O‘zbekiston | 21:17 / 10.09.2021
10193
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev selektorida BAA vaziri ham qatnashdi. Prezident unga “Bir million dasturchi” loyihasi uchun minnatdorlik bildirdi

Bugun, 10 sentyabr kuni ta'lim sohasiga oid videoselektor yig‘ilishida Birlashgan Arab Amirliklari hukumat vaziri Muhammad Abdulla al-Gergavi ham ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev axborot texnologiyalari va yashil energetika sohasida BAA ko‘rsatayotgan ko‘mak uchun mehmonga minnatdorlik bildirdi.

“Biz raqamli iqtisodiyotni kelgusi besh yilda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy drayveri sifatida belgilab oldik. Bu borada, barcha soha va hududlarda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boshlandi.

Jumladan, hozirga qadar hududlarda 89 ta, tarmoqlarda 200 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi. Joriy yil 8 oyida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar hajmi 2,4 baravarga, ularning eksporti 3,3 baravarga oshib, 26 million dollarga yetdi.

Kelgusi 3 yilda iqtisodiyot sohalarida yana 300 ta yangi loyihani amalga oshirish belgilangan. Bu borada, Dubay Kelajak Fondi ishtirokida “Bir million dasturchi” loyihasini boshladik.

Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 567 ming yoshlar uchun bepul ta'lim olish imkoniyati yaratilib, ularning 217 ming nafari sertifikatlarni qo‘lga kiritdilar.

“Bir million dasturchi” loyihasini samarali amalga oshirishda, Birlashgan Arab Amirliklari ishtiroki katta ahamiyat kasb etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yana bir yorqin ifodasiga aylandi.

Fursatdan foydalanib, zamonaviy ay-ti, qayta tiklanuvchi energiya manbalari kabi eng ilg‘or yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan Birlashgan Arab Amirliklari hukumatiga tashakkur izhor qilaman.

Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari hukumat vaziri Muhammad Abdulla al-Gergavi janoblariga “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirishda ko‘rsatayotgan shaxsiy ko‘magi uchun alohida minnatdorchilik bildiraman”, – dedi prezident.

“Sizga va O‘zbekiston xalqiga samimiy salomimizga yetkazmoqchiman. 2019 yilda boshlangan hamkorligimiz samarali davom etmoqda. “1 mln dasturchi” loyihasi bo‘yicha ham yoshlarimiz qiziqishi juda katta” dedi Muhammad Abdulla al-Gergavi.

Mavzuga oid