23:41 / 15.09.2021
9604

Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘zgardi

Liz Trass / Foto: AP

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson hukumatdagi o‘zgartirishlar doirasida tashqi ishlar vaziri Dominik Raab o‘rniga xalqaro savdo bo‘yicha vazir Liz Trassni tayinladi. Trass, shuningdek, ayollar va tenghuquqlik ishlari bo‘yicha vazir lavozimini saqlab qolgan. Raab esa adliya vaziri lavozimini egallagan.

Ayni vaqtda Trass egallagan lavozim bo‘sh bo‘lib qolmoqda va Jonson unga nomzodlarni ko‘zdan kechirmoqda.

BBC’ning xabar berishicha, Afg‘onistonda toliblar hokimiyatni egallagandan keyin Raab mojaro markazida qolgan. Gap shundaki, u Afg‘onistondan tarjimonlarni evakuatsiya qilish yuzasidan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziriga qo‘ng‘iroq qilmagan hamda Kobul toliblar tomonidan egallangan vaqtda Kiprda o‘z oilasi bilan ta'tilda bo‘lgan. 

Ushbu o‘zgartirishdan keyin Britaniya hukumatidagi 4ta asosiy vazir lavozimidan (tashqi ishlar, ichki ishlar, moliya va mudofaa vazirlari)       ikkitasini ayollar egallamoqda. Avvalroq iste'foga chiqarilishi mumkinligi aytilgan Priti Patel o‘zida ichki ishlar vaziri lavozimini saqlab qolgan.         

Bundan tashqari, hukumatdagi o‘zgartirishlar doirasida ta'lim vaziri Gevin Uilmson, adliya vaziri Robert Baklend va uy-joy qurilishi vaziri Robert Jyenrik o‘z lavozimlaridan ayrilgan.

Gevin Uilmson pandemiya vaqtida britan maktablarida yuzaga kelgan muammolar sababli tanqidga uchrab kelgan. Robert Baklend g‘aznachilik lordi etib tayinlangan va bosh vazir o‘rinbosari lavozimida qolgan. Robert Jyenrik o‘rniga esa Maykl Gouv tayinlangan.

Mavzuga oid
Top