtiyot choralaridan biri – transport vositalari yo‘l chetiga qo‘yib ketilishining oldini olish va buni nazorat qilishdir.
Chorrahalarimizning turli yo‘nalishlardan keladigan avtomobillar oqimiga javob bera olmasligi ham jiddiy noqulaylik tug‘diradi. Shu bois, chorrahalarga yerosti yo‘llari yoki estakada (transport vositalari va piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘llar yer sirtidan ma'lum balandlikda o‘tkaziladigan inshoot; ko‘prik – tahr.) qurish orqali turli marshrutlardagi avtomobil yo‘llari kesishishining oldini olish mumkin.
Avtomobillar turar joylarini ko‘paytirish. Park and Ride tizimini rag‘batlantirish
Katta shaharlarda, xususan, poytaxtda avtotransportlar soni ko‘payishi avtomobil to‘xtash joylarining ortishi bilan parallel emas. Tabiiyki, «stoyanka»larning yetarli emasligi yo‘llarda noqonuniy to‘xtab turish holatlari ko‘payishiga olib keladi. Bu holat o‘z navbatida, transport bilan bog‘liq muammolar yanada murakkablashishiga sabab bo‘ladi.
Aksar mamlakatlarda, masalan, Angliyada, shuningdek, Turkiyaning Istanbul shahrida Park and Ride tizimi orqali bu muammoga yechim topishga va bu bilan odamlarni jamoat transportiga yo‘naltirishga alohida e'tibor qaratiladi. Park and Ride tizimiga ko‘ra, shahar markaziga mashinada boradigan insonlar avtomobillarini jamoat transporti stansiyalarida joylashgan bepul yoki chegirmali avtoturargohlarda qoldirib, yo‘lning qolgan qismini jamoat transportida davom ettirishadi. Albatta, bu tizimdan foydalanish orqali yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish mumkin.
Qolaversa, ko‘p qavatli yoki yerosti avtoturargohlar insho etish, shuningdek, yangi turar joylarda avtoturargohlar qurilishini majburiy holga keltirish mavjud ehtiyojlarni qondirish bilan bir qatorda kelgusida avtotransportlar sonining ko‘payishiga javob beruvchi infratuzilma yaratilishi uchun asos bo‘ladi.
Jamoat transportini rivojlantirish
Bu – eng og‘riqli nuqtalarimizdan biri. Bu borada poytaxtdagi umumiy manzaraning naqadar ayanchli ekanini so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan video va suratlardan ham payqash qiyin emas.
Yo‘llar tirbandligidagi asosiy «ulush»ni shaxsiy transport vositalari tashkil qiladi. Buning oldini olish yo‘llaridan biri – jamoat transporti sonini ko‘paytirish va jamoat transportidan foydalanish foizini orttirishdir.
Bu jarayonda, albatta, aholining mentaliteti, o‘ziga xosligi kabi ba'zi omillar hisobga olinishi lozim. Masalan, ijtimoiy odatlar o‘rganilgan bir tadqiqotda jamoat transportini afzal ko‘rish sabablari orasida quyidagi parametrlar oldingi planga chiqishi aytiladi:
- avtobus yo‘nalishida narx;
- mikroavtobus yo‘nalishida chiqish va tushish nuqtasi orasidagi yaqinlik;
- temir yo‘l transportida tezlik va narx;
- taksida tezlik va qulaylik.
Jamoat transporti bilan bog‘liq muammolarni kamaytirishda quyidagilarni amalga oshirish muhim o‘rin tutadi:
- jamoat transporti sonini ko‘paytirish;
- jamoat transporti vositalarini eng gavjum soatlar – ishga borish va ishdan qaytish vaqtida ko‘paytirish;
- temir yo‘l transporti, xususan, metro liniyalarini jamoat transporti yetarli bo‘lmagan hududlarga qadar uzaytirish;
- shaharning ichki avtobus yo‘nalishlarini, ularning qatnov oraliqlarini va masofalarini aholining zichlik darajasi va ehtiyojiga ko‘ra qaytadan rejalashtirib chiqish.
Shahar ichida turli markazlarni tashkil etish
Yagona markazli shaharlarda aholining katta qismi ish, uy, jamoat ishlari, transport almashinuvi kabi bir qator sabablar tufayli markaz tomon oqadi. Bunday vaziyatda shahar markazi odamlar va transport vositalarining jiddiy bosimi ostida qoladi. Shaharning bosh rejasi tuzilayotganda ushbu bosimni kamaytirish maqsadida boshqa hududlarda ham barcha turdagi qulayliklarga ega, davlat muassasalari, yangi binolar, oliy o‘quv yurtlari va shu kabilarni o‘zida jamlagan kichik markazlarni yaratish va shu orqali shahar markazidagi tirbandlikni kamaytirib, shaharni ko‘p markazli hududga aylantirish mumkin.
Yo‘llarni yangi uy-joylarga muvofiq tartibga solish
Ayniqsa, keyingi yillarda ko‘p qavatli, o‘z ijtimoiy obektlariga ega bo‘lgan hashamatli uy-joylar qurilishi natijasida poytaxtimizning qiyofa-tuzilishi tubdan o‘zgarib bormoqda.
Aytish lozimki, bu uy-joy loyihalari katta zichlikni hisobga olmagan holda rejalashtirilgan, kelajak tugul bugunoq tirbandlikdan tobora bo‘g‘ilib borayotgan yo‘llarimizga jiddiy avtomobil yuklanishini tug‘diradi. Shu bois shahar infratuzilmasi yerdan rejali foydalanishni muvofiqlashtirgan tarzda ishlab chiqilishi kerak. Agar shaharni rejalashtirishda uzoq istiqbolni o‘ylagan holda yangi yo‘llar qurilishiga, talabga javob bermaydigan yo‘llarni qayta ko‘rib chiqishga e'tibor qaratilsa, muammolarni hal qilish mumkin.
Otabek Tillayev,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
16:14 / 14.12.2024
Toshkent avtobuslarida naqd shaklda to‘lov qabul qilish to‘xtatiladi
17:00 / 07.12.2024
Toshkent shahri avtobuslarida naqd pul o‘rniga qanday to‘lov qilish mumkinligi tushuntirildi
12:29 / 30.11.2024